08:03 / 12.04.2018
5 916

21:36gacha davom etgan sud ishi: MXX tergovchilari ko‘rsatma berdi

21:36gacha davom etgan sud ishi: MXX tergovchilari ko‘rsatma berdi
11 aprel kuni Jinoyat ishlar bo‘yicha Toshkent shahar sudi binosida​ jurnalist Bobomurod Abdullayev, o‘qituvchi va blogger Hayotxon Nasriddinov, tadbirkorlar Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayevlar ustidan olib borilayotgan navbatdagi sud majlisida MXX (ayni paytda DXX) tergovchilari ham ko‘rsatma berdi. Bu haqda sud majlisida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Avvalroq, sud majlisi 11 aprel kuni soat 11:00da davom etishi belgilangan bo‘lsa, shu kuni sud ishi soat 14:00ga ko‘chirildi. Shunday qilib, noodatiy ravishda, ishni ko‘rib chiqish soat 21:36gacha davom etdi. MXX tergovchilari Timur Yakubov, Nodir Muhitdinov, Aleksey Veselov va yana bir nafar (Kun.uz muxbiriga ismi noma’lum) xodim guvoh sifatida sud majlisida ko‘rsatma berdi. Prokuror Qobilov xodimlarning konspiratsiya tamoyili asosida faoliyat yuritishini ta’kidlab, ishning mana shu epizodini yopiq sud majlisi tarzida davom etishini iltimos qildi.

Sudya davlat ayblovchisining iltimosini qanoatlantirdi. Shundan so‘ng, sud majlisida ishtirok etayotgan kuzatuvchi, jurnalist, xorijiy diplomatik korpus vakillari hamda sudlanuvchilarning yaqin qarindoshlari binodan chiqib ketdi. Sudlanuvchi Bobomurod Abdullayevning advokati Mayorov sud majlisi tanaffus e’lon qilgach, MXX tergovchilarining ko‘rsatmasi bir-biridan deyarli farqlanmaganini bildirdi.

«Sud majlisida guvoh sifatida ko‘rsatma bergan MXX tergovchisi ancha bosiqlik bilan barcha savollarga javob berishga harakat qildi. Shuningdek, ularning ko‘rsatmalari orasida ixtilofli vaziyatlar ko‘zga tashlanmadi. Bir narsaga oydinlik kiritish qolmoqda, ya’ni Bobomurod Abdullayev va u bilan qamoq ehtiyot chorasida qolayotgan sudlanuvchilar qachon qo‘lga olingandi?

MXX tergovchilarining nazdida sudlanuvchilar, avvalo tushuntirish xati yozib bergan, keyin sanksiya bilan ikki kun o‘tib qo‘lga olingan. Mantiqan o‘ylab qarasangiz, tergovchilar Usmon Haqnazarov taxallusida maqolalar e’lon qilgan shaxs kimligini bila turib, undan tushuntirish xati olish bilan kifoyalangan, oradan ikki kun o‘tib qamoqqa olgan»​, deydi advokat Mayorov.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan advokat Dilshod Jabborov ham guvohlarning ko‘rsatmalaridan ko‘ngli to‘lganini bildirdi.

«Mazkur ishga aloqador bo‘lgan barcha ashyoviy dalillarning asli DXX (sobiq MXX) Tergov boshqarmasi arxivida saqlanmoqda. «O‘rma»​ rejasi elektron matn shaklida fleshka xotirasiga saqlangan. Hujjatni (Word faylning yaratilishi - tahr.) tug‘ilish payti aniqlanishi lozim, u juda ko‘p hujjatlarda har xil berilgan»​, deydi u.

Eslatib o‘tamiz,«O‘rma»​ rejasi​ elektron matn shaklida fleshka xotirasida 2017 yilning 14 oktyabrida yaratilgani haqidagi ma’lumot oshkor bo‘lgandi. Ya’ni Bobomurod Abdullayev qamoqqa olinganidan so‘ng, hukumatni ag‘darish va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish kabi harakatlari ifodalangan reja matni Abdullayevga tegishli deb gumon qilingan feshka xotirasida o‘tgan yili 14 oktyabrda yaratilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 21:36gacha davom etgan sud ishi: MXX tergovchilari ko‘rsatma berdi