Sirdaryo viloyatida noodatiy holat qayd etildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalarda ZIL-53 rusumli avtomashina davlat raqami o‘rniga “Farruh” deb yozilgan belgini taqib harakatlanayotgani aks etdi. Mazkur holat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, haydovchiga qonun asosida chora ko‘rildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qoidabuzar haydovchiga nisbatan tegishli bayonnoma rasmiylashtirildi va transport vositasi vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Haydovchi esa o‘z qilmishi uchun afsusdaligini bildirdi:
— Qonunbuzarlik ekanini bilardim. Lekin qiziqib, shunday “nomer”lar qilib ko‘rdik. Boshqalarga ham bunday o‘zboshimchalikdan saqlanishni maslahat beraman, — dedi u.
Shu bilan birga, aholi orasida katta qiziqish uyg‘otgan yana bir masalaga oydinlik kiritildi. Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4 sentyabrda qabul qilingan qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda avtomashina uchun shaxsiy “noyob” davlat raqami belgisini olish imkoni yaratiladi.
Unga ko‘ra, fuqarolar “Uzavtomotobelgi” davlat unitar korxonasi orqali harf va raqamlardan iborat oltitagacha kombinatsiya tuzishlari mumkin bo‘ladi. Bu raqamlar elektron kim oshdi savdolari orqali taqdim etiladi va amaldagi raqamlar bilan takrorlanmasligi hamda qonunchilik va axloqiy me’yorlarga zid ma’noga ega bo‘lmasligi shart qilib qo‘yiladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi tartib nafaqat haydovchilarning shaxsiy istaklarini ro‘yobga chiqaradi, balki davlat budjetiga ham qo‘shimcha daromad olib keladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!