23:23 / 01.12.2019
2 850

Saylovchilar qanday huquqlarga ega?

Saylovchilar qanday huquqlarga ega?
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining qaroriga muvofiq aholining keng qatlamlari, xususan, xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan fuqarolar, nuroniylar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, harbiy xizmatchilar, mehnat jamoalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari o‘rtasida, ularning saylov jarayonida faolligini oshirish, siyosiy bilim darajasini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot va tashviqot ishlari samaradorligini yanada yuksaltirishga qaratilgan uchrashuvlar, davra suhbatlari, seminar-treninglar,bevosita muloqotlar, konferensiyalar, o‘quv darslari, tanlovlar, viktorinalar o‘tkazilib kelinmoqda.

Jumladan joriy yilning 30 noyabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti hududida tashkil etilgan 438-sonli uchastka saylov komissiyasi tashabbusi bilan Institutning «Ma’naviyat va ma’rifat markazi»da «Saylov qonunchiligiga oid yangiliklar» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbatida Toshkent shahar Sergeli tumani prokurorining o‘rinbosari Asror Turg‘unov, Sergeli tumani prokuror yordamchisi Otabek Boboqulov, 438-uchastka saylov komissiyasi a’zolari va Institutning 300 nafardan ortiq kursantlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, Konstitutsiyamizning 117-moddasiga muvofiq, «O‘zbekiston yespublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish – irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi. Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar».

Mustaqil diyorimizda saylov qonunchiligida esa bir qancha islohotlar amalga oshirilib, Saylov kodeksining qabul qilinishi bilan fuqarolarga yanada keng qulaylik yaratildi. Joriy yilning
22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlaridagi barcha munosabatlar esa Saylov kodeksi bilan tartibga solinadi.

Ma’lumki, Saylov kodeksi kuchga kirgunga qadar mavjud bo‘lgan 5 ta qonunda, ya’ni Oliy Majlisga saylov, respublika Prezidenti saylovi, xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylov, Markaziy saylov komissiyasi, Fuqarolar saylov huquqlari kafolatlari to‘g‘risidagi qonunlarda jami 190 ta modda mavjud edi. Endilikda ular tizimlashtirilib, qaytarilishlar, takrorlar bartaraf etilib, 18 ta bob, 103 moddadan iborat bo‘lgan Saylov kodeksi qabul qilindi.

Kodeksda avvalgi qonunlarda bo‘lmagan bir qator alohida moddalar o‘rin oldi. Jumladan, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati, uchastka saylov komissiyasining ovoz berishdan oldingi faoliyati, uchastka saylov komissiyasining ovoz berish kunidagi faoliyati, saylovchining turgan joyida ovoz berish, uchastka saylov komissiyasining ovoz berish tugaganidan keyingi faoliyati, Senat a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish, Senat a’zolarining saylovi bo‘yicha ovoz berishni tashkil etish, Senat a’zolarining saylovi bo‘yicha ovoz berish tartibi, Senat a’zolarining saylovi bo‘yicha ovozlarni sanab chiqish va saylov natijalarini aniqlash, ommaviy axborot vositalarining vakillari, uchast­ka saylov komissiyalari joylashgan binolarni, xonalarni va ovoz berish xonalarini jihozlashga doir talablar shular jumlasidandir.

Shu bois, bu yilgi saylovning avvalgilaridan eng muhim farqli jihatlaridan biri uning ilk bor Saylov kodeksi asosida o‘tkazilishidir. Ahamiyatga molik jihati, kodeksdan saylovlarni umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora va shaffof o‘tkazishga xizmat qiladigan o‘ttizdan ortiq yangi norma va qoida joy olgan. Amalda bo‘lgan ko‘plab cheklovlar chiqarib tashlangan. Yana bir muhim yangilik – «Bir saylovchi – bitta ovozga ega» tamoyilini ta’minlash maqsadida yurtimiz milliy saylov tizimiga saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati tatbiq etilmoqda.

Bu yilgi saylovda davlatimizda faoliyat yuritayotgan beshta siyosiy partiya – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi qatnashadi.

Shuningdek, tadbir davomida taklif etilgan ma’ruzachilar tomonidan Institutning va kursantlarini qiziqtirgan savollarga javoblar hamda qo‘shimcha tushuntirishlar berildi.

– Bunday tadbirlarni o‘tkazilishi zamirida esa, yoshlarning ham siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kuchaytirish, bu yilgi saylov qonunchiligidagi o‘ziga xos qulayliklar yaratilgani to‘g‘risida hamda saylov qonunchiligi bo‘yicha bilimlarini yanada oshirish, ularning saylovlardagi faol ishtiroki mamlakatimiz taqdiri uchun dahldorlik tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qiladi deydi – polkovnik Ikromjon Siddiqov.

FVV Yong‘in xavfsizligi
instituti matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Saylovchilar qanday huquqlarga ega?