Toshkentda Afg‘oniston parlamentining sobiq spiker o‘rinbosari va yirik tadbirkor Abbos Ibrohimzoda qo‘lga olindi. Bu haqda Amu nashri xabar berdi.
Afg‘onistonning Balx viloyatidan saylangan sobiq deputat, o‘zi asos solgan Ibrohimzada Group kompaniyalar to‘plamining rahbari, biznesdagi raqiblarining ko‘plab shikoyatlari asosida ushlangan. Ibrohimzoda 350 ming dollardan ortiq garov puli qo‘yganiga qaramay, hanuzgacha hibsda qolmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Abbos Ibrohimzoda o‘zining guruhida 20 dan ortiq kompaniyani boshqargan, Balxdagi xususiy telekanalga ega bo‘lgan va ta’lim hamda xayriya sohalarida keng faoliyat ko‘rsatgan. Guruh tomonidan tashkil etilgan xayriya jamg‘armasi ayollar savodxonligini oshirishga qaratilgan.
O‘zbekiston rasmiylari hozirgacha bu qo‘lga olishga munosabat bildirishmagan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘tgan yilda tadbirkorlarga ko‘maklashish uchun qo‘shma vakolatxona tashkil qilgani ma’lum. Bu tadbir, ikki mamlakatning transport, logistika, savdo va sanoat sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!