17:02 / 08.01.2020
3 145

Turar-joy ijarasi to‘g‘risidagi qonunchilik: muammo va yechimlar

Turar-joy ijarasi to‘g‘risidagi qonunchilik: muammo va yechimlar
Aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, shuningdek barcha hududlarda aholini uy-joy bilan ta’minlashga qaratilgan islohotlar ijrosi doirasida turar-joyni ijaraga berish mexanizmlarini tegishli ravishda ishlab chiqish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Ijara ma’lum bir sharoitlarda, odatda, uy-joy masalasini hal etishning yagona muqobili hisoblanishi ijara sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish muhimligidan dalolat beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan turar-joy ijarasi sohasidagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili o‘tkazildi. O‘tkazilgan tahlil natijalari ushbu sohada qator kamchilik va muammolar mavjudligini ko‘rsatdi.

Birinchidan, turar-joy ijarasining turli jihatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar bazasi mavjudligiga qaramay, qonunchilikda ijarachi huquqlarining to‘laqonli kafolatlari mavjud emas. Bu esa ijaraga beruvchilar tomonidan ijarachilarning qonuniy huquq va erkinliklarini kamsitish, ijara bozorining jozibadorligi va daromadliligini tushirish uchun sharoit yaratadi.

Ikkinchidan, O‘zbekistonda turar-joy ijarasi sohasining sezilarli kamchiligi ijaraga olinayotgan turar-joyning yagona standartlari va muvofiqlikni nazorat qilish mexanizmi yo‘q. Xususan, qonunchilikda va amaliyotda ijaraga olinayotgan turar-joyga nisbatan bir xil mezonlar qo‘llanilmaydi, bu esa tegishli huquqiy jihatdan tartibga solish va ijarachilar huquqlari kafolatlarini ta’minlash imkonini bermayapti.

Mazkur muammo bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, ijarachilar huquqlarini himoya qiluvchi o‘zini o‘zi nazorat qiluvchi ixtisoslashgan tashkilotlarni tashkil qilish uning yechimi sifatida ko‘rilmoqda. Ular belgilangan me’yorlar ijrosini ta’minlaydi, ijarachilarga malakali yuridik yordam ko‘rsatadi, sudda ularning huquqlarini himoya qiladi va ular uchun turar-joy sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi.

Bunday tashkilotlar Germaniyada (Ijarachilar uyushmasi), Shvetsiyada (Ijarachilar assotsiatsiyasi), Kanadada (Turar-joy egalari va ijarachilar kengashi), Buyuk Britaniyada (Uy egalari assotsiatsiyasi, Turar-joy ijarasi bo‘yicha agentlar assotsiatsiyasi) va boshqa davlatlarda ham mavjud. Ushbu mexanizm ijaraga beruvchilar bilan o‘zaro munosabatlarda ijarachilar huquqlarining davlat kafolatlarini amalga oshirishda ta’sirchan vosita sanaladi.

Uchinchidan, turar-joy ijarasi sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini tahlil qilish asnosida davlat turar-joy fondida ob’ektlar va ijara operatsiyalari to‘laqonli tizimli hisobga olinmasligi aniqlandi. Jumladan, vakolatli davlat organlari tomonidan davlat uylarini ijaraga berish, shuningdek uning rentabelligiga doir hisobot va statistik ma’lumotlarni markazlashgan tartibda yig‘ib borish amalga oshirilmaydi. Bu davlat organlari faoliyati ochiqligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, sohada korrupsiogen omillar yuzaga kelishiga turtki bo‘luvchi sharoitlar mavjudligiga ishora qiladi.

Shuningdek, turar-joy ijarasidan kelib tushgan budjet tushumlarini hisob-kitob qilish ijara bozori ishtirokchilari uchun qandaydir rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlar mavjud emasligini ko‘rsatdi, bu esa sohada yashirin sektorning ortishiga olib kelmoqda.

Amaliy o‘rganish natijalari ko‘rsatganidek, ijaraga beruvchilar shartnoma tuzayotganda daromad solig‘i summasini pasaytirish uchun bir necha bor kamaytirilgan summani qayd etadi va bu davlat budjetiga kelib tushayotgan moliyaviy tushumlar miqdoriga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qonunchilikning batafsil tahlili turar-joy ijarasining ayrim shakllari turar-joy qonunchiligi bilan tartibga solinmaganini ko‘rsatdi, bu esa, o‘z navbatida, sohadagi huquqni qo‘llash amaliyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, turar-joy ijarasi bozori salohiyatini sezilarli ravishda pasaytiradi.

Bundan tashqari “Ijara to‘g‘risida”gi qonun bilan turar-joyni kunlik ijaraga olish, ko‘chish shartnomalari tuzilayotganda ijarachi va ijaraga beruvchining to‘laqonli huquqiy maqomi, bunday turdagi shartnomalarni sifatli bajarish kafolatlari belgilanmagan bo‘lib, bu yechimini kutayotgan ma’lum bir muammolar borligiga ishora qilmoqda.

Ilg‘or xorij tajribasini hamda o‘tkazilgan tahlil natijalarini inobatga olgan holda Adliya vazirligi tomonidan turar-joy ijarasi sohasidagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, ijarachilar huquqlari kafolatlarini ta’minlash va ijara bozorini rivojlantirish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqildi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Turar-joy ijarasi to‘g‘risidagi qonunchilik: muammo va yechimlar