Vladimir Mayakovskiy nomidagi teatr rejissyori Nikita Kobelev Nukus-Xiva-Buxoro-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab safar qildi va sayohat taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi deb yozadi Sputnik.
Nikita Kobelev Nukus shahri va uning “sahrodagi Luvri” — Saviskiy nomidagi san’at muzeyi haqida o‘tgan yilning aprelida bilgandi. O‘shanda Moskvadagi Mayakovskiy nomidagi teatr rejissyori va uning hamkasbi litvalik dramaturg Maryus Ivashkyavichus shov-shuvlarga sabab bo‘lgan Moskvadagi “Nukus xazinasi” ko‘rgazmasida bo‘lishgandi.
Kobelev va Ivashkyavichus shunda Nukus shahriga sayohat qilishni, u yerdan O‘zbekistondagi turistik shaharlarga borishni niyat qilishgandi.
San’at ortidan O‘zbekistonga
“O‘zbekistonda o‘n kun bo‘ldik. Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukusga borish uchun — u poytaxt Toshkentdan 1200 km uzoqda joylashgan — ikki marta samolyot almashishga to‘g‘ri keldi. Shaharning o‘zi hech narsasi bilan ajralib turmaydi, lekin muzey — mo‘jiza. Uni bir kishi — san’atshunos Igor Saviskiy tashkil etgan. O‘tgan asrning 60-70-yillarida u butun sobiq Ittifoq bo‘ylab o‘sha paytda hech kimga qiziq bo‘lmagan avangardchilar va post-avangardchilar mo‘yqalamiga mansub asarlarni to‘plagan. 60-yillarda uchta xonadan iborat bo‘lgan muzey uchta haybatli binoga aylangan va bugungi kunda bu yerda 90 mingga yaqin kartina saqlanadi”, — deydi Nikita Kobelev.
Kobelev va Ivashkyavichus Nukusdan quriyotgan Orol dengiziga otlanishdi.
“Cheksiz sahrodagi zanglagan kemalarni ko‘rib ko‘zlaringizga ishongingiz kelmaydi. Qurigan dengiz tubida ovozlarni eshitish imkoniyati hayratga soldi. Bizdan yarim kilometr naridagi mayoqda odamlar gaplashib turishardi va biz ularning har bir so‘zini aniq eshitdik. Bu g‘aroyib holatni izohlash qiyin. So‘ngra bir paytlar baliq-konserva zavodi joylashgan shaharda bo‘ldik, hozirda uning to‘rt ming nafar aholisi qanday tirikchilik qilayotgani tushunarsiz”, — deydi rejissyor.
“Sahrodagi zanglagan kemalar — sovet hukumati boshqaruvining oqibati degan his uyg‘onadi. Kemalar bor, dengiz esa yo‘qolib ketgan”, — deydi Kobelev.
Sahroda ham go‘zallikka guvoh bo‘lish mumkin
So‘ngra rejissyor va dramaturg Xiva-Buxoro-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab yo‘lga chiqishdi.
“Menga ko‘proq Buxoro yoqdi. Biz nafaqat turistlarga xizmat ko‘rsatiladigan, balki oddiy odamlar yashaydigan qadimiy shaharga kelib qoldik. Lekin globalizatsiya hammaga ta’siri o‘tkazgan. Xiva — butunlay turistik shahar. Samarqand — ancha zamonaviy va Rossiyadagi shaharlardan unchalik ajralib turmaydi. Lekin moviy gumbazlar va Registonning o‘ziga xos me’morchiligi hayratga soladi”, — deydi rejissyor.
Kobelev Ivashkyavichyus bilan O‘zbekiston bo‘ylab mashinada sayohat qilishdi. Hattoki shunday uzoq yo‘l ham sayohatchilarga rolhat bag‘ishlagan.
“Xivadan Buxorogacha sakkiz soat yo‘l yurasiz — bu olti yuz kilometr. Lekin yo‘l yurishingizga arziydi. Ovqatlangani kafega kirasan, atrofing faqat sahrodan iborat va boshqa hech narsa yo‘q — go‘zallik!”.
Moskvalik mehmonlarning sayohati Toshkentda nihoyasiga yetdi. Ular sovet davrida tashkil etilgan mustaqil va mashhur “Ilhom” teatrida bo‘lishdi.
“Biz hamkasblarimiz bilan avvalroq gaplashib qo‘ygandik, bizni juda iliq kutib olishdi. U yerda ”It yurak“ spektaklini tomosha qildik”, — hikoya qiladi Kobelev.
Toshkent sayohatchilarda unchalik katta taassurot qoldirmadi — rejissyorning aytishicha, bu yerda qadimiy inshootlar deyarli yo‘q ekan.
Sharq bo‘yicha mutaxassislar
Rejissyor va dramaturg ushbu sayohatdan yana bir maqsadni ko‘zlashgandi — haqiqiy o‘zbek taomlaridan bahramand bo‘lish. Kobelev va Ivashkyavichyus haqiqiy palov, manti, lag‘monni totib ko‘rishdi. Ammo rejissyorning aytishicha, “o‘zbek taomlari ular uchun og‘irlik qilar ekan”.
Moskvaga qaytgach, Kobelev va Ivashkyavichyus Nukusda ijod namunalari bo‘lgan rassomlarning boshqa kartinalarini tomosha qilish uchun Sharq muzeyiga kirishdi.
“Ikkimizning suhbatimizga bir ayol diqqat bilan quloq solib turgan ekan. Nihoyat u chiday olmay so‘radi: ”Bularning barini qayerdan bilasizlar?“ O‘zbekistondan qaytganimizdan so‘ng biz Sharq san’ati bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ketibmiz”, — kuladi Nikita Kobelev.
Qayd etish joiz, Moskvadagi Sharq muzeyida ko‘plab kartinalar kolleksiyasi, Markaziy Osiyo xalqlarining milliy kiyim va bezaklari saqlanadi. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi