
Toshkent shahrining markazida joylashgan Yakkasaroy tumanida moratoriy talablariga zid ravishda 144 tup mojjevelnik daraxti kesib tashlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi inspeksiya ma’lum qildi.
Vazirlik maslahatchisi Rasul Kusherbayevning ta’kidlashicha, 25-oktyabr kuni ertalab ijtimoiy tarmoqlarda noqonuniy daraxt kesilishi aks etgan videolavha tarqalganidan so‘ng, ekologiya inspeksiyasi xodimlari voqea joyiga yetib borgan. Tekshiruv natijasida Yakkasaroy tumani Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasidan to Bobur ko‘chasining davomida jami 144 tup mojjevelnik daraxti kesilgani aniqlangan.
Guvohlar ma’lumot berishicha, ushbu daraxtlarni kesish tuman hokimining o‘rinbosari Baxtiyor Raxmonov topshirig‘i bilan amalga oshirilgan. Kesish ishlari tungi vaqtda “Obodonlashtirish boshqarmasi” xodimlari tomonidan bajarilgan. Bu harakat 2019-yilda Prezident farmoni bilan joriy etilgan daraxtlarni muhofaza qilish bo‘yicha moratoriy talablarini qo‘pol ravishda buzadi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan moddiy zarar 620 million 472 ming so‘mni tashkil etmoqda. Ekologiya vazirligi bu ish bo‘yicha barcha hujjatlarni rasmiylashtirib, prokuratura organlariga yuborgan.
Rasul Kusherbayevning so‘zlariga ko‘ra, tekshiruv jarayonida ayrim ekologiya inspektorlariga bosim o‘tkazilgani bois o‘rganish to‘liq amalga oshirilmagan. Shu sababli, vazirlik bu holatni shaxsan o‘z nazoratiga olgan. U prokuraturadan qonun doirasida xolis va qat’iy chora ko‘rishni so‘ragan.
“Bunday holatlar fuqarolarda chuqur norozilik uyg‘otmoqda. Agar hokimiyat vakillari o‘zi qonunni buzsa, bu jamiyatda ishonchni yo‘qotadi va Prezident belgilagan ekologik siyosat tamoyillariga ziddir”, — dedi Kusherbayev o‘z murojaatida.
U, shuningdek, avval Farg‘ona viloyati Quvasoy tumanida ham 270 tup daraxt noqonuniy ko‘chirilgani va natijada 1,8 milliard so‘mlik zarar yetkazilganini eslatib o‘tdi.
Ekologiya vazirligi hozirda barcha dalillar prokuraturaga taqdim etilganini va bu ish yuzasidan qonun doirasida keskin choralar ko‘rilishini bildirdi. Mutaxassislar bunday holatlarni takrorlanmasligi uchun nazoratni kuchaytirish va jamoatchilik ishtirokini kengaytirish zarurligini ta’kidlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!