20Minutos nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Ispaniya milliy terma jamoasi 2026-yilda o‘tkaziladigan jahon chempionatida ishtirok etmasligi ehtimoli paydo bo‘ldi. Bu borada asosiy bahs va tortishuv sababi sifatida turnirda Isroilning qatnashishi ko‘rsatilmoqda.
Ispaniya sotsialistik ishchi partiyasi vakili Pachi Lopes parlament majlisida ushbu variant kelgusi vaqtlarda kun tartibiga chiqishi mumkinligini ta’kidladi.
Shuningdek, hukumatning rasmiy vakili Pilar Alegriya ham bu masalaga munosabat bildirib, juda qat’iy fikr bildirdi:
«Sport — hayotdan uzilgan, voqelikdan uzoq bir orol emas. Agar inson huquqlari ommaviy ravishda buzilayotgan bo‘lsa, sport ham bu holatga ko‘z yumib, bir chetda turishi mumkin emas», — dedi u.
Alegriya xalqaro sport tashkilotlari va federatsiyalarini Isroilni musobaqalardan chetlatishga ochiqdan ochiq chaqirdi.
Eslatib o‘tish joiz, 2026 yilgi jahon chempionati 11 iyun kuni start olib, 19-iyulga qadar davom etadi. Unda dunyoning turli burchaklaridan yo‘llanma olgan 48 ta terma jamoa qatnashishi kutilmoqda.
Shu tariqa, Ispaniyaning nufuzli jahon chempionatida qatnashmasligi nafaqat sport, balki siyosiy maydonda ham katta tortishuv va bahslarga sabab bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!