The Mirror nashrining yozishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp va uning rafiqasi Londonga uchayotgan paytda xavoda jiddiy holat qayd etilgan. Prezidentni olib ketayotgan Boeing 747 havo borti Nyu-York osmonida Spirit Airlines aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti bilan bir bahya masofada to‘qnashib ketishi mumkin edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aviadispetcherlar vaziyatning xavfli tus olishini darhol anglab, Fort-Loderdeyldan Bostonga yo‘l olgan Spirit 1300 reysi uchuvchilariga shoshilinch ravishda yo‘nalishni o‘zgartirish buyrug‘ini berishgan. Shu tufayli samolyotlar bir necha mil masofada ayrilib o‘tgan va xavfsizlik me’yori buzilmagan.
Tramp 16-sentyabr kuni rafiqasi bilan Buyuk Britaniyaga davlat tashrifi bilan yo‘l oldi. Bu uning tarixdagi ikkinchi bor rasmiy safaridir. Birinchi tashrif 2019-yilda amalga oshirilgan. Ta’kidlash joizki, undan avval hech bir Amerika prezidenti qirollik protokoli asosida bunday darajada taklif qilinmagan edi.
Prezidentlik juftligini 17-sentyabr kuni Vindzor qasrida qirol Charlz III tantanali ravishda kutib oldi. Safar doirasida Tramp Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Manbalarga ko‘ra, Vashington va London ushbu tashrif davomida 10 milliard dollardan ortiq qiymatda iqtisodiy shartnomalar imzolashi kutilmoqda. Bu kelishuvlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!