
9 may — Xotira va Qadrlash kuni
Tarix sahifalarida sirliligicha qolib ketayotgan shunday voqealar borki, ularni o‘rganib, to‘lig‘icha xalqimizga yetkazish uchun uzoq yillar qattiq mehnat qilishimizga to‘g‘ri keladi. Masalan, “ko‘hna” va “yangi” zamonlar to‘qnashuvi yillarida, xususan, Ikkinchi jahon urushi davrida, qo‘shni Afg‘onistonda sodir bo‘lgan qirg‘inbarotlar jarayonida jahonning manaman degan razvedkachilariga chap berib, ularni g‘aflatda qoldirib, parokandalikka uchratgan nolegal o‘zbek razvedkachilari haqida nimalar bilamiz?! Shu ma’noda, bugun afsonaviy qahramonlarimizdan biri, o‘zbek razvedkasini jahonga ko‘z-ko‘z qilgan hamyurtimiz Bahrom Ibrohimovning nolegal razvedka borasidagi faoliyati va mislsiz jasoratlarini bor bo‘yi bilan ko‘rsatishimiz lozim, deb o‘ylaymiz.
Aynan shu insonning uzoq yillik mashaqqatli faoliyati tufayli fashistlar Germaniyasi Markaziy Osiyoda “Uchinchi front” deb atalmish qabih rejasini amalga oshira olmagan. Bugun biz bu borada o‘quvchilarga ishonchli manbalarni, haqiqiy tafsilotlarni yetkazish maqsadida mazkur soha mutaxassislaridan biri, Davlat xavfsizlik xizmati faxriysi Po‘latjon Bobomuhammedov bilan suhbatlashdik.
— Po‘latjon aka, siz bilan 9 may — Xotira va Qadrlash kuni bayrami arafasida suhbat qurayotganimizning ramziy ma’nosi bor. Sababi, bu kun insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan o‘sha mash’um Ikkinchi jahon urushida front va front ortida xizmat qilganlar yodga olinadi. Shak-shubhasiz, ushbu urushda g‘animlarga qaqshatqich zarba berib, tor-mor etishda o‘zbek xalqi ulkan hissa qo‘shganligi ayni haqiqat. Jumladan, o‘zbek razvedkachisi Bahrom Ibrohimov fashistlarning “Uchinchi front” ochish rejasini yo‘qqa chiqarishda asosiy shaxs bo‘lgan, desak, mubolag‘a emas. Binobarin, mana shu “Uchinchi front” haqida xalqimizda deyarli hech qanday ma’lumot yo‘q. Uning g‘arazli mazmun-mohiyati nimalardan iborat bo‘lgan?
— Fashistlar Germaniyasining “Uchinchi front” deb atalmish qabih rejasi sobiq Sovet Ittifoqining janubiy chegaralari orqali mamlakatga bostirib kirish, Markaziy Osiyo respublikalarida siyosiy va iqtisodiy vaziyatni keskinlashtirish, mazkur mintaqadagi qonuniy hokimiyatga qarshi unsurlardan foydalanib davlatni zaiflashtirishga qaratilgan g‘arazli niyatlarni nazarda tutgan. Buning uchun ular Eron va Afg‘oniston hududlarida muhojirlar tomonidan tuzilgan millatchilik tashkilotlarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab, ularni yetarli qurol-aslahalar bilan ta’minlab, pirovardida mamlakatimizga qarshi urushga safarbar etishni rejalashtirishgan va mazkur operatsiyaga “Uchinchi front” deb nom berishgan.
Fashistlarning bu rejasini uning ittifoqchilari razvedka xizmatlari qo‘llab-quvvatlagan hamda Eron va Afg‘oniston hududlarida faoliyat ko‘rsatgan rezidenturalari orqali muhojir millatchilik tashkilotlariga Markaziy Osiyo respublikalarida qo‘poruvchilik ishlarini amalga oshirish borasida har tomonlama yordam berishgan.
— Albatta, fashistlarning yashin tezligidagi “Barbarossa” rejasi singari “Uchinchi front”ni ochish haqidagi razil niyatlari amalga oshmay qolishida o‘zbek nolegal razvedkasi sardori Bahrom Ibrohimovning xizmati beqiyos. Lekin gap shundaki, bunday katta ishni amalga oshirish uchun kishidan zukkolik, chuqur bilim va tajriba, bir necha tillarni mukammal bilish, dovyuraklik va ulkan qobiliyat talab etiladi. Shunday emasmi?
— Ayni haqiqatni aytdingiz. Bahrom Ibrohimov nolegal razvedka maydonida tasodifan paydo bo‘lgan emas. U Jaloliddin Manguberdi, sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi afsonaviy qahramonlar yetishib chiqqan o‘zbek diyorida, dunyoning ilm-fan, taraqqiyot tamadduni markazlaridan birida — O‘zbekiston zaminida tug‘ilib, uning quyoshidan nur olgan yetuk insonlar sulolasiga kiradi.
Har bir sohaga nomzod tanlanar ekan, avvalo, uning salohiyati hisobga olinadi. Aql-zakovati, xotirasi, dunyoqarashi va qolaversa, oilada olgan tarbiyasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ana shunday ajoyib xislatlarni o‘zida jo eta olgan, beshta xorijiy tilni ona tilidek o‘zlashtirgan, mohir nolegal razvedkachi, o‘z davrida o‘ziga xos o‘zbek razvedkasi maktabiga asos solgan, bukilmas iroda sohibi Bahrom Ibrohimovning mardligi va jasorati bilan har qancha faxrlansak arziydi. U qalb amri va da’vati bilan mamlakatimiz uchun eng qiyin damlarda dushmanga qarshi kurashchilarning “temir” saflariga kirdi, bor bilimi, zakovati, kuch-g‘ayratini ezgu ishga bag‘ishlab, so‘nggi nafasigacha Vatan himoyachilarining ezgu an’analariga sodiq qoldi.
— Bir suhbatimizda Davlat xavfsizlik xizmati arxivida hamda muzeyida bu inson hayotiga oid juda ko‘p nodir manbalar saqlanadi, degan edingiz. Ularda Bahrom Ibrohimovning yoshligi, oilasi, ta’lim olgan o‘quv yurtlari va qolaversa, qiziqishlari haqida ham ma’lumotlar mavjudmi?
— Siz tilga olgan ma’lumotlar mavjud. Xususan, DXX arxividagi hujjatlarda Bahrom Ibrohimov 1908 yil 5 may kuni Samarqand (hozirgi Jizzax) viloyatining Baxmal tumanidagi Usmat qishlog‘ida tavallud topganligi, ota-onasidan erta yetim qolib, Otajon ismli buvasi qo‘lida tarbiya ko‘rganligi qayd etilgan. Shuningdek, mazkur bitiklarda kuchli xotiraga ega ekanligi ham alohida aytib o‘tilgan. Masalan, Samarqand shahridagi maktab-internatda ta’lim olgan yillarida noyob iste’dodi, ilmga chanqoqligi, xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan salohiyati bilan boshqa tengdoshlaridan ajralib turganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar bor.
1922 yil oktyabr oyida Baxmal tumanidagi o‘rta maktabga o‘sha davrning taniqli jamoat arbobi In’omjon Xidiraliyev tashrif buyurganida, yosh iste’dodli o‘quvchi Bahrom uning nazariga tushadi va natijada aynan shu rahbar tavsiyasi bilan bilim va iqtidorini yanada mustahkamlashga imkoniyatlar yaratiladi. Natijada Ozarbayjonning Ganja shahridagi pedagogika bilim yurtiga o‘qishga jo‘natiladi. Bu yerda ham u tug‘ma iste’dodini namoyish etadi. Usmonli turk va nemis tillarini puxta o‘rganadi, do‘stlari bilan hamkorlikda “Oydin” gazetasini chiqara boshlaydi.
O‘qishni a’lo baholarga tamomlab kelgach, Samarqandda nashr etiladigan “Alanga” gazetasida mas’ul kotib lavozimida ishlaydi. Va bu yerda uning Yo‘qsil taxallusi bilan o‘tli she’rlar bitganini ko‘rishimiz mumkin.
— Tashqi razvedka bo‘yicha tajribali mutaxassislar, ekspertlar Bahrom Ibrohimovning nolegal razvedkaga — o‘ta murakkab va qiyin ishga jalb etilishining asosi nimada ekanligiga katta qiziqish bildiradilar. Chunki bu sohaga hamma ham taklif etilmaydi, odatda, bunday ishlarga ming bir sinovlardan o‘tgan o‘ta yuqori saviyali, bilimli va uddaburon, har qanday vaziyatdan imkon topib chiqib keta oladigan shaxslargina qabul qilinadi.
— Haq gapni aytdingiz, umuman, maxsus xizmat tizimiga, ayniqsa, uning tashqi razvedka yo‘nalishiga nomzod tanlashda hamma zamon va davrlarda ham o‘ta jiddiy talablar qo‘yilgan. Aslida, haqiqiy razvedkachi — ona Vatanini jonidan sevadigan, xizmat burchiga nihoyatda sodiq, fidoyi va komil inson bo‘lmog‘i darkor. Bulardan tashqari, razvedkachiga xos fazilatlar: yuksak bilim va eruditsiya (aql-zakovat), voqea va hodisalarni chuqur tahlil etish, o‘zini boshqara olish, bir holatdan ikkinchi holatga o‘tganda sir boy bermaslik, sinchkovlik, kuzatuvchanlik, kam gapirib, ko‘p tinglash kabi jihatlardir.
Shu bilan birga, razvedkachi sanoqli soniyalar ichida yagona va to‘g‘ri qaror qabul qilishga qodir bo‘lishi kerak. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, Bahrom Ibrohimovda yuqorida qayd etilgan eng olijanob fazilatlarning barchasi mujassam edi.
Bundan tashqari, bizgacha yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, Bahrom Ibrohimovning bunday mas’uliyatli kasbni tanlashida o‘sha davrdagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatlarni yaxshi idrok etgan, boy hayotiy va kasbiy tajribaga ega bo‘lgan hamyurtimiz Mirzaxo‘ja O‘rinxo‘jayevning salmoqli hissasi bo‘lgan. Bahrom Ibrohimov uni samimiy ustoz sifatida hurmat qilgan, pand-nasihatlari, ko‘rsatmalari va tavsiyalariga quloq tutgan. Shuni ham e’tiborga olish lozimki, o‘sha davrda, ya’ni 1930-yillarda Markaziy Osiyo respublikalariga, shu jumladan, O‘zbekistonga qarshi razvedkaviy xatti-harakatlar, asosan, Eron, Afg‘oniston va Xitoy hududlaridan turib, Buyuk Britaniya va boshqa xorijiy davlatlar maxsus xizmatlari tomonidan amalga oshirilgan.
Markaziy Osiyo respublikalariga qarshi qaratilgan tajovuzkor kuchlarning payini qirqish, amalga oshirmoqchi bo‘lgan rejalari haqida oldindan ma’lumot to‘plash uchun bir qancha yoshlarning ichidan 24 yoshli Bahrom Ibrohimov nomzodi munosib topilgani uning o‘ta iqtidorli ekanidan darak beradi.
— Shu o‘rinda bir savol tug‘ildi. Navqiron yigitning faqat iste’dodigina hisobga olinmagan bo‘lsa kerak. Shoir, jurnalist, noshir yigit tanlangani ham to‘g‘ridek, nazarimda. Chunki ijodkorligi unga to‘qima tarjimai hol tuzishda, chet elda ziyoli kishilar o‘rtasida obro‘ qozonishida asqatgandek ko‘rinadi. Lekin xorijga chiqarilishi oldidan yana qandaydir maxsus tayyorgarliklardan ham o‘tgan bo‘lishi kerak. Bu to‘g‘rida manbalar bormi?
— Arxiv manbalariga ko‘ra, unga “muhojir” degan to‘qima yorliq ham o‘ylab topilgan. U go‘yoki shoir, yozuvchi va tarjimon bo‘lib, Sho‘ro hokimiyatining “dushmani” sifatida quvg‘inga uchragan va Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasining (OGPU) tazyiqlaridan qo‘rqib, jonini saqlash maqsadida xorijga ketishga majbur bo‘lgan.
Uning xorijiy davlatlardagi 23 yillik faoliyati mobaynida to‘qima tarjimai holi ham, ma’naviy va jismoniy tayyorgarligi ham pand bermaganligi fikrimizning yorqin dalili, deb o‘ylayman. Shu bilan birga, Bahrom Ibrohimov eng og‘ir vaziyatlarda, boshiga ayovsiz azobu uqubatlar tushgan pallada ham ona Vataniga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbati tufayli bardosh bergan. Bu haqda razvedkachimizning o‘zi yozib qoldirgan yon daftarida shunday bitiklar bor: “U yoqdan tirik qaytmasligim mumkinligini idrok qilardim. Ammo xalq farzandiga xos burch hissi, odamiylik, vijdonim og‘ir sinovlarga bardosh berishimga, oldimga qo‘yilgan murakkab vazifalarni uddalashimga yordam berdi”.
— Demak, aytish mumkinki, Bahrom Ibrohimov, avvalo, o‘z kasbiga sadoqati bilan Markaziy Osiyoni, xususan, bizning diyorimizni urush olovi maydoniga aylantirmoqchi bo‘lganlarning payini qirqishda jonbozlik ko‘rsatgan milliy qahramonimizdir.
— Haqiqatdan shunday. Unga markaz tomonidan Eron, Turkiya va Afg‘onistonda faoliyat olib borayotgan turkistonlik muhojirlarning ishonchini qozonish, imkoniyat bo‘lgan taqdirda, Yevropa mamlakatlaridagi, jumladan, Fransiya, Germaniya va AQSh hududlarida istiqomat qiluvchi muhojirlar tashkilotlari bilan munosabat o‘rnatish vazifasi yuklatilgan. Bu ish aytishga oson. Bir ko‘ngilni o‘zingizga qaratish uchun qanchalik ovora bo‘lasiz.
Aytaylik, asli toshkentlik, Turkiston muftiysi Sadriddinxo‘ja Sharifxo‘jayev (asli ismi Sadridinxo‘ja Maxsum Sharifxo‘ja Qozi o‘g‘li) ishonchini qozonish oson ish emasdi. Lekin Bahrom Ibrohimov nafaqat uning ishonchini qozondi, balki eng yaqin odamiga aylanib, muftiyning barcha imkoniyatlaridan foydalanishga erishdi.
Muftiy Sadriddinxo‘ja 1923 yilda Sho‘rolar hokimiyatiga qarshi kurashda ayblanib, Toshkentda qamoqqa olingan, lekin qochishga muvaffaq bo‘lgan va faoliyatini Eronda davom ettirgan.
1932 yilda Bahrom Ibrohimov nolegal razvedkachi sifatida mazkur mamlakatga chiqarilganda, unga topshirilgan muhim vazifalardan biri muftiy Sadriddinxo‘ja bilan yaqin munosabat o‘rnatish, ishonchini qozonish belgilangan. Razvedkachimiz ushbu topshiriqni a’lo darajada bajarib, Sadriddinxo‘janing ishonchli odami, o‘ng qo‘liga aylangan. O‘sha paytlarda muftiy Angliya razvedkasining Mashhad shahridagi rezidenti Xamber Lyanselo Georg bilan yaqin aloqada edi. Bahrom Ibrohimov muftiyning bevosita yordami tufayli ingliz razvedkachisi bilan ham ishonchli munosabatlar o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.
Bundan tashqari, u Sadriddinxo‘ja eshonning rahnamoligida o‘sha davrda boshqa muhojirlar qatorida “Sharq” (Turkiston milliy ittifoq jamiyati) nomi bilan atalgan tashkilotning asoschilaridan biri bo‘lib qoladi. Natijada razvedkachimiz mazkur jamiyat hamda uning rahbarlari muftiy Sadriddinxo‘ja va boshqalar mamlakatimizga qarshi olib borgan faoliyatlarini ularning ichida turib kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi, qo‘lga kiritgan muhim ma’lumotlari haqida markazni o‘z vaqtida ogohlantirib turadi.
— Bugungi saodatmand kunlarga yetib kelishimizda Bahrom Ibrohimov, unga o‘xshash mard va jasur ajdodlarimizning salmoqli ulushi bor. U fashizm balosi O‘zbekiston osmoni va zaminiga yopirilishidan saqlab qolishda ko‘ksini qalqon qilib, o‘zbek razvedkasining nimalarga qodir ekanligini namoyish etdi. Shunday emasmi?
— Nolegal razvedkachi sanoqli daqiqalarda muhim qarorga kela bilishi, o‘ta qiyin vaziyatlardan iroda kuchi bilan chiqib keta olishi, hayoti qil ustida turgan bo‘lsa-da, o‘zini “ochib” qo‘ymaslik xislatlariga ega bo‘lishi lozim. Bunday nozik, murakkab xislatlar, ayniqsa, Bahrom Ibrohimovning 1932 yilda “Istiqlol” milliy ozodlik harakatining “Jangovar beshligi” tarkibiga kirgan holatida, 1930 — 1940 yillarda nemis va yapon maxsus xizmat xodimlari bilan yaqin aloqa o‘rnatganida, Markaziy Osiyo respublikalariga yuborilayotgan josuslarning ishlariga chek qo‘yilishida, umuman olganda, Ikkinchi jahon urushiga qadar, urushning dastlabki yillaridagi faoliyatida har jihatdan yaqqol namoyon bo‘lgan.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, fashizm balosining O‘rta Osiyo respublikalari hududiga kirib kelishining oldini olishda, mamlakatimiz janubiy chegaralarida urush olovini yoqish kabi razil niyatlarni barbod etishda Bahrom Ibrohimovning hissasi nihoyatda ulkan.
— O‘quvchilarimizni “Uchinchi front” hamda uning barbod etilishi bilan bog‘liq sirli manbalar qiziqtirishi muqarrar. Mutaxassis sifatida ayting-chi, Bahrom Ibrohimov hushyorlik qilmaganda “Uchinchi front” ochilishi mumkinmidi?
— Germaniyaning sobiq Ittifoqqa qarshi urush ochishi Afg‘onistondagi hukumat doiralarida va u yerdagi ayrim muhojirlarda Turkistonni sho‘rolar tuzumidan ozod etishga umid uyg‘otdi.
Hatto ayrim qo‘rboshilar Markaziy Osiyo hududiga bostirib kirish uchun harakatlar boshlab yubordilar. Manbalarda ta’kidlanishicha, afg‘on hukumatining aksariyat namoyandalari Germaniyaning bu urushda g‘olib chiqishi haqidagi fikrlarini yashirmaganlar. Urushdan so‘ng Germaniyaning o‘sha paytlardagi elchisi G. Pilger Moskvadagi Butirka qamoqxonasida bergan ma’lumotiga ko‘ra, 1942 yildan boshlab nemis elchixonasi SSSR va Hindiston bo‘yicha maxfiy ma’lumotlarni erkin ola boshlagan.
Angliyaning Afg‘onistondagi elchisi F. Vayli ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston Bosh vaziri Hoshimxonning ikkiyuzlamachi siyosat olib borayotgani ma’lum edi. Sobiq Ittifoq elchisi Mixaylovning Moskvaga yuborgan ma’lumotnomasida esa olmon va yapon maxsus xizmatlari xodimlari bu harakatda turkman va o‘zbek qo‘rboshilaridan foydalanish yo‘llarini qidirayotganlari aytilgan. Yuqorida qayd etilgan va shunga o‘xshash boshqa tarixiy dalillar har tomonlama chuqur tahlil qilib ko‘rilsa, o‘sha davrda “Uchinchi front”ning ochilishiga siyosiy, iqtisodiy va harbiy asoslar mavjud bo‘lganligini anglash qiyin emas.
Shunday ekan, Bahrom Ibrohimovning yuqorida qayd etilgan yovuz kuchlar ichida bo‘lganligi va ularning g‘arazli sa’y-harakatlari haqida markazni o‘z vaqtida ogoh qilib turganligi “Uchinchi front”ning ochilishiga qarshi asosiy g‘ov bo‘ldi, desak, mutlaqo to‘g‘ri.
— Shu o‘rinda muhimroq masalaga e’tibor qaratsak, ya’ni Turkiston muhojirlarining stixiyali emas, balki birlashib, yagona maqsad uchun harakat qilishlari ham oldindan rejalangan va chuqur o‘ylangan bo‘lishi kerak. Bunday harakatni, albatta, muxolif kuchlar orasidagi sardorlar, boshqacha aytganda, liderlar boshqaradi. O‘sha paytda ularga boshchilik qilishi mumkin bo‘lgan shaxs kim edi?
— O‘sha vaqtlarda ayrim muhojir tashkilotlar rahnamolari doirasida muhojirlarning lideri sifatida Shermuhammadbekning e’tirof etilishi to‘g‘risida fikr-mulohazalar bo‘lgan. Undan tashqari, Buxoro amiri Sayyid Olimxonning qudasi Muboshirxon Taroziy ham muhojirlar ichida rahbar sifatida e’tirof etilgan. Ammo Afg‘oniston va Eron mamlakatlarida o‘sha davrda faoliyat olib borgan sobiq Ittifoq, Germaniya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar missiyalari vakillarining qayd etishlaricha, Turkistondan chiqqan muhojirlar orasida liderlik maqomini Shermuhammadbek yoki Muboshirxon Taroziy emas, aynan Mahmudbek (B. Ibrohimov) egallagan. U ayni vaqtda “Abver” (Germaniya harbiy razvedkasi)ning Kobuldagi eng ishonchli rezidentiga aylangan hamda Afg‘oniston shimolida nemis razvedkasi bilan hamkorlikda muhojirlarning eng yirik “Yunion” nomli tashkilotini tuzgan.
Shermuhammadbek esa uning qizi Saodat xonimning ta’kidlashiga ko‘ra, bu vaqtga kelib, qarshi kurashishning samara bermasligiga ishonch hosil qilgan hamda g‘ariblik qismatiga bo‘yin egib, siyosiy va jamoat faoliyatlaridan umuman voz kechgan. Ko‘rinib turibdiki, o‘sha davrdagi chet el razvedkalari rahnamoligida o‘zbek va turkman muhojirlari ishtirokida tashkil etilgan katta-kichik millatchilik tashkilotlarining Markaziy Osiyo respublikalari chegaralari orqali bostirib kirishga qaratilgan barcha xatti-harakatini muhojirlarning lideri sifatida Bahrom Ibrohimov nazorat qilib turgan. Bu esa ko‘p jihatdan “Uchinchi front”ning jilovi razvedkachimiz qo‘lida bo‘lganligidan dalolatdir.
— Razvedkachimizning bu qadamini “Uchinchi front”ning barbod etilishi yo‘lidagi ilk bosqich, deb hisoblasak bo‘ladimi?
— Albatta, ichdan yemirish oson, chunki hamma narsa ko‘z oldingda, oynadek ravshan turadi. Eng muhimi ham shu: maqsadga erishish, ko‘zlangan rejaning taqdirini o‘zgalar qo‘liga berib qo‘ymaslik kerak. Razvedkachimiz nafaqat “Uchinchi front” tayyorgarliklarini nazoratida tutgan, balki mazkur frontning jangovar holatini mustahkamlab turish uchun nemis fashistlari va boshqa G‘arb mamlakatlaridan yuborilgan qurol-yarog‘lardan iborat karvonlarning Eron va Afg‘oniston hududlarining o‘zidayoq yakson etish operatsiyalariga boshchilik qilgan va bu ishlarni xufiyona amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgan. Bahrom Ibrohimovning bu darajadagi yuksak iste’dodi o‘zbek razvedkasining yana bir qudratini ko‘rsatuvchi muhim omil, desak, aslo yanglishmaymiz.
Chunonchi, o‘sha davrdagi harbiy vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib borgan, “Uchinchi front” rejalaridan yaqindan xabardor bo‘lgan mashhur razvedkachi sifatida dunyoga tanilgan doktor Rixard Zorge Bahrom Ibrohimovning faoliyati haqida “Bizning sharqiy chegaralarda “po‘lat qo‘l” ishlayapti. Toki u bor ekan, “Uchinchi front” hargiz ochilmagay”, deya ishonch bilan yozgan edi.
— Taniqli razvedkachining o‘zbek razvedkasi vakiliga yuksak baho berishi Bahrom Ibrohimovning nechog‘li salohiyatli razvedkachi ekanligidan darak beradi. Shuning barobarida, bu inson haqida o‘z Vatanida to‘qilgan afsonaga hamma ishongan ko‘rinadi, aks holda, u bunchalik muhim topshiriqlarni bajara olmasdi.
— Bahrom Ibrohimov o‘zi uchun to‘qilgan tarjimai holidagi rolini shunday mohirlik bilan ijro etganki, hatto nemis rezidenturasining rahbari Rasmus O‘rta Osiyo muhojirlarining Vatanni sho‘rolardan ozod etish borasidagi barcha tadbir nazoratini Bahrom Ibrohimovga ishonib topshirgan. Razvedkachimizga Rasmus tomonidan belgilangan asosiy vazifa chegara orqali o‘tgan nemis agentlari yordamida Markaziy Osiyo respublikalaridagi sho‘rolarga qarshi shaxslarni aniqlab, ular orqali Kavkaz, O‘zbekiston va Tojikiston hududlarini go‘yoki nemislar tomonidan bosib olinganligi haqidagi bo‘hton ma’lumotlarni tarqatishdan iborat bo‘lgan. Undan tashqari, Bahrom Ibrohimovga Turkiston harbiy okrugi tasarrufidagi sovet qo‘shinlari haqida ma’lumot to‘plash ishi ham topshirilgan edi.
Ammo Bahrom IbrohimovGermaniyaning O‘rta Osiyo hududlariga qo‘poruvchilik ishlari bilan shug‘ullanish uchun yuborilgan ko‘plab diversantlari va agentlari haqida ma’lumot yetkazib turgan va ular o‘z vaqtida maxsus xizmatlar tomonidan zararsizlantirilgan. Bahrom Ibrohimov fashistlarning “Uchinchi front” operatsiyasi bo‘yicha boshqa tadbirlariga taalluqli barcha ma’lumotni ham o‘z vaqtida markazga yetkazib turgan.
Jumladan, ularning rejasiga muvofiq, 12 ming nafar yaxshi qurollangan muhojirlar qo‘shini Amudaryodan ot va meshqoplarda o‘tib, Chorjo‘ydagi ko‘prikni egallab, Krasnovodsk (hozirgi Turkmanboshi) — Toshkent trassasini buzib, frontga jo‘natish uchun tayyorlangan yonilg‘i omborxonalarini portlatishi, O‘zbekistonga maxfiy yuborilgan ayg‘oqchi-josuslar orqali respublikamizda qo‘zg‘olon tayyorlash haqidagi ma’lumotlarni SSSRning Kobuldagi rezidenturasiga ma’lum qilgan. Fashistlarning ushbu “Uchinchi front” operatsiyasini Germaniyaning Afg‘onistondagi rezidenti Karl Rasmus boshqargan, unga turkman millatiga mansub ayg‘oqchilar bilan ishlovchi nemis razvedkachisi Vitsel yordam bergan.
1942 yil 8 iyulda SSSR NKVD (Sovet Ittifoqi Ichki ishlar xalq komissarligi) Davlat xavfsizligi Bosh boshqarmasi rahbari nomiga Sovet qo‘mondonligining G‘arbiy frontdagi kuchini zaiflashtirish maqsadida mamlakatning janubiy chegaralarida “Uchinchi front” ochilishiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida shoshilinch xabar keladi. Unda 13 oktyabr kuni Termiz shahridan 50 km. uzoqlikda joylashgan hududda qurolli kuchlar jangovar holatda shay turishi haqida aytiladi.
Shu o‘rinda biz O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi, general-leytenant G‘ulom Aliyevning 1994 yilda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 49 yilligi munosabati bilan “Vatan posbonlari” gazetasida chop etilgan “Razvedkachilarimiz jasorati” maqolasida Bahrom Ibrohimovning faoliyati haqida quyidagi satrlarni o‘qishimiz mumkin: “Urush davrida o‘zbek — afg‘on chegarasining mustahkam himoyasini ta’minlash alohida ahamiyat kasb etdi.
Har holda respublika Janubiy chegaralari, qurolli qo‘poruvchilarning xurujlari va kichik otishmalarini hisobga olmaganda, fashistlar Germaniyasi razvedkasi rezidenturasida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatgan o‘zbek razvedkachisi Mahmudbek Oyqorli (Bahrom Ibrohimov)ning alohida xizmatlari evaziga tinch edi. Xuddi shu odam — afsonaviy Bahrom Ibrohimov gitlerchilarning O‘zbekiston janubida yangi front ochish yuzasidan mo‘ljallagan ishlarini rejali ravishda barbod qilib turdi”.
Xullas, fashistlar Germaniyasining Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston hududida “Uchinchi front” ochish rejasi barbod etildi, o‘zbek razvedkachisi Bahrom Ibrohimovning fidoyiligi tufayli Afg‘onistonda ish olib borayotgan Germaniya razvedkasidan ustun kelindi. Mabodo, fashistlar O‘zbekiston va Turkmaniston hududlariga hujum qilganda, tish-tirnog‘igacha qurollangan dushmanga qarshi kuch topilishi qiyin edi. Chunki sobiq Ittifoqning asosiy harbiy kuchlari G‘arbiy frontga, fashistlarga qarshi kurashga tashlangandi. “Uchinchi front” g‘oyasi barbod bo‘lgach, nemis rezidenti, shturmbannfyurer Karl Rasmus o‘z joniga qasd qilishga majbur bo‘lganini ham aytib o‘tish lozim.
— Bahrom Ibrohimov faoliyati davomida ko‘plab azob-uqubat va qiyinchiliklarga duch kelgani, shubhasiz. Bu o‘rinda uning Afg‘onistonda qamoqqa olinib, bir necha yil davomida qiynoqqa solinganini aytib o‘tishimiz joiz. Bu qanday sodir bo‘lgan edi?
— Bunga o‘sha davrda sobiq Ittifoqning Afg‘oniston hukumatiga yuborgan norozilik notasi ham turtki bo‘lgan, ya’ni notada Germaniya hukumatidan mustaqil bo‘lgan Afg‘onistonda qo‘poruvchilik harakatlarini to‘xtatish va ularni tarqatib yuborish, muhojirlarning faollarini hibsga olish va sudga berish talabi qo‘yilgan edi.
Shu mazmundagi norozilik notasi Angliya hukumatidan ham taqdim etilgandi. Shunga ko‘ra, 1943 yil mart oyida Afg‘oniston xavfsizlik organlari tomonidan muhojirlarning 48 nafar faoli hibsga olinib, Kobuldagi “Demazang” zindoniga tashlanadi. Ular ichida Bahrom Ibrohimov ham bor edi. Uni qattiq qiynoqqa solishadi, u salkam ikki yil yelka va oyoqlariga o‘n ikki kilolik temir zanjirlar osilgan holda yakka avaxtada saqlanadi. Oradan besh yil o‘tib, 1948 yili u markazning o‘zbekistonlik razvedkachilar ishtirokida o‘tkazgan maxsus operatsiyasi natijasida qamoqdan ozod etilib, razvedkaviy faoliyatini Pokistonning Peshovar shahrida davom ettiradi.
— Sharof Rashidovning unga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berish to‘g‘risidagi taklif hujjatga imzo chekkanligi rostmi?
— Ha, shunday bo‘lgan. O‘zbekiston Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB)ning razvedka bo‘limi boshlig‘i K. A. Tenyakshevning rahbarligi ostida arxiv hujjatlari o‘rganilib, Bahrom Ibrohimovning jasorati qayd etilgach, bundan faxrlangan respublikamiz rahbari Sharof Rashidov uning Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga loyiqligi to‘g‘risidagi hujjatga imzo chekkan. Ammo markaz 1960 yilning boshlarida Bahrom Ibrohimovga jangovar “Qizil Bayroq” ordeni berish bilan kifoyalangan.
— Bu insonning keyingi taqdiri qanday kechgan?
— Vatanga qaytgach, ommaviy axborot vositalarida, jumladan, “O‘zbekistoni surx” gazetasida madaniyat bo‘limi mudiri, Davlat siyosiy nashriyoti Sharq bo‘limida bosh muharrir va 1963 yildan to umrining oxirigacha O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining katta ilmiy xodimi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. O‘zbek razvedkachilarining yangi avlodini tarbiyalashda o‘z hissasini qo‘shdi. “Intilish”, “Mirzoda ishqi” kitoblarini nashr ettirdi. “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoniga sazovor bo‘ldi.
Mustaqillik yillarida unga “Jasorat” medali berilib, xotirasi yodga olindi va umr yo‘ldoshi Xolida Ibrohimova Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi maqomiga tenglashtirildi. Bugun poytaxtimizning obod ko‘chalaridan biri shu inson nomi bilan yuritiladi. Yana bir muhim gapni aytish kerakki, sovet razvedkasi topshirig‘ini bajarish uchun tayyorlangan harbiy bo‘lmagan shaxsga harbiy unvon berilmagan, ammo Bahrom Ibrohimov sovet razvedkasi tarixida podpolkovnik harbiy unvonini olgan birinchi nolegal razvedkachi hisoblanadi.
To‘lqin HAYIT suhbatlashdi.
Manba: "Xalq so‘zi" “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar