date

Shavkat Mirziyoyev xalqni Xotira va qadrlash kuni bilan samimiy qutladi

Shavkat Mirziyoyev xalqni Xotira va qadrlash kuni bilan samimiy qutladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat aholisini 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Davlat rahbari o‘z tabrigida, avvalo, Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi kurashda jon fido qilgan ajdodlar xotirasi oldida ta’zim bajo keltirilishini ta’kidladi. Shuningdek, bugungi kunda oramizda hayot kechirayotgan urush va mehnat faxriylariga yuksak hurmat va ehtirom izhor etildi.

“Siz, azizlarni, ko‘p millatli butun xalqimizni qutlug‘ ayyom – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 81 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu unutilmas kunda, avvalo, jang maydonlarida tengsiz jasorat ko‘rsatib, insoniyatni fashizm balosidan xalos etishga munosib hissa qo‘shgan qahramon ota-bobolarimizning so‘nmas xotirasi oldida bosh egib, ta’zim qilamiz. Bugungi kunda oramizda sog‘-omon yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlarimizga yuksak ehtiromimizni izhor etamiz.

Mustaqillik yillarida Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini saqlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan azmu shijoatli harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini mehr va hurmat bilan yodga olamiz”, deyiladi tabrik xatida.

Prezident O‘zbekiston xalqining tarixiy jasoratini alohida qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, urush yillarida millionlab yurtdoshlar frontga safarbar etilgan, yuz minglab insonlar halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Shu bilan birga, minglab askar va ofitserlar orden va medallar bilan taqdirlangan, yuzlab vatandoshlar esa eng oliy unvonlarga sazovor bo‘lgan.

Davlat rahbari, shuningdek, urush yillarida O‘zbekiston front ortida mustahkam tayanch bo‘lib xizmat qilgani, boshqa hududlardan ko‘chirib keltirilgan millionlab insonlarga boshpana va mehr ko‘rsatganini faxr bilan tilga oldi.

Bugungi kunda ham yurtimizda faxriylarni qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib hayot kechirishlari uchun zarur sharoit yaratish ishlari izchil davom ettirilayotgani ta’kidlandi. Xususan, bayram munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlariga moddiy yordam ko‘rsatilgani qayd etildi.

Shuningdek, G‘alaba bog‘i hamda uning tarkibidagi “Xotira nuri” va “Millat fidoyilari” majmualari xalq uchun muqaddas maskanlarga aylanib borayotgani bildirildi.

Prezident bugungi murakkab davrda tinchlik va barqarorlikni asrash, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ustuvor vazifa bo‘lib qolayotganini alohida urg‘uladi.

Tabrik so‘ngida davlat rahbari barcha yurtdoshlarga sihat-salomatlik, baxt-saodat va xonadonlarga tinchlik tilab, bayram bilan yana bir bor qutladi.

"Sizlarni, hurmatli faxriylarimizni, butun el-yurtimizni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik va xotirjamlik, fayzu baraka tilayman. Mehnatkash va donishmand xalqimiz hamisha omon bo‘lsin! Ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi qo‘llab-quvvatlasin! Xotira va qadrlash ayyomi barchamizga muborak bo‘lsin!” deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev xalqni Xotira va qadrlash kuni bilan samimiy qutladi