date

Rossiya migratsiya siyosatida qat’iy cheklovlarni kuchaytiradi

Rossiya migratsiya siyosatida qat’iy cheklovlarni kuchaytiradi

Rossiya hukumati migratsiya siyosatida yanada qattiqroq choralarni amalga oshirish niyatida. Bu haqda iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov ma’lum qilib, mamlakat pozitsiyasini ochiq ifoda etdi:

«Biz migratsiya masalasiga «keldi – ishladi – ketdi» tamoyili asosida qaraymiz. Bu yerda asosiysi shunchaki mehnat qilib, pul topish va ketish jarayoni. Oilalarni olib kelish bu tizimda zarur emas, biz o‘z fuqarolarimiz bo‘lmaganlarni o‘qitish yoki ta’minlash majburiyatini olishga tayyor emasmiz», — dedi vazir.

Sentyabr oyida Davlat Dumasiga kiritilgan qonun loyihasiga ko‘ra, mehnat migrantlariga o‘z oila a’zolarini Rossiyaga olib kelish taqiqlanishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada migrantlarga bo‘lgan munosabat 2024-yil mart oyida «Krokus Siti Xoll»da ro‘y bergan qonli terrorchilik hodisasidan keyin sezilarli darajada yomonlashgan edi. Hukumat bu jarayondan so‘ng ularning huquqlarini cheklovchi turli qonunlarni bosqichma-bosqich qabul qilishni boshladi.

Rasmiylar migrantlar iqtisodiyot uchun zarur ekanini tan olishsa-da, ular uchun qo‘yiladigan talablarni tobora kuchaytirayotganini yashirishmayapti.

Hukumatning rasmiy tushuntirishicha, migrantlar oila a’zolarining kirishi taqiqlanishi mamlakat ijtimoiy infratuzilmasiga ortiqcha bosim tushirmaslik maqsadida amalga oshirilmoqda.

«Albatta, mehnat migrantlarini jalb qilish zarur, ammo biz boshlagan jarayonni to‘liq yakunlashimiz shart», — deb qayd etdi Reshetnikov.

Shu tariqa, Rossiyaning yangilangan migratsiya siyosati mehnat bozorida talab mavjudligini saqlab qolgan holda, ichki ijtimoiy muvozanatni muhofaza qilishga qaratilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya migratsiya siyosatida qat’iy cheklovlarni kuchaytiradi