date
views 4 161

Kuzatuv: Daydixonada tanishgan yigitim bilan “ko‘cha”da oila qurdik

Kuzatuv: Daydixonada tanishgan yigitim bilan “ko‘cha”da oila qurdik
Jinoyatning katta-kichigi bo‘lmaydi. Yovuzlik esa jamiyatda har doim qattiq qoralangan. Qolaversa, qing‘ir ishga jazo ham muqarrar. Biroq nafosat egalari bo‘lgan guldek nozik opa-singillarimiz jinoyatga qo‘l ursa-chi?

To‘g‘ri, insoniyat yaralibdiki, yaxshilik va yomonlik hamisha yonma-yon. Jinoyat degan manfur tushuncha ham bugun yoki kecha paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Ammo hozirgi globallashuv davrida bunday ayanchli holatlar, voqeliklar har juda tez-tez uchrayotgani, odamlarda jinoyatga moyillik kuchayib borayotgani har birimizni jiddiy tashvishga solmay qo‘ymaydi.

Xo‘sh, jinoyatchilikning asl ildizi qayerda? Uning avj olishiga qanday omillar sabab bo‘ladi? Bunday yo‘lni tanlagan insonlar ayni qaysi nuqtada, qaysi bosqichda yangilishishgan?

Birgina qaltis qadam inson hayotini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Keyin pushaymon bo‘lgandan foyda yo‘q. Undan ham yomoni, o‘sha xato keyingisini keltirib chiqaradi. Masalan, shu paytgacha qamalganlarning o‘g‘liga hech kim qiz bermasdi yoki qizini kelin qilishga hadiksirardi. Ko‘cha-ko‘yda yurganda hamma ularga “falonchining bolasi-da”, deb nazar-pisandsiz qarardi. Ishga kiraman deb qayerga bormasin, hujjat to‘ldirayotganda “qarindoshlaringizdan birortasi oldin yoki ayni kunda jinoiy javobgarlikka tortilganmi?”, degan savolning o‘ziyoq nomzodning kelajagiga nuqta qo‘yardi. Bunday og‘ir “yuk”ni ko‘tarib o‘sgan bolalarning hayotda o‘z o‘rnini topishi qiyin bo‘lgan.

Bugunga kelib bunday qarashlar eskirdi. Nohaq ayblanganlar oqlanyapti. Ammo razolatning chirkin ildizi tomir yoymasdan imonni butlash haqida hamma ham o‘ylab ko‘ravermaydi.

Keyingi paytda ayollar jinoyati haqida ko‘p gapirilyapti. Bu boradagi fikr-mulohazalarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ruxsati bilan Zangiotadagi ayollar qamoqxonasiga yo‘l oldik. Uning atrofi tikanli simlar bilan o‘ralgan. Har qadamda qorovul. Hujjatlarimizni sinchiklab tekshirib, navbatdagi eshikka o‘tkazib yuborishdi. Hibsxonaga olib boradigan temir panjaralarning sharaq-shuruqidan boshqa narsa eshitilmaydi.

Hamrohimiz nazoratchi ayol dastlab mahkumalar yashaydigan yotoqxonaga boshlaydi. Ko‘rpa-to‘shagi, choyshablari ozoda. Xona yorug‘ va issiq. O‘rtada maktab partasini eslatadigan stol.

— Mahkumalarning aksari muassasamizdagi tikuv sexida ishlaydi, — deydi hamrohim D. M. — Hamma qatori maosh oladi. Keksa va nogironligi bo‘lganlarning yashash joyi bo‘lak. Dardga chalinganlarniki alohida. O‘ttiz yoshgacha mahkumalar o‘qiydi. Homilador va yosh bolali ayollarga tegishli imtiyozlar yaratilgan. O‘ttiz yillik faoliyatim davomida har xil mahkumalarni ko‘rdim. Bu yerdan chiqqach, ko‘plari o‘zidan tinchib ketadi. Ba’zilari aksi. Ko‘p o‘tmay, qaytib keladi. Bular bilan ishlash uchun tog‘dek sabot kerak.

Bu yerda har xil qismat egalari uchraydi. Boshidan ko‘p narsalarni o‘tkazgan. Qalbidagi hasrat yuzida silqib turibdi. Hamrohim mahkumalar bilan suhbatlashish uchun mo‘’jazgina kutubxonaga boshladi. Kitoblarga razm solaman. Taniqli shoirlar Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Sirojiddin Sayyidning to‘plamlari turibdi. Bir paytlar mahkumlarga hatto gazeta va jurnal o‘qishga ruxsat berilmagan. Hozir boshqacha. Gazeta-jurnallar, kitoblar anchagina. Nahotki, kitob o‘qigan odam jinoyatga qo‘l ursa...

Eshikdan salom berib, mahkumalardan biri kirib keldi. Ko‘rishdik. Suxsurday ayol. O‘ttizdan oshib quyulmagan bu sho‘rlikning na oilasi, na yaqinlari bor. Hali ham hayotda o‘rnini topmagan. Es-hushini yig‘ib olguncha yana qancha vaqt kerak? Ertaga nima bo‘lishi, boshiga qanday kunlar tushishini bilmaydi.

— Onadan erta yetim qoldim. O‘gay onam akam bilan pul topish uchun ko‘chaga chiqarib yubordi. Quruq qo‘l bilan qaytsak, uyga kiritmasdi, — deydi mahkuma N. B. — Uyga bormagan kunlarimiz daydi xonalarda yashardik. Yashash joyimni tayini bo‘lmagach, o‘g‘rilarga qo‘shilib ketdim. Shefimiz Masha ismli ayol edi. Undan o‘g‘rilikni o‘rgandim. Avval yo‘l tunadik, keyin cho‘ntak kesdik. Topganimizni bo‘lishib olardik. Asta-sekin katta bozorlardan “o‘lja” izlaydigan bo‘ldik. Xaridorlarning cho‘ntagini kesib, qamaldim. O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkizgacha jazoni O‘smirlar axloq tuzatish kolonnasida o‘taganman. Ozodlikka chiqqach, o‘sha yerda orttirgan dugonalarimga qo‘shilib, yana o‘g‘rilik qildim. Yigirma to‘rt, yigirma sakkiz, o‘ttiz va o‘ttiz uch yoshgacha umumiy kolonnalarda o‘tirib chiqdim. Oxirgisi Yunusoboddagi savdo do‘konidan bir qizning cho‘ntagini kesib, puli va telefonini oldim. Do‘konda kamera bor ekan. Bir haftada ushlashdi. Bu safar sakkiz yilu bir oyga kesishdi.

Ozodlikda yurganimda ko‘p joydan ish so‘radim. Topolmadim. Ko‘ngil so‘raydigan odam bo‘lmadi. Daydixonada tanishgan yigitim bilan “ko‘cha”da oila qurdik. Ikkalamiz o‘g‘rilik bilan yana qamaldik. Farzandim qamoqxonada tug‘ildi. Hozir o‘g‘limning hamma narsaga aqli yetadi. O‘tgan safar uchrashuvga kelganda: “Ona, nega sizni qamab qo‘yishdi? Otam qayerda? Hamma kimning bolasisan, deb so‘rayapti”, dedi. Unga o‘g‘riman, deyishga uyaldim. Ketgach, qorni och, usti yupun qolmadimikan, deb kechalari o‘ylab chiqaman. Hozir u tengi bolalar ota-onasi bilan xiyobonlarda sayr qilib yuribdi. Dalaga chiqib ishlashga, kimningdir uy ishlarini qilib, hatto qurilishda ishlab, beton quyishga ham roziman. Ozodlikka chiqib, bolamni bag‘rimga olsam bo‘ldi. Qilgan ishimdan pushaymonman.

Nega odamzod shunday-a? Boshi devorga “taq” etib tegsayam ko‘zi ochilmaydi. “Hoy, o‘zingni bilib-turib chohga tashlama”, deyishsayam, quloq solmaydi. O‘z nafsi yo‘lida hech narsadan qaytmaydi. Qo‘liga kishan solingandan keyin xatolari yodiga tushadi. Tezroq jazo muddati tugasa-yu, yorug‘likka chiqsam, deydi.

Navbatdagi mahkumani ham husnini so‘z bilan ifodalash mushkul. Sirtdan qaraganda, odobliday, aslida noshukr. Sadoqatning betiga tupurgan. Ayollik sha’nini tepkilab o‘tgan. Qancha oyday kelinlarni yo‘ldan urib, tirik bevaga aylantirgan. Bolalarini ona mehridan judo qilgan. Endi o‘zi mehr-shafqatga muhtoj. Tavba-tazarruda.

— Havas qilgudek oilam bor edi. Yengil hoyu havaslarga berilib, barbod qildim, — deydi hali o‘ttizga kirmagan D. R. — Shunchaki qiziqib internetga kirgandim. Bir pastda do‘stlar orttirdim. Nargiza degan ayol bilan tanishdim. Turkiyada yaxshi ish borligi, bir yilda ham uyli, ham mashinali bo‘lishimni aytdi. Unga ishonib, Turkiyaga ketdim. Ochlikdan o‘lsam ham, bu ishni qilmasligim kerak edi. U yerda fohishalik qildim. Bunga ko‘nmagan kunlarim o‘ttiz yettinchi etajda osiltirib qo‘yishdi. Pulga qiziqib, qishlog‘imizdagi qizlarni ham yo‘ldan urdim. Bora-bora hayotim do‘zaxga aylandi. Qizlar bilan kelishib, bu yerdan qochish rejasini tuzdik. O‘zim chaqirgan qizlar bilan elchixonaga qochdik.

Nargizani topishdi. Undan pasportimizni qaytarib oldik. Elchixonadan hammamizga chipta qilib berishdi. Men Qirg‘izistondan Farg‘onaga o‘taman, deb samolyotga o‘tirdim. Ikki soatda manzilga yetib keldim. Aeroportda Ruslan degan yigit kutib oldi. Nargiza unga: “Qizlarimni qochirib yubordi. Uni o‘ldir”, deb tayinlagan ekan. Ruslan ovloq joyga olib borib, o‘ziga xizmat qilsam, o‘ldirmasligini aytdi. U bilan yana Turkiyaga qaytdim. Har bir mijozdan uch, to‘rt yuz dollar olib berardim. Tez orada Nargizaning guruhi Dubayda qo‘lga olindi. O‘sha yerda Nargizani uchratdim. Ikkalamizni alohida joyga o‘tkazishdi. O‘sha yerdan bizga chipta olib, shu yerga jo‘natishdi.

Dubayda onam bilan telefon orqali gaplashganda, “Qizim, qidiruvda ekansan. Ishingni hal qilib ket”, degandi. Qaytganimda o‘lganiga qirq besh kun bo‘lgan ekan. O‘g‘limni olib kelishganda, o‘z bolamni tanimadim. Tashlab ketganimda bir yoshu bir oylik edi. Oltiga to‘libdi. O‘g‘limni quchoqlab: “Bolajonim, gunohkor onangni kechir”, deb yig‘lasam, u “onalar bolasidan kechirim so‘ramaydi. Siz meni kechiring”, deydi. Shu olti yashar bolachalik aqlim yo‘q ekan. O‘sha yerdan orttirib kelgan bolam shu yerda tug‘ildi. Meni deb qancha odamlar azob chekdi. Qilgan ishimdan pushaymonman. Hech kimning taqdiri menday bo‘lmasin.

Keyingisi oltmish olti yoshli onaxon. Nuroniy va ochiq chehrasi e’tiborni tortadi. Kutubxonadan ko‘p kitob olib o‘qirkan. Hozir shunday ulug‘ yoshdagi onalar shodu xurramlikda farzandlari ardog‘ida yashayotganini hamma biladi. Bu qariya esa eng xavfli jinoyatchi, degan nom bilan panjara ortida o‘tiribdi. To‘qqiz marta sudlanib, yigirma sakkiz yil qamalgan.

— Dunyodagi eng gunohkor onaman, — deydi M. E. — Oxirgi marta sudlanganimda, o‘g‘lim: “Ona, nega bolalaringni o‘ylamading? O‘ylamas ekansan, unda nega yaratding? Hammamizni tiriklay go‘rga tiqding-ku”, deb yig‘ladi. Qizlarim: “Nima xizmatingiz bo‘lsa, qilardik. Bilganingizdan qolmadingiz. Endi xat yozmang”, deyishdi. Qing‘ir ishlarga qanday aralashib qolganimni bilmayman. Ota-onam olamdan o‘tganda ham qamoqda edim. To‘ng‘ichim bozorda arava tortadi. Yiqqan-terganiga singillariga beshik olib beribdi. Ona bo‘lib bolalarimni bog‘cha yoki maktabga olib bormadim. Shirin taomlar tayyorlab bermadim. Umrim qamoqda o‘tdi. Hisobli dunyo ekan. Qilmishimga yarasha jazo olyapman. Ammo yorug‘ kunlardan umid uzganim yo‘q. Bolalarim, nabiralarim bag‘rida bo‘lishni istayman. Meni kechirishlarini so‘rayman.

Tushlikka yaqin kutubxonadagi mahkumalar go‘daklarini ko‘rish vaqti bo‘lganini aytishdi. Ular bilan bolalar xonasiga bordik. To‘g‘ri, bu yer qamoqxona. Hamma narsa muhayyo bo‘lmasa-da, lekin yashashga sharoit yetarli. Chaqaloqlar xonasi, bolalar bog‘chasi alohida. Homilador va farzandli ayollarga vitaminlarga boy oziq-ovqatlar berilarkan. Yangi tug‘ilgan chaqaloq qirq kungacha onasi bilan birga. Eng og‘ir jinoyatlarni sodir etgan mahkumalargayam ona mehrini berish uchun sharoit yaratilgan. Go‘dagini bag‘riga bosib, to‘yib-to‘yib hidlayotgan onalarning biridan:

— Qizalog‘ingizning ismi nima? — deb so‘raymiz.

— Ozoda, — deydi mahkuma G. A. — Bir necha bor sudlanganman. Qishloqda birovning ninasi yo‘qolsa ham mendan ko‘rishardi. Shu qamalmasin, deb ko‘pincha qarindosh-urug‘lar to‘lashgan. Ota-onam o‘tib ketdi. Ortidan akam. Ozodlikka chiqib, ota uyimga borganda, akamning xotini sig‘dirmadi. Oxir jahl ustida yangamni pichoqlab qo‘ydim. Nima qilay, beixtiyor shu ishni qildim-da! Ilgari qamoqxonada temir kosalarda ovqat berilardi. Hozir chinni likobchalarga almashgan. Yotoqxonamizda televizor orqali har kuni jamiyatimizda yuz berayotgan yangiliklarni kuzataman. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning besh tashabbusi beshinchi bandi xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan.

Jazo muddatim tugasa, biror joyga ishga kirmoqchiman. Qamoqxonada tikuvchilikni o‘rgandim. Kutubxonasidan ko‘plab kitoblar olib o‘qidim. Nazoratchilar muomala madaniyatidan tortib, dars jarayonlarigacha mahkumalarning haq-huquqlarini inobatga olishadi. Qamoqxonadan tashqarida ko‘pchilik bu yerdagi tartib-qoidalar bilan qiziqadi. Jazoni o‘tash jarayoni har kim o‘zini-o‘zi tarbiyalashiga qaratilgan. Bu yer ayollarning joyi emas. Qamoqda kechgan shuncha yillik umrimni ozodlikning bir daqiqasiga almashmayman. Ikki farzandim bor. Tezroq ozodlikka chiqishni istayman.

Hali o‘ttizdan oshmagan ayollar qing‘irlikning jin ko‘chalariga bosh suqib chiqqani, guldek umri panjara ortida o‘tayotganidan achinasiz. Hammasi to‘lib ketgan. Dardlashgisi keladi. Meni kechirsin, deydi. Qani, shu birgina kechirim yoki afv bilan odamzod o‘zgarsa. Qaytib jinoyat ko‘chasiga kirmasa. Hayotini bulg‘amasa.

Qamoqxonada necha yillab ozodlikka chiqishni intiqib kutayotganlar bor. Panjaradan tashqariga mungli termiladi. Tezroq yorug‘likka chiqsamu qora kunlarni unutsam, deydi. Bu yerda vaqt shunday imillab o‘tadiki, bir soat xuddi bir asrdek. Ehtimol, bu qamoqxonada ishlayotganlarga unchalik sezilmas. Har kuni mahkumalarni ko‘raverib, diydasi qotgan.

— Mahkumalarning boshiga tushgan baxtsizlikdan biz ham qayg‘uramiz, — deydi mayor D. S. — Bu yerda ishlayotganimga yigirma yil bo‘ldi. Mahkum birinchi qamoqqa tushganda umumiy tartib-qoidalarga nazar-pisandsiz qaraydi. Atrofidagilar bilan til topisha olmaydi. Yangilarining ko‘nikishi qiyin. Ularga jismoniy zarar yetkazmasdan vijdonini uyg‘otadigan yo‘llar bilan tarbiyalashga harakat qilamiz. O‘z intizomi bilan boshqalarga o‘rnaklarini rag‘batlantirib boramiz. Har haftaning payshanba kuni ma’rifiy, huquqiy mavzuda tadbirlar o‘tkaziladi. Ijodkorlar, olimlar va san’atkorlar kelishadi. Har bir tashrifni intiqib kutishadi. Mahkumalarni “Ma’rifat”, “Ziyo”, “Zakovat” guruhlariga bo‘lib, kitobxonlik kechalari tashkil etiladi. Har biri ozodlikka intiladi. Yaqinlari diydorini ko‘rishdan umidvor.

Kun qorayguncha mahkumalar bilan suhbatlashib o‘tirdik. Oliy ma’lumotli mahkumalarni ham uchratdik. Dardu hasratlarini tinglab, keltirishni joiz bilmadik. Deyarli, hammasining nolishi bir xil. Biror joydan ish topolmagani yoki yetishmovchiliklardan egri yo‘lga kirib ketganini aytadi. Bunga mahalla, hokimiyat va jamiyatni sababchi, deb o‘ylaydi. Balki bu boqimandalik asoratidir. Qilvirlikning boshida turgan ayrimlarning qo‘lida na hunari, na ishlashga ishtiyoqi bor. Ishlamasam ham bir kunim o‘tadi, degan xayolda yuribdi. Ularni ma’rifatga, ziyoga qaytarish, boqimandalik kayfiyatidan olib chiqish mumkinmi?! Bu haqda psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Omina Otajonova shunday deydi:

— Qamoqxona mahkumalarning doimiy uyiga aylanib qolmasligi kerak. Bu yerda vijdonan qiynalishi, yaqinlarini sog‘inishi va xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib, huquqbuzarliklarga boshqa yo‘l qo‘ymasligi lozim. Masalan, AQSh qamoqxonalarida mahkumalar o‘zini-o‘zi tanqid qilib, javobgarlik tuyg‘usini uyg‘otadigan tarbiyaviy jazolarga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Bizda ham jazoni ijro etish muassasalarida psixologlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Agar ular mahkumalar bilan to‘g‘ri aloqa o‘rnatsa, tarbiyasi, xulqi o‘zgaradi.

Ba’zilar uchun qamoqxonada o‘tirib chiqish… Go‘yo, endi undan hamma qo‘rqishi shart. Siz yozishga botinolmagan, bir necha marta qamalgan mahkumalarning so‘ziga e’tibor bering: “O‘sha kuni ko‘chaga Xudo deb chiqqandim. Umrim bo‘yi qancha o‘g‘irliklar qildim. Bunisiniyam eplab ketaman, deb o‘ylagandim. Eplolmadim. Shuni kasriga qolib, qamoqda o‘tiribman”, deydi. Qilgan ishlari, guldek umri panjara ortida o‘tayotganidan pushaymon emas, qing‘irlikni eplolmaganiga achinyapti. Hamma balo shunda.

Xuddi shunaqa voqea Qo‘qon bozorida ham bo‘lgan. Keksa bir ayol bazzozlarning do‘konidan gazlama o‘g‘irlab, beliga o‘rab chiqqan. Bozor qorovullari buni sezib, mahkamaga olib kelishgan. Qariligi, bola-chaqasini bahona qilib, jazodan qutulib qolgan. Tushlikdan so‘ng uni qo‘shni bozorning mahkamasida uchratishgan. Bu safar u: “Nima qilay, o‘g‘irliksiz yasholmayman”, degandan keyin qonuniy chora ko‘rishga majbur bo‘lishgan.

Insonga sirtdan baho berish oson. Unda yovuzlik qachon paydo bo‘ldi? Nega jinoyatga qayta-qayta qo‘l urdi? Unga tutqunlik bilan ozodlik farq qilmaydi. Hayotdan, odamlardan nafratlanadi. Zulm va tajovuz ko‘rgan bola alamzada bo‘lib o‘sadi. Qiz bola esa mehrga, himoyaga ko‘proq muhtoj bo‘ladi. Ba’zan yomon yo‘lga kirib ketgan yoki qamalgan xotin-qizlarni ko‘rib, “Shularning ham otasi bormikan? Aka-ukalari qayerda ekan? Eri-chi?”, degan savollar tug‘iladi.

Ayol erkakning bo‘yni, deymiz. Bo‘yin qayerga burilsa, bosh o‘sha tomonga qaraydi. Farididdin Attor aytadiki: “Yaxshi ayol oilasini saodatga eltadi. Yomon ayol esa ikki dunyosini barbod qiladi”. Inson boshqa jonivorlardan fikrlashi, aql-idroki bilan farq qiladi. Jaholatning davosi faqat bilim va tarbiya. Ota-onadan farzandga qoladigan eng katta boylik bu go‘zal xulqdir. Agar ayollarga oiladagi, farzand tarbiyasidagi o‘rni qay darajada muhimligi, ilmli, hunarli, sabrli va qanoatli bo‘lishini tushuntirmasak, ulardan bundan noxush holatlarni kutish mumkin”.

Bu mavzuga qo‘l urish oson bo‘lmadi. Chunki temir panjaralar ortidan ozod hayot nashidasini intiqib kutayotgan, yaqinlari diydoriga zoru intizor, qilgan ishidan ming afsusu nadomat chekayotgan ayollarning ma’yus nigohlariga boqib yurak tilka-pora bo‘ladi. Ammo har qancha hissiyotga berilmaylik, bu mahkumalarni bu yerga yetaklab kelgan haqiqat bitta — jinoyat! Yozganlarimizdan muddaomiz esa ana shu yurtdoshlarimizning ayanchli qismati boshqalar uchun ham saboq bo‘lsin! Jamiyatimizda bitta bo‘lsayam jinoyatchilik kamaysin! Zero, ham ona, ham opa, ham singil, ham farzand bo‘lgan aziz xotin-qizlarimizning manzili, oshyoni — baxtu saodatga to‘la oilasi, xonadoni, ammo aslo qamoqxona emas!
Adiba UMIROVA.

Manba: Xs.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kuzatuv: Daydixonada tanishgan yigitim bilan “ko‘cha”da oila qurdik