O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra 2 ming 700 nafar mahkum va mahkumalar jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilindi. Ular orasida Marg‘ilon shahar “Tuttagi” mahallasida yashovchi Dilnoza Tojiboyeva ham bor. “Oila va jamiyat” gazetasi muxbiri Dilnoza bilan telefon orqali bog‘lanib, uni temir panjara ortiga boshlagan taqdiri haqida suhbatlashdi.
“QO‘LI KALTA”LIK PAND BЕRDI
– 16 yoshimda o‘rtahol oiladan o‘ziga to‘q xonadonga kelin bo‘lib tushganman, – deya hikoyasini boshladi Dilnoza. – Turmush o‘rtog‘im bilan avvaliga yaxshi yashadik. Ovsinlarim ko‘paygach, ota-onamning qo‘li kaltaligi, o‘rtadagi farq sezila boshladi. Uydagilarga yaxshi ko‘rinish uchun hech qanday mehnatdan qochmasdim. Mehnatdan odam o‘lmaydi, ammo o‘ksiklik qalbni sindirib, qaddimizni egib qo‘yarkan. Shu vajdan tez-tez janjal bo‘lib, uch farzandim ham ko‘zimga ko‘rinmay, otamnikiga ketib qolardim.
Oxiri shu darajaga yetdiki, uyda kimdir salgina ovozini ko‘tarib gapirsa ham asabiylashib, oyoq-qo‘lim qaltirab qolardim. Xo‘jayinim meni Andijonda bir ruhshunosga olib bordi. Ruhshunos shu holatda yashashni davom ettirsam ahvolim yanada og‘irlashishini, hech kimga kerak bo‘lmay qolishimni aytgach, jiddiy davolandim. Muolajalar yaxshi ta’sir qilib, o‘zimni qo‘lga oldim. Qaynona-qaynotamning yordami bilan alohida hovliga ko‘chib o‘tdik. 2013 yil pul topish, qo‘shimcha daromad orttirish maqsadida Toshkentga ishlagani keldim. Chevar bo‘lganim uchun ko‘ylaklar tikib, do‘konlarga tarqatardim. Yaxshi pul topib, o‘zim ham do‘kon ochdim.
“YOMONLAR TUZOG‘IGA ILINDIM”
Xo‘jayinim bolalarim bilan Marg‘ilonda, men esa poytaxtda yashardim. Bolalarimni ko‘rgani tez-tez borib turardim. Xo‘jayinim: “Uyga qayt, bolalarning yonida yasha”, desa, yuragim orqaga tortib ketardi. Yana o‘sha janjalli hayotga qaytishni istamasdim. Erkinlikka o‘rganib qolgandim. Pulim ko‘paygach, qimmat telefon sotib olib, internet tarmog‘iga ulandim va “Odnoklassniki.ru” sayti orqali turli tanishlar orttirdim. Aksariyati o‘zbekistonlik Rossiya fuqarolari edi. Ularning: “Besh kunlik dunyoning zahmatlari va narigi dunyodagi rohatlar”, haqidagi ta’riflari ruhimga allaqanday orom berardi.
2013 yilning iyulida meni Rossiyaning Yekaterinburg shahriga chaqirishdi. Bolalarim, xo‘jayinim, ota-onamni ham o‘ylamay yo‘lga otlandim. Meni Xadicha hamda Umar ismli odamlar kutib olishdi. Bir xonadonda yashab, namoz o‘qishni o‘rgandim, islom ta’limotidan ma’lumotlar berishdi. Xijrat qilishimiz kerakligi haqida gapira boshlashgach, birdan sergaklandim. Beixtiyor “O‘zbekiston” telekanali orqali beriladigan diniy oqimlarga kirganlarning mudhish qilmishlari haqidagi ko‘rsatuvlarni esladim. Suriyaga xijrat qilishga tayyorlay boshlashgach, qochish harakatiga tushdim. Bir amallab Moskvaga kelib, tanishlarim orqali ishga joylashdim.
“DINIY OQIMCHI”LAR CHANGALIDA
Telefon raqamimni o‘zgartirib, eski tanishlarim bilan aloqamni uzdim. Xo‘jayinimga telefon qilib, Moskvaga havo almashtirish uchun kelganimni, chiptaga yetarli pul topsam, uyga qaytishimni aytdim. U: “Tezroq qayt, bolalar seni juda sog‘inishgan”, dedi. Chipta puli topish uchun ishlay boshladim. Aeroportga borib, chipta pulining yarmini to‘lab, “bron” qilib keldim. “Oqimchilar”dan qutuldim, deb xursand bo‘lib yurgan kunlarim bir erkak telefon qilib, qayerda ishlayotganim, uyga qaytish uchun chipta buyurtirganim, hattoki qaysi avtobusda ishga borishimgacha bilishi bu yo‘ldan qaytsam, farzandlarimning tirik qolishiga kafolot yo‘qligini aytib, tahdid qildi. Hech qancha vaqt o‘tmay xo‘jayinim telefon qilib: “Boshqa erkakka nikohlanibsan, agar uyga qaytsang, seni o‘zim o‘ldiraman”, deb qasam ichdi. Internet orqali xo‘jayinimga yolg‘on ma’lumotlarni yetkazishgan ekan. Ular bu ko‘chaga kirganlarni bir muddat qo‘yib yuborib, so‘ng ortidan kuzatisharkan. Tahdidlardan qo‘rqmadim. Faqat erimning yoniga qaytishga betim chidamadi.
Moskva ko‘chalarida bir necha kun tentirab yurdim. Men yomonlarning changaliga tushgan edim. Yana xatoga yo‘l qo‘yib, ular haqida hech kimga ma’lumot bermadim. Agar ichki ishlar xodimlariga xabar berganimda hayotim bu qadar chigallashib ketmasdi.
Nihoyat ularning shartlariga – Turkiya orqali Suriyaga chiqib ketishga rozi bo‘ldim.
“TUN YARMIDA SURIYAGA YETIB KЕLDIK”
Suriya yaqinidagi Xatay viloyati Istanbuldan 18-20 soatlik yo‘l ekan. Xatayda bizni kutib olgan odamlar tun yarmida chegaradan o‘tkazib qo‘yishdi. Safimiz yana kengaydi. Suriyada meni Yekaterinburgdagi odamlar qarshi oldi. Tashlandiq uylarga joylashdik. U yerda menga o‘xshagan ayollar ko‘p edi. Ularning aksariyati yolg‘iz, pulga muhtoj bo‘lib, menga o‘xshab tuzoqqa tushgan edi. Hattoki bolasi bilan kelganlar ham bor edi. Bizni xijrat qilishga tayyorlashdi. Erkaklarni esa avtomat otishga o‘rgatishdi. O‘shanda bolalarimning yoniga tirik qaytishim kerak, deb o‘zimga so‘z berdim. “Oqimchi”lar juda ayyorlik bilan ish ko‘rardi. Men ham ayyorlik yo‘liga o‘tdim. Ularning menga yaqin bo‘lib qolgan ayollariga, agar meni qo‘yib yuborishsa, atrofimga odam yig‘ishimni, safimiz yanada kengayishini aytdim. Ishonchlariga kirdim. Ularning yordami bilan Turkiyaga o‘tdim. Xo‘jayinimga qo‘ng‘iroq qilib, uyga qaytishim uchun yo‘l haqiga pul yuborishini so‘radim. Bank orqali pulni olib, uyimga – bolalarim yoniga qaytdim. Boshimdan kechirganlarimni eshitgan xo‘jayinim ichki ishlar idorasiga borib, aybimga iqror bo‘lishimni talab qildi. Jon shirin ekan, qamalib qolishdan qo‘rqdim. Turmush o‘rtog‘im o‘zi borib, hammasini aytib berdi. Yaxshiyam shunday qilgan ekan. Agar bunga chek qo‘yilmaganida balki...
2013 yil noyabr oyida sudlandim va 8 yilga ozodlikdan mahrum etilib, Zangiota tumanidagi jazoni o‘tash muassasasiga keldim.
MAHALLA QABUL QILMAYAPTI
Qamalganimdan so‘ng erim ham, bolalarim ham ortimdan biror marta borishmadi. Ulardan xafa bo‘lishga haqqim yo‘q. Xo‘jayinim boshqa ayolga uylanib, undan ikkita farzand ko‘rdi. Biroq 2016 yil “orqa miya saratoni” bilan olamdan o‘tdi. Garchi, o‘z og‘zi bilan aytmagan bo‘lsa-da, ko‘zlaridan meni kechirmaganini sezardim. Shu bois vijdon azobi haligacha tinchlik bermaydi.
2017 yil 8 dekabr kuni Prezidentimizninng afv etish to‘g‘risidagi farmoni bilan ozodlikka chiqdim. Hayotimning to‘rt yilu 2 oyi qamoqxonada o‘tdi. U yerdan to‘g‘ri onamnikiga bordim. Qaynonam: “Kelinimizni Prezidentimiz kechirganida men kim bo‘libmanki, kechirmasam”, – dedi. Shu so‘zning o‘zi ko‘nglimni tog‘dek ko‘tardi. Yashashga bo‘lgan istagimni oshirdi.
Ammo muammolar tugagani yo‘q. O‘zim ota uyimda yashab turibman. Katta o‘g‘lim o‘gay onasi bilan yashashni istamay Rossiyaga ishlagani ketgan. Uni ko‘rmaganimga besh yil bo‘ldi. Ikkita farzandim qaynonamning qaramog‘ida. 15 yashar o‘g‘lim o‘rtoqlariga qo‘shilib, maktabga bormay ko‘chada yurgan ekan, ichki ishlar idoralari xodimlari ushlab so‘roqqa tutsa, ayam bilan yashayman, debdi. Xo‘jayinim bilan birga qurgan hovlimizda kundoshim ikki bolasi bilan yashaydi. Qaynonam unga ikki xonali uy olib berib: “Bolalaring hali yosh, sen o‘sha yerda yashab tur, uyni nomingga o‘tkazib beraman”, desa rozi bo‘lmayapti.
Mening farzandlarim katta bo‘lib qolgan. Ro‘zg‘or tebratish uchun harakat qilishim kerak. Bundan keyin farzandlarim bilan chiroyli hayot kechirish niyatidaman. Agar hovlini menga qaytarib berishsa, 2-3 ta tikuv mashinasi o‘rnatib, kichikroq sex tashkil qilib, qo‘shni qizlarni ish bilan ta’minlab, bolalarimga o‘zim egalik qilardim.
Hovli-joyni janjal-to‘polon bilan olish niyatim yo‘q. Mahalla oqsoqoliga shu muammoni yechishda yordam berishini so‘rab murojaat qilsam: “Qaysi vijdon bilan bu yerda yashaysiz”, dedi. To‘g‘ri, xato qildim. Jazoimni oldim. Prezidentimiz afv etdi. Endi odamday yashamoqchiman. Xo‘sh, bu vijdonim bilan qayerda yashashim kerak?!
MUROSA YO‘LI BOR-KU
Dilnoza bilan gaplashgach, Marg‘ilon shahar, “Tuttagi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Jahongir Yunusov bilan telefon orqali bog‘landik. Jahongir Yunusov dastlab Dilnoza bir paytlar mentalitetimizga xos bo‘lmagan ishlar qilgani uchun uni qo‘shnilari qabul qilmasligini, u yo‘q payti bolalariga kundoshi qaragani, endi emizikli bolalari bilan uni “dom”ga ko‘chirib qo‘yish insofdan bo‘lmasligini, qolaversa, ikki ayol o‘rtasidagi muammoni sud hal qilishi lozimligini bildirdi.
Nahotki, ikki ayolni murosaga keltirish shunchalar mushkul ish bo‘lsa? Noto‘g‘ri yo‘ldan borayotgan odamga to‘g‘ri yur, jinoyat sodir etma, deb maslahat berish oson. Uning muammolariga yechim topish uchun esa biroz harakat va bag‘rikenglik zarur. Aks holda o‘rtadagi farzandlar taqdiriga ham chalkashliklar soya solishi mumkin...
Dilnozaning muammolari hal etilishi jarayonini birgalikda kuzatamiz va mavzuga qaytib, bu haqda yana gazetxonlarga ma’lumot beramiz, albatta.
Nigora RAHMONOVA
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi