date
views 2 416

Hokimlarning ishi reytingiga qarab baholanishi mumkin

Hokimlarning ishi reytingiga qarab baholanishi mumkin
O‘zbekiston iqtisodiyot va sanoat vazirligi taklif qilayotgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra har bir tuman, shahar va viloyatning yillik reytingi ishlab chiqiladi. Mahalliy davlat boshqaruvi organlarining ishiga ana shu reytingga qarab baho beriladi.

Taklif qilinayotgan reyting tizimi har biri maksimal 50 ball bo‘lgan ikki qismdan iborat bo‘ladi:

rasmiy statistika ko‘rsatkichlari bo‘yicha hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati baholanadi. Bunda:

a) aholi turmush darajasi va yashash sifati;
b) aholi sog‘lig‘i va sog‘lom turmush tarzi;
v) mahalliy davlat hokimiyati organlarining aholi bilan ishlash samaradorligi;
g) huquqbuzarlik darajasi;
d) ishbilarmonlik muhiti;
ye) xizmat ko‘rsatish va servis sohasi ahvoli;
j) oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligining qanchalik diversifikatsiya qilingani.

Aholi o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rov asosida olingan xulosalar.
Reyting tizimi tajriba tariqasida 2020 yildan joriy qilinishi mumkin. Reyting ko‘rsatkichlarini jamlash, monitoring qilish Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga yuklanadi.

Reyting tizimining ahamiyati nimada?
Shu paytgacha mahalliy davlat boshqaruvi organlari va hokimlar ishi muayyan bir sohada, deylik, paxta rejasini vaqtida topshirish kabi ishlari asosida, tor ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholab kelingan. Eng asosiysi, bu baholashlarda aholi ishtirok etmagan.

Yangi taklif qilinayotgan umumiy hisobda 100 balli reyting tizimining 50 bali aholining baholashi asosida belgilanadi.

Bu tizimning kamchiliklari nimadan iborat?
Reyting tizimi samaradorligi berilayotgan statistik ma’lumotlarning haqqoniyligi, qo‘shib yozilmagani bilan chambarchas bog‘liq. Shuningdek, aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazish qanchalik to‘g‘ri tashkil qilinishi, natijalar to‘g‘ri ko‘rsatilishi ham muhimdir.

Bu reyting tizimining birinchi qismi ayni mahalliy boshqaruv organlarining o‘zlari beradigan statistik ma’lumotlarga tayanadi. Ularning to‘g‘riligini tekshirish doim ham oson bo‘lavermaydi.

Ikkinchi qismi – aholi fikrini o‘rganish esa “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markaziga yuklanmoqda. Bu markaz o‘tmishda 90 va undan yuqori foizlik ko‘rsatkichlarni e’lon qilishi bilan mashhur bo‘lgan.

Ushbu holatlarni hisobga olganda reyting tizimi yaxshi, ammo uni samarali va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish mushkul bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hokimlarning ishi reytingiga qarab baholanishi mumkin