10:01 / 23.10.2019
1 222

Parlament: yangi qonun loyihasi bilan tadbirkorlik sohasidagi «o‘lik jon»larga barham beriladi

Parlament: yangi qonun loyihasi bilan tadbirkorlik sohasidagi «o‘lik jon»larga barham beriladi
Qonunchilik palatasining 22 oktyabr kungi majlisida xalq vakillari «Tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishda o‘zaro bahsga kirishib ketdilar.

Qonunchilik palatasi saytiga ko‘ra, muhokama etilayotgan qonun loyihasi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tugatish jarayonlarini tartib va taomillarini yanada soddalashtirish, shaffofligini oshirishga qaratilgan.

Mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlarini tugatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan deb hisoblash uchun asos bo‘ladigan muddat to‘qqiz oyni tashkil etishi belgilanmoqda. Ya’ni, endilikda tadbirkorlik sub’ekti shuncha muddat faoliyat yuritmasa, tugatilishi uchun asos yaratilmoqda.

Loyiha bilan moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalar davlat soliq xizmati organining taqdimnomasiga asosan, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan Tadbirkorlik sub’ektlarining Yagona davlat reyestridan uch yil muddatga harakatsiz rejimga o‘tkazilishi belgilanmoqda. Harakatsiz rejimiga o‘tkazilgan korxonalar faoliyati uch yil davomida tiklanmagan taqdirda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ularni tadbirkorlik sub’ektlarining Yagona davlat reyestridan chiqarib yuboradi. Ya’ni, tadbirkorlik sohasida “o‘lik jon”larga barham beriladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)