12:13 / 19.10.2019
2 013

Qay biri muhim: muammoni ko‘tarishmi yoki o‘zimizni maqtash?

Qay biri muhim: muammoni ko‘tarishmi yoki o‘zimizni maqtash?
Kecha “O‘zbekiston” telekanali orqali namoyish qilingan “Munosabat” ko‘rsatuvida ishtirok etgan bojxona xodimi“Ko‘proq bojxona haqida” kanalida o‘z mulohazalarini e’lon qildi. Unda xorijga chiqayotgan yurtdoshlarimizning o‘zini tutishi, hulq-atvori va mardikor ayollar muammosi ko‘tarildi. Haqiqatan, dolzarb mavzu!

Ekspertlardan biri hajga borib kelgan inson sifatida haj mavsumida, Kanadada yashayotgan o‘zbekistonlik esa samolyot bortlarida yurtdoshlarimizning saviyasini aniq misollar bilan ochib tashladi.

Aeroportlarda, vokzallarda, chegara-bojxona postlarida oddiy navbatda turish madaniyatining o‘zi yo‘q. Ur-yiqit, talashlarga ko‘zimiz o‘rganib qolgan. Bojxonachining nigohi bilan aytsam, ayrim shaxslar bojxona qoidalariga tupurib qo‘ygan.

Huquqiy nigilizm, huquqiy johillik shu qadar avjiga chiqqan-ki, bojxona tartibotlarini buzayotganligini bila turib, oshkora tan olishmaydi, qaytangga o‘zlarining shu holatini video tasvirlarga olib, Internet uzra tarqatib yuborishadi. Bu bilan go‘yoki o‘zlaridan jabrdiyda yasashadi.

Tasavvur qiling, bojxonachilar molimizni o‘tkazmayapti deb noligan ayol 8 oyda 32 marotaba Istanbulga borib kelgan bo‘ladi . Tan olaylik, tijoratchimi – tijoratchi! Xo‘sh, nega unda bojxonada uning tovarlari shaxsiy foydalanish uchun olib kelinayotgan tovarlar deb qabul qilinishi va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinishi kerak? Axir, bojxona to‘lovlari oylik maosh, stipendiya, pensiya sifatida xalqimizning cho‘ntagiga kiradi-ku!

Cho‘ntagida, sumkasida, soch turmagida tilla taqinchoqlarni yashirib o‘tishga urinishlarga ko‘nikdik, bunga chidash mumkindir. Mayli ichki organlariga, bor ana og‘zida bekitib o‘tganiga chidash mumkindir. Ammo o‘zbek ayoli jinsiy a’zosiga bekitib o‘tsa, qanday chidaysiz? O‘zbek erkagi orqasiga tiqib o‘tsa, qanday chidaysiz?

Xullas, muhokamalar avjiga chiqqan mahal tok-shouda ishtirok etayotgan deputat (XDPdan saylangan) umumiy gaplarni chaynashni boshladi, muammoni bartaraf etish uchun oiladan, maktabdan boshlashimiz kerak qabilidagi “dejurnыy” gaplar... Yakunda esa ko‘rsatuvni qanchadan-qancha tomoshabinlar ko‘ryapti, ularning nazarida sizlar 33 mln.lik xalqimiz haqida salbiy qarashlarni shakllantiryapsizlar deb xavotir bildirdi va biz naqadar buyuk xalq ekanligimizni alqay boshladi.

Savol: Qo‘lingizga biron yara chiqdi. Shifokor huzuriga bordingiz. Sizga nima muhim? Yarani tezroq davolash uchun tavsiyalar va zaruriy dorilar retsepti muhim. Shifokor esa, yara qolib ketib, organizmingizni maqtay ketsa, tishlaringiz sadaf, ko‘zlaringiz qirg‘iynikidek o‘tkir, qoshingiz kamon, sochingiz qalin va baquvvat, yurak sog‘lom, o‘pka toza.... Sizga shu mahal o‘sha maqtovlarning tariqcha ahamiyati bo‘lmaydi. Tezroq yarani davolash va og‘riqlardan xalos bo‘lishni o‘ylaysiz.

Hurmatli deputatimizning qarichi bilan o‘lchansa, kechagi tok-shouda muammolar qolib, maqtovga erk berishimiz kerakmidi? Axir biz shuncha yil o‘zimizga o‘zimiz mahliyo bo‘lib, o‘zimizni o‘zimiz maqtab hozirgi ko‘yimizga tushib qolmadikmi?

Hurmatli saylangan va saylanajak deputatlar!

Xalqimizni madh etishni jurnalistlarga, san’atkorlarga, shoirlarga, ma’naviyatchilarga qo‘yib bering! Ortig‘i bilan uddalashadi! Siz esa xalqning dardiga darmon bo‘ling. Sizdan shuni kutishadi, maqtovni emas!!!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qay biri muhim: muammoni ko‘tarishmi yoki o‘zimizni maqtash?