14:06 / 27.10.2019
10 610

Jaloliddin Manguberdi kim edi?

Jaloliddin Manguberdi kim edi?
Jaloliddin Manguberdi turkiy islom tarixidagi eng mashhur hukmdorlardan biri hisoblanadi. U Xorazmning mo‘g‘ullarga qarshi kurashiga rahbarlik qilib, Parvon jangida mo‘g‘ullarni tor-mor etadi. Ta’kidlab o‘tish joiz, bu Chingizxon qo‘shinining G‘arbga yurishi chog‘ida O‘rta Osiyo, Eron va Afg‘onistonda olib borgan harbiy harakatlari davomidagi yagona yirik mag‘lubiyatidir.

1. Jaloliddin so‘nggi Xorazmshoh edi. Uning asl ismi Manguberdi, ammo davr urf-odatlaridan kelib chiqqan holda shahzodaga ikkinchi ism o‘laroq «Dinning yuksalishi» ma’nosini bildiruvchi «Jaloliddin» nomi beriladi.

2. Uning tarix sahnasiga yuksalishi islom dunyosi uchun juda mashaqqatli bo‘lgan davrga to‘g‘ri keldi: Salibchilar Anatoliya, Suriya va Misrni vayron etar ekan, sharqda undan ham daxshatliroq ofat – mo‘g‘ullar istilosi boshlandi.

3. O‘rta Osiyo mintaqasi davlatlari ichida mo‘g‘ullar hujumiga ilk duch kelgan mamlakat Xorazmshohlar davlati bo‘ldi. Imperiya hukmdori Alovuddin Muhammad Chingizxon kuchlariga qarshi kurashni uyushtira olmadi. Natijada, O‘tror, Xo‘jand, Toshkent, Buxoro, Samarqand, Balx, Marv, Nishopur, Hirot, Urganch va boshqa yirik shaharlar mo‘g‘ullar bosqini ostida qoldi. Ularning hammasi vayron etildi, aholisi o‘ldirildi. Alovuddin Muhammadning o‘zi esa Kaspiy dengizi orollaridan birida panoh topgan. U ko‘p o‘tmay vafot etadi, o‘limi oldidan mamlakat taxti vorisi sifatida o‘g‘li Jaloliddin Manguberdini tayinlaydi.

4. Jaloliddin o‘zining sodiq qo‘mondoni Temur Malik boshchiligida 300 askardan iborat qo‘shin yig‘ib, dastlab Xurosonga, so‘ng Nisoga yo‘l oladi. U yerda son jihatdan ustunligiga qaramay 700 kishidan iborat mo‘g‘ul qo‘shinini tor-mor etadi.

5. Undan so‘ng Nishopurga yo‘l olgan Jaloliddin Nishopurdan G‘azna shahriga boradi hamda bu yerda kuch to‘play boshlaydi. Keyinroq, u Qandahorni qamal qilgan mo‘g‘ullarga hujum qilib, ularni mag‘lubiyatga uchratadi. Mazkur jang haqida eshitgan Chingizxon Shigi-Kutuk qo‘mondonligi ostida Jaloliddinga qarshi 30 ming kishilik qo‘shin jo‘natadi.

6. 1221 yilda Parvon shahri yaqinida hal qiluvchi jang bo‘lib o‘tadi. Jang ikki kun davom etdi va mo‘g‘ul askarlarining mag‘lubiyati bilan yakunlandi – bu mo‘g‘ullarning G‘arbga qilgan butun yurishdagi yagona yirik mag‘lubiyati edi. Mazkur g‘alaba katta ma’naviy ahamiyatga ham ega bo‘lgan, chunki endi mo‘g‘ullarning yengilmasligi to‘g‘risidagi afsona o‘z kuchini batamom yo‘qotdi. Shundan so‘ng, Chingizxonning o‘zi asosiy kuchlarini unga qarshi yo‘naltirib, Jaloliddinga qarshi yurishga boshchilik qilishga qaror qildi. Ular o‘rtasidagi hal qiluvchi jang 1221 yil 26-noyabrda Indus daryosi bo‘yida bo‘lib o‘tdi. Mo‘g‘ullar g‘alaba qozonishdi. Jaloliddin rafiqasi va onasi bosqinchilar qo‘liga tushib qolishidan qo‘rqib, ularni daryoga cho‘ktirishga buyruq bergan. O‘zi esa qolgan qo‘shin bilan daryoning boshqa tomoniga o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Chingizxon Jaloliddinni ta’qib qilish uchun Chig‘atoy rahbarligida qo‘shin yuborgan, biroq uni qo‘lga tushirishning imkoni bo‘lmadi.

7. Hindistonda 3 yil davomida kuch to‘plagan Jaloliddin Manguberdi u yerdan Eron shimoliga bostirib kirdi, Marv va Tabrizni zabt etdi. 1225 yilda esa Gruziya va Armanistonning bir qismini egallashga muvaffaq bo‘lgan. 1226 yilda Tbilisi qo‘lga kiritildi. Shuni ham nazardan qochirmaslik kerakki, Jaloliddin muttasil ravishda ikki frontga – Kavkaz ortida va mo‘g‘ullarga qarshi jang qilishga majbur bo‘ldi, bu esa uning sezilarli darajada zaiflashishiga olib kelgan.

8. Qulay vaziyatdan foydalanishga intilgan mo‘g‘ullar Jaloliddinga qarshi 30 ming kishilik qo‘shin bilan hujum uyushtirishdi. Jaloliddin taslim bo‘lib, Gangaga chekinadi. Tarixchi olim Nasafiyning yozishicha, u Amid tog‘larida chodir qurib, shu yerda ma’lum muddat to‘xtashga qaror qilgan. Ayni shu paytda Jaloliddin kuchlariga qaroqchilar hujum qiladi, so‘nggi Xorazmshoh ayni shu jangda halok bo‘lgan. «Qaroqchilar kimning qotiliga aylanishganini hatto bilishmagan ham», deydi Nasafiy.

9. Odamlar uzoq vaqt uning o‘limiga ishonishmagan ham. Ko‘p yillar davomida Xorazmshoh tirik ekanligi haqida mish-mishlar mo‘g‘ullarni vahimaga solgan.

Jaloliddin Menguberdi – O‘zbekiston tarixidagi milliy qahramonlardan biridir. Unga atab bir nechta yodgorliklar barpo etilgan, ona shahri Xorazm viloyatidagi yodgorlik majmuasi shulardan biridir. 2000 yili O‘zbekiston Respublikasida «Jaloliddin Manguberdi» ordeni ta’sis etiladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jaloliddin Manguberdi kim edi?