16:22 / 02.03.2019
8 237

Poytaxtni Jizzaxga koʻchirish taklifini bergan yozuvchi: Mirziyoyevga “paxta” qoʻymaganman

Poytaxtni Jizzaxga koʻchirish taklifini bergan yozuvchi: Mirziyoyevga “paxta” qoʻymaganman
Yozuvchi Evril Turonning (Mamadali Mahmudov) poytaxtni Toshkentdan Jizzaxga koʻchirish taklifi ijtimoiy tarmoqlarda turlicha talqin qilindi. “Minbar.uz” yozuvchi bilan bogʻlandi va uning taklifi prezidentga “paxta qoʻyish” sifatida baholanayotganiga munosabatini soʻradi.

“Birinchidan, men hukumat tepasidagilarni uncha yaxshi bilmayman. Ikkinchidan, 1993 yildan beri Shavkat Mirziyoyevni taniyman. Lekin qamalganimdan keyin boshqa koʻrmaganman. Internetda chiqqan ʻPaxta qoʻyibdi, maddohʻ kabi iddaolarni oʻqib berishdi. Men qanday boʻlsam shunday yozaman. Birovga maddohlik qilish mening zehniyatimga yot. Islom Karimovni yomon dedimmi, yomonligicha qamalib chiqdim. Mirziyoyevning gʻayratli, ishchan odam ekanini bilaman, oʻsha paytlarda buni oʻz koʻzim bilan koʻrganman. Universitetning rektori mening sinfdoshim Abdurahmon Rajab edi. Sodiq doʻstlarim bor edi, shular orqali Mirziyoyevni taniganman, suhbatlashganman. Hokimiyatga kelgan vaqtidanoq Mirziyoyevni yuragimdan maqtaganman, qoʻllagan boʻlsam yuragimdan qoʻllaganman. Ismat Xushevga va chet eldagi boshqa doʻstlarimga «bu odam 20 soatlab ishlaydi, nihoyatda harakatchan odam” deb aytganman. Rostan ham ishlayapti, hammamiz yakdil boʻlib Prezidentga yordam berishimiz kerak. Hammada kamchilik boʻlishi mumkin, hech kim qusurdan xoli emas», – deydi yozuvchi.

Evril Turon poytaxtni koʻchirish haqidagi taklifiga ham izoh berdi:
«Toshkentning poytaxtga aylantirilgani haqida turli versiyadagi maʼlumotlar yuradi. Baʼzi manbalarga koʻra Toshkent Kremlning qutqusi bilan poytaxtga aylantirilgan. Poytaxtni almashtirish taklifi mening bir fikrim edi, bu mening gapim toʻgʻri degani emas. Kimdir boshqa fikr aytadi, yana kimdir mutlaqo boshqa fikr aytadi. Jamiyat fikr almashuv bilan rivojlanadi. Poytaxtni koʻchirish masalasiga toʻxtalsak, poytaxtni Samarqandga koʻchirib boʻlmaydi. Chunki u yerdagi hamma eski uylarni buzishga toʻgʻri keladi. Eski mahallalardagi turli tilda gaplashuvchi mahalliy aholini kengliklarga koʻchirish kerak. Samarqand ochiq muzey shahri boʻlishi lozim.

Toshkent shahri Istanbul, Olmaota, Nyu-York kabi shaharlardek bir ulugʻvor shahar sifatida qolaveradi. Bu uning nufuziga, rivojlanishiga toʻsiq boʻlmaydi. Poytaxt nisbatan oʻrtaroqda boʻlishi maʼqul, oʻrtaliq deb Navoiyni aytishimiz mumkin, lekin mening nuqtai nazarimga koʻra, balki xato qilayotgandirman, eng qulay joy Gʻallaorol bilan Bulungʻurning orasidir. Shu joy hamma viloyat uchun oʻrtaliq va qulay deb oʻylayman. U yerning ob-havosi oʻzga bir dunyo. Pomir tizmalaridan Gʻoʻbdin togʻiga qadar kenglikda qurish mumkin. Hech joy buzilmaydi. Shaharlar shunday tugʻiladi. Hozirgi buzib qurilayotgan pulga buni qursa boʻladi va bu taklifni ʻOʻzbekiston iqtisodiy qudrat choʻqqisiga chiqqandaʻ deb aytganman. Men oʻzimni mutlaq haq demayman, bor-yoʻgʻi bir nisbiy fikr tashlaganman, xolos. Kimdir eʼtiroz bildirsa buni ham toʻgʻri qabul qilaman».

Yozuvchi poytaxtni koʻchirish taklifining foydali tomonlariga ham toʻxtaldi:
“Poytaxt koʻchirilsa, millat rivojlanadi, davlat rivojlanadi, bitta yangi katta shahar paydo boʻladi. U yerda mahalliychilik ham boʻlmaydi. Masalan, Sirdaryo viloyatida mahalliychilik yoʻq. Biz hali olomonmiz, millat sifatida shakllanmaganmiz. Olmoniya yoki Fransiyada hech kimdan ʻqayerliksan, shaharlikmisan, qishloqimisan?ʻ deb soʻrashmaydi”.

Evril Turon poytaxtni koʻchirish taklifi ortidan boʻlayotgan gap-soʻzlarning sababi taklif mohiyatini tushunmaslik ekanini urgʻuladi:
“Bu taklifni men bir fikr deya berganman. Fikrimning mohiyatini tushunmaganlar esa ijtimoiy tarmoqda, internet saytlarida aravani quruq olib qochishayapti. Baʼzi saytlar esa tushunib-tushunmasdan ʻpoytaxtni koʻchirmoqchiʻ deb yozishibdi. Gap-soʻz qilayotganlar avval esseni toʻliq oʻqib chiqishsin, bu taklifning bir fikr ekanini tushunib yetishsin”.

Shuningdek, yozuvchi Oʻrta Osiyo birligi haqida fikrini aytdi:
“Kelajakda biz Oʻrta Osiyo ellari birligini tashkil qilsak, harbiy birlik, iqtisodiy birlik, yagona pul birligi boʻladi, lekin hamma oʻz holicha qoladi. Bu xuddi Yevropa ittifoqiga oʻxshagan birlashuv boʻladi”.

Mamadali Mahmudov (Evril Turon) 1943 yil 12 dekabrda Forish tumanida tugʻilgan. Qamalishidan oldin Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi kotibi, Oʻzbekiston madaniyat jamgʻarmasi raisi lavozimlarida ishlagan. “Bogʻdon qashqiri”, “Tumanli kunlar”, “Oʻlmas qoyalar”, “Qora doʻlana” kabi kitoblari nashr qilingan. Xorijda “Boʻz boʻri”, “Oq gul” va “Oy nuri” romanlari chop etilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Poytaxtni Jizzaxga koʻchirish taklifini bergan yozuvchi: Mirziyoyevga “paxta” qoʻymaganman