date

O‘zbekistonda O‘RI holati past ko‘rsatkich bilan kuzatilmoqda

O‘zbekistonda O‘RI holati past ko‘rsatkich bilan kuzatilmoqda

O‘zbekistonda o‘tkir respirator infeksiyalar (O‘RI) bilan bog‘liq holat barqaror tarzda nazorat ostida qolmoqda. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda mamlakatda kasallanish ko‘rsatkichlari ko‘p yillik epidemik me’yordan 36,5 foizga past darajada qayd etilmoqda.

Shu bilan birga, Rossiya va qo‘shni davlatlarda O‘RIning mavsumiy yuqori ko‘tarilishi kuzatilayotgani ma’lum qilindi. Bu holat aviaqatnovlar, mehnat migratsiyasi va xizmat safardalari orqali infeksiyaning mamlakatga kirib kelishi hamda tarqalish xavfini oshirishi mumkinligiga urg‘u berildi.

Qo‘mita ta’kidlashicha, O‘zbekistonda epidemik vaziyat muntazam ravishda kuzatuvda turibdi. Gripp va O‘RI turlarini aniqlash maqsadida virusologik tekshiruvlar olib borilmoqda. Hozirgi kunda qo‘mitaning tasarrufidagi 15 ta maxsus virusologiya laboratoriyasi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ular orqali gripp va unga o‘xshash kasalliklarni tashxislash amalga oshiriladi.

Yosh toifalari bo‘yicha tahlil qilinganda eng yuqori kasallanish holati 0–1 yoshli bolalar orasida aniqlanmoqda. Shuningdek, respublikada gripp va O‘RIga doir umumiy epidemiologik vaziyat hozircha barqaror bo‘lib, Sanepidqo‘mita tomonidan to‘liq nazoratda saqlanmoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, aholi ehtiyotkorlik qoidalariga amal qilishi va mavsumiy profilaktika tadbirlariga jiddiy e’tibor qaratishi infeksiya tarqalishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda O‘RI holati past ko‘rsatkich bilan kuzatilmoqda