
Mintaqa bo‘ylab kuzatilayotgan bunyodkorlik kayfiyati va o‘zaro yaqinlashuv jarayonlari oxirgi yillarda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev «Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida» sarlavhali maqolasida ta’kidlaganidek, mamlakatlar birinchi marta uzoq tanaffusdan keyin bir yo‘nalishga, bir maqsadga — umumiy rivojlanish va mustahkam barqarorlikka qarab birlashmoqda.
Prezident fikricha, bu jarayon tasodifiy yoki o‘z-o‘zidan vujudga kelgan holat emas. Aksincha, mintaqadagi davlat rahbarlarining izchil siyosiy irodasi, qat’iy maqsad sari yo‘naltirilgan amaliy ishlari natijasidir. Davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhiti kuchayib, hamkorlik butun mintaqa uchun strategik zaruratga aylandi.
Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqada tamoman yangi siyosiy-iqtisodiy arxitektura yaratganini ta’kidlar ekan, yaqin kunlarda Toshkentda o‘tadigan navbatdagi sammit bu jarayonni yanada mustahkamlaydigan muhim bosqich sifatida qayd etdi.
Oxirgi yillarda chegara masalalari amalda to‘liq hal etilib, ular raqobat emas, hamjihatlik ramzining o‘ziga xos ko‘prigiga aylandi. Farg‘ona tinchlik forumi, suv-energetika bo‘yicha qo‘shma loyihalar, xususan, Qambarota GES-1 qurilishi borasidagi kelishuvlar o‘zaro manfaatli sheriklikning amaldagi namunalari sifatida ta’kidlandi.
Prezidentning ta’kidlashicha, mintaqaning iqtisodiy salohiyati keskin o‘sib bormoqda: oxirgi sakkiz yilda YAIM qariyb ikki yarim barobarga oshgan, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo esa ikki baravarga ko‘tarilgan. 2016-yilda O‘zbekistonning qo‘shnilar bilan savdosi 2,4 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2024-yilda 7,2 milliard dollarga yetdi. Mintaqa bo‘ylab qo‘shma korxonalar soni ham keskin ko‘paydi.
Mirziyoyevning ta’kidlashicha, mintaqa «devorlar emas, ko‘priklar barpo etayotgan» hududga aylandi. Bu siyosiy bayonot emas, amalda o‘z isbotini topayotgan haqiqatdir.
Maqolada Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlardagi o‘rni ham alohida e’tirof etiladi. «Markaziy Osiyo plyus» formatlarida Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, AQSH va boshqa sheriklar bilan doimiy sammitlar o‘tkazilayotgani, mintaqa yagona va mas’uliyatli xalqaro subyekt sifatida tan olinayotgani ta’kidlandi.
Prezident Afg‘oniston masalasini ham chetlab o‘tmadi. Unga ko‘ra, bu mamlakatning barqarorligi butun Markaziy Osiyo xavfsizligi bilan uzviy bog‘liq. Shundan kelib chiqib, Afg‘onistonni mintaqaviy va xalqaro jarayonlarga jalb qilish, Transafg‘on temir yo‘lini amalga oshirish, gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni davom ettirish muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, Mirziyoyev yaqin o‘n yilliklarda Markaziy Osiyo aholisi 100 millionga yetishi, aholining katta qismi yoshlar bo‘lib qolishi kutilayotganini ta’kidlaydi. Bunday demografik o‘zgarishlar sharoitida yoshlar salohiyatini innovatsiya va rivojlanishning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish, ekologiya, suv va oziq-ovqat xavfsizligi, “yashil iqtisodiyot”, sanoat kooperatsiyasi, raqamli texnologiyalarni jadal rivojlantirish muhim vazifalardan sanaladi.
Ma’muriy nuqtayi nazardan, O‘zbekiston rahbari mintaqaviy hamkorlik davlatlar uchun taktik emas, balki kelajak uchun umumiy mas’uliyatdan kelib chiqqan strategik tanlov ekanini alohida urg‘ulaydi. Global noaniqlik sharoitida esa yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash Markaziy Osiyoning eng qimmatli resursiga aylandi.
Prezident maqolasini shunday xulosa bilan yakunlaydi: Yangi Markaziy Osiyo konsepsiyasiga asos solingan jarayon ortga qaytmas yo‘l bo‘lib, tinchlik, barqarorlik va umumiy farovonlik sari qadam tashlash — barcha davlatlar oldidagi tarixiy mas’uliyatdir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.