Qozog‘istonda so‘nggi bir yildan ortiq vaqtdan beri Egov mobile ilovasi orqali ishlab kelayotgan “Stop Kredit” xizmati ko‘plab fuqarolar uchun ishonchli to‘siqqa aylandi. Jibek Joly telekanali tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, bu xizmat birinchi navbatda firibgarlardan himoyalanishning samarali mexanizmi sifatida ko‘rilmoqda, deb yozmoqda Kazinform.
Har qanday Qozog‘iston fuqarosi Egov mobile ilovasiga kirib, o‘z xohishi bilan kredit olishdan voz kechishi mumkin. Bu cheklov fuqaroning nomidan hech kim qarz olishini imkonsiz qiladi.
Rasmiy raqamlarga ko‘ra, xizmat ishga tushirilganidan buyon uch milliondan ziyod odam ixtiyoriy ravishda kreditdan bosh tortgan. Shu tariqa ular o‘zlarini ehtimoliy firibgarlikdan himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishgan.
Shuningdek, xizmatda cheklovni istalgan vaqtda bekor qilish imkoniyati ham mavjud. Ammo muhim jihat shundaki, agar shaxs “bekor qilish” tugmasini bosgan bo‘lsa ham, agar firibgarlar uning nomiga kredit olishga muvaffaq bo‘lsa, banklar bu qarzni sud yoki tergovsiz hisobdan chiqarishi shart.
Moliyaviy xavfsizlikka doir bunday xizmatlar aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Ayniqsa, bugungi raqamli davrda shaxsiy ma’lumotlar va moliyaviy operatsiyalar bilan bog‘liq firibgarliklar soni ortib borayotgani sharoitida “Stop Kredit” xizmati fuqarolar uchun muhim himoya vositasiga aylanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda qoramol va qo‘y xarid qiladigan fuqarolarga 5 foizli imtiyozli kreditlar taqdim etilishi ham rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!