
Saudiya Arabistoni va bir qator davlatlarda 4 iyun kuni Ramazon hayiti deb e’lon qilingach, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan bu boradagi fikrlarini taqdim etdi.
«Bugun biz ro‘za tutamiz. Chunki bizning mintaqamizdan g‘arbroqda joylashgan arab davlatlariga oy ko‘ringan bo‘lishi mumkin. Chunki Yangi hilol G‘arb tomondan ko‘rinib boshlaydi. Ammo musulmon davlatlarning 70 foizida hayit 5 iyun kuni bo‘ladi.
Bu borada Saudiya Arabistoniga ergashish vojib amal emas. Chunki har bir mamlakat o‘z hududida Oyning ko‘rinishini kuzatishi kerak. Payg‘ambarimiz (s.a.v) ning «Hilolga qarab ro‘za tutinglar, hilolga qarab ochinglar», degan hadisiga amal qilinadi. «Makkaga qarab tutinglar yoki ochinglar», degan buyruq yo‘q.
Mana shunday holatdan foydalanib, o‘zbekistonlik musulmonlarning orasiga fitna solishga urinayotganlar topiladi. Unday fitnalarga uchmasligimiz kerak. Bu borada fatvoni diniy idora chiqargan. O‘zbekiston musulmonlari o‘zini hurmat qiladigan bo‘lsa — O‘zbekiston Musulmonlari idorasining raisi muftiy hazratlarining fatvosiga bo‘ysunishi vojib hisoblanadi.
Qolaversa, bizda azaldan falakiyotshunoslik fani taraqqiy etgan. Osmon jismlarini kuzatuvchi observatoriyalarimiz faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu joyda yangi oyning tug‘ilish fazasini hisob-kitob qilish va kuzatishning texnik imkoniyati borligiga ishongan holda, yon atrofimizdagi davlatlar ham bizga iqtido qilishgan», — dedi Nuriymon Abulhasan.
Osmonda oyni kuzatib, hijriy-qamariy oylarning boshlanish kunini belgilash bilan shug‘ullanuvchi moonsighting.com saytida 2 iyun kuni tongda Indoneziyada tushirilgan Oyning fotosurati keltirilgan.
Suratdan ko‘rinib turibdiki, hali Ramazon oying eski hiloli to‘liq tugamagan. Bir kun (3 iyun) davomida yangi oy tug‘ilib, keyin (4 iyun kuni) Shavvol oyining hiloli ko‘rinish beradi.
Shu saytda 3 iyun kuni oyning ko‘rinish xaritasi ham keltirilgan.
Xaritaga ko‘ra, 3 iyun kuni shomda Yevroosiyo materigi va Afrikada yangi hilol ko‘rinish bermasligi kerak bo‘lgan. Sayt xodimlari ham yangi oy ko‘rinmagani va uning ko‘rinishi kutishayotganini yozishgan.
4 iyun kuni oy ko‘plab mintaqalarda qurollanmagan ko‘z bilan ham yaqqol ko‘zga tashlanishi tasvirlangan.
Marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bu boradagi savollarga javob berar ekan, shunday degan edi:
«Ilgari, aloqa vositalari rivojlanmagan chog‘larda ham bunday vaziyatlar bo‘lgan, biroq hayit va ro‘zaning boshlanishi orasidagi farqlar ko‘p bilinmas edi. Keyingi paytlarda internetning rivojlanishi bilan bu masala ko‘tarilmoqda.
Aslida, bu narsalar Oy ko‘rish amaliyoti bilan bajariladi. Payg‘ambarimiz (sallolohu alayhi vasallam) «Suvmu li ruyatihi va aftiru li ruyatihi» (oyni ko‘rib ro‘za tutinglar, oyni ko‘rib og‘zingizni ochinglar), deganlar.
Agar bir yurtda ko‘rinsa, ikkinchi yurtda ko‘rinmasa va farq yuz bersa, har kim o‘zi turgan yurtga qarashi kerak. O‘zi qaysi yurtda tursa, shuning e’tiboridan ro‘za tutishni boshlaydi va tugatadi, hayitini nishonlaydi.
Ulamolarimizning bir yerda hilolning ko‘ringani boshqa yerga o‘tadimi, degan masaladagi fikrlari ham ixtilofli. Birlari «ha», birlari «yo‘q», deyishgan. Biz shuning «yo‘q» degan tarafini e’tiborga olishimiz, bir yurt butun boshi bilan, o‘zlarining rahbarlari bilan, shu ishda mas’ullari bilan belgilab, «falon kuni» deb aytib turgan bo‘lsa, boshqa yerdagilarning tutganini yoki ochganini hujjat qilib, orada ixtilof chiqarmaslik kerak. Ular ko‘ribdi, ular qaror qilibdi, o‘zlarining boshliqlari fatvoni beribdi, belgilabdi — demak, ular uchun hayit. Buyog‘dagilar «biz hali ko‘rmadik, bizda sobit bo‘lmadi», deb turishibdimi — demak, hayit bir kundan keyin bo‘ladi.
Shuning uchun har kim o‘zicha bir harakat qilib, «falon yerda ochishibdi, biz ochib yubordik, sen ham och», deb, odamlarning oldiga borib, ularning ham ro‘zasini ochishni talab qilish yoki aksincha holatlardan chetlanishimiz kerak», — degan edi Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh.
Azon.uz saytida diniy ulamolarimizdan Mubashshir Ahmadning bu boradagi fikrlari e’lon qilindi:
«Oy ko‘rish masalasi — ixtilofli masala. Masalan, Qatarning «Al-Jaziyra» telekanalining bu mavzudagi tadqiqotiga ko‘ra, teleskop bilan qaraganda bugun Shavvol hiloli ko‘rinadi. Ammo oddiy ko‘z bilan qaraganda, Ramazonning o‘ttizinchisi bo‘ladi. Bu nuqtai nazardan «Oyga qarab ro‘za tutish va og‘iz ochish» haqidagi hadisni ham ikki xil tushunish mumkin. Demak, masala ixtilofli. Bunday hollarda qozining hukmi ixtilofni kesadi. Fiqhda shunday uqtiriladi.
Men hozir Turkiyadaman. Ertaga — hayit. Ularda buni falakiy hisobda oldindan ma’lum qilib qo‘yilgan. O‘zbekistonda ertaga Ramazonning oxiri. U ham oldindan ma’lum qilingan. Hilolni ko‘rganlar ham ikkiga ajragan: teleskop va oddiy ko‘z bilan ko‘radiganlarga. Birida — ertaga hayit, boshqasida — indinga. Demak, bu o‘rinda yakdil so‘z yo‘q, muftiyning so‘zi hal qiluvchi bo‘ladi. Shunga ko‘ra, O‘zbekistonda hayit — chorshanba kuni. Qolgan gaplar shov-shuv ko‘tarishni yoki ixtilofni sevish. Harna shu bilan mashhur va diqqat markazida bo‘lish mumkin».
Saudiyada bo‘lib turgan ulamolarimizdan Sayfulloh Nosir ham o‘z fikrini bildirgan:
«Muhtaram birodarlar!
Saudiyada oy ko‘rinibdi, ertaga hayit deb e’lon qilindi.
Yurtlarida ertaga hayit bo‘lmagan musulmonlar barcha bilan birgalikda ular qachon hayit qilsalar, o‘sha kuni hayit o‘qisinlar, o‘sha kunni bayram qilsinlar.
Oy ko‘ringan mintaqalarga ergashib, og‘zini ochgan kishilar bo‘lsa — ul muhtaramlar ham odamlarga ko‘rsatib yeb yurmasinlar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu Minoda to‘rt rakat o‘qishni noto‘g‘ri deb bilsalar-da, fitna bo‘lmasin, deb imomga ergashgan edilar.
Bu yerda ham shunday. Hayitni ertaga deb bilmagan birodarlardan iltimos va rajoimiz shuki, Ibn Mas’ud roziyallohu anhuning tasarruflarini yodda tutsinlar, turli gap-so‘zlarni gapirib bayram kayfiyatiga rahna solmasinlar.
Qadimdan musulmonlar diyorida turli iqlimlarda hayit kunini tayinlashda ixtiloflar uchrab turgan. Bu narsa musulmonlar birligiga soya solmasligi lozim». “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing