date
views 5 818

Kadrlar tanlashda qarindosh-urug‘chilik metodlari yoxud ehtiyot bo‘ling, nepotizm!

Kadrlar tanlashda qarindosh-urug‘chilik metodlari yoxud ehtiyot bo‘ling, nepotizm!
Jadallik bilan o‘zgarayotgan dunyo hozirgi kunda xatolarni kechirmaydi. Endi rivojlanish yo‘liga kirayotgan davlatda esa xatolar yanada ayanchli oqibatlarga olib keladi. Shunday xatolardan biri korrupsiyadir.

Bu illatning bir necha ko‘rinishlari, turlari mavjud. Bular bir-birlaridan ma’lum ma’noda farq qilsa-da, oqibati hamisha fojialidir. Korrupsiyaning eng xavfli ko‘rinishlaridan biri bu – nepotizmdir.

Nepotizm o‘zi nima?

Nepotizm so‘zi uzoq tarix, “Renessans Italiyasi”ga borib taqaladi. Ushbu davrda Rim papalari o‘z hokimiyatini mustahkamlash maqsadida yuqori cherkov mansablarini o‘zining qarindoshlariga “ulashgan”. Birinchi bo‘lib Papaning jiyanlari bu “himmat”ga munosib ko‘rilgan. So‘ngra, sekin-asta ularning o‘g‘illari va boshqa qarindoshlar bundan “bahramand” bo‘lishgan va buni ortidan bir necha sulolalar paydo bo‘ldi (Orsini, Medichi, Bordja). Keyinchalik XVII asrda Rim Papasi Innokentiy XII davrida kardinallar tarkibida faqat bir “nepot” bo‘lishi belgilab qo‘yildi.

Italyanchada “jiyan” so‘zi nepotismus hisoblanadi. Shu sababli, qarindosh-urug‘chilikning nepotism sifatida atalishi dunyo hamjamiyatida ommalashdi.

Tarix tilga kirganda

Nepotizmga tarixdan misollar keltiradigan bo‘lsak, sobiq ittifoq davlatida Brejnev davri bu illat juda avj olganligi bilan eslanadi. Hattoki, xalq orasida shunday qochirim gap yurgan: “Bu yerda begonalar yurmaydi” (chujiye zdes ne xodyat). Partiya va davlatning yuqori lavozimlari “begona” qilinmagan.

O‘zining inson huquqlari va demokratiya himoyachisi sanalmish AQSh davlati ham bu illatdan begona emas. Masalan, Ullis Grant davrida uning qarindoshlari oz emas ko‘p emas 40 mansabga “munosib” ko‘rilgan. Bushlar oilasi davrida bunday ro‘yxatga misollar ko‘p. Masalan, Federal Saylov Komissiyasi raisligi, bosh mehnat prokurori, Mehnat Kotibi, Menejment va Byudjet tashkiloti bosh konsuli kabi mansablar amaldorlarning qarindoshlariga “ishonib topshirilgan”.

XX asr Yaqin Sharqda korrupsiyaning bu ko‘rinishi juda urf bo‘lgan. Buni ayniqsa Iroq davlatida Saddam Husayn paytida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Muammar Kaddafiyning o‘g‘li esa mamlakat futbol federatsiyasini boshqargan.

Taklif

Sharq falsafasi har bir jabhada boshqa sivilizatsiyalarga o‘rnak bo‘lishi mumkin. Bu mavzuda ham Xitoy falsafasi otasi Konfutsiy ta’limotidan javob topish mumkin. Uning ta’limotiga ko‘ra, bu illatni oldini olish uchun avvalo ta’lim sohasiga e’tibor qaratish lozim. Oliy ta’lim, o‘rta maktabdan tashqari aynan rahbarlik uchun maxsus ta’lim joriy etilgan. Biror lavozimga tayinlanishi uchun albatta Imperator imtihonidan o‘tishi lozim bo‘lgan.

15 yil muqaddam Xitoyda bu imtihonlar yana qayta tiklangan. Bu narsa korrupsiya va nepotizmning o‘q tomiriga bolta urgan. Albatta, butunlay yo‘q bo‘lib ketmagan, ammo yuqori lavozimni egallash imkoniyati “qora xalq” vakillarida ham paydo bo‘lgan.

Bunday tizimga qisman o‘xshash tuzilma bizda ham mavjud. Prezident qoshidagi Davlat boshqaruv akademiyasi bu vazifani o‘z bo‘yniga olgan. Ya’ni, velosipedni qaytadan ixtiro qilish shart emas, bunday tizim oldindan bor. Lekin, bu tizimning ishlash samaradorligi, tayyorlagan kadrlari hali ko‘zga tashlanmadi.

Mansabga tayinlash bo‘yicha ham Xitoy tajribasidan foydalanish samarali deb o‘ylayman. Yuqori malakali akademiklardan tuzilgan Komissiya tashkil etilib, ularning faoliyatini mustaqil shaklda olib borishini qonun orqali mustahkamlash lozim. Xitoyning iqtisodiy o‘sishi ham xuddi shunday komissiya tanlagan kadrlar sabab, albatta. Mamlakat va xalqning ahvoli o‘sishda ham, pasayishda ham inson bosh omil hisoblanadi.

Bu illat bizning mamlakatda mavjud emas deb maqtana olmaymiz. Bizdek potensiali yuqori mamlakatning past iqtisodiy ko‘rsatkichlari vaziyatni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Ammo, islohotlar boshlandi va butun boshli tizimlarni egallagan “sulolalar” o‘rnini iqtidorli kadrlar egallayotgani o‘z samarasini berishiga umid qilamiz.
Bahodir Ahmedov

Manba: Kun.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kadrlar tanlashda qarindosh-urug‘chilik metodlari yoxud ehtiyot bo‘ling, nepotizm!