00:30 / 03.03.2020
3 976

Chiqindixonada oyliksiz ishlayotgan o‘zbek ayoli

Chiqindixonada oyliksiz ishlayotgan o‘zbek ayoli
Tunov kuni uyga qaytayotib, chiqindixona yonida bir voqeani guvohi bo‘ldim. Ya’ni bir ayol u yerdagi chiqindilarni saralovchi ayoldan nimadir talab qilayotgan edi. Chetdan kuzatsangiz bu holat odamga biroz tushunarsiz edi. Baqirayotgan ayolning nimasidir yo‘qolgani uchun chiqindixona ishchilarini aybdor qilayotgan edi. Oradan ozroq vaqt o‘tgandan so‘ng boyagi ayol ketdi.

Yaqinroq borib voqeaning sababini so‘ragan edim, ayol quyidagicha javob berdi:
«Assalomu alaykum, asli samarqandlikman. Bu yerda bir necha yillardan buyon xo‘jayinim bilan birga ishlaymiz. Oilada 3 nafar o‘g‘il farzandim bor. Katta o‘g‘lim oilali, ular ham mana shunday chiqindixonada ishlaydilar. Kichkina farzandlarim Samarqandda o‘qishadi. Ularni o‘qitish, boqish uchun, albatta, pul kerak. Musofir yurtda ishlash, yashash oson emas. Lekin sabr qilishga majburmiz, chunki biz bu yerdan ketsak, qishlog‘imizda tayinli ishning o‘zi yo‘q. Ko‘rib turganingizdek, ko‘zlarim katarakta. Xo‘jayinim ham betob, hozir ularni davolatishimiz kerak.

Dori-darmonlar uchun esa yetarli pulimiz yo‘q. Lekin hech qachon nolimaymiz, Allohga shukur tinch yashayapmiz, eng katta baxt shu!
Bu yerda ishlaganimiz uchun bizga hech qanday maosh to‘lanmaydi, faqatgina odamlar olib chiqqan chiqindilarni saralab, sotib kun ko‘ramiz. Shu bilan birga, xo‘jayinim ham sog‘ paytlarda mardikorlik qilib, ozmi-ko‘pmi pul topadi.

Hozir ko‘rganingizdek, noxush holatlar ham ko‘p uchrab turadi. U ayolning nohaq ekanini bilganim holda indamadim. Uning aytishicha, o‘g‘li bilmasdan dadasining yangi kiyimi solingan paketni shu yerga tashlagan ekan. Bu haqida xabar topgan ona esa kelib bizdan talab qilayapti. To‘g‘ri bizga kelgan narsalarni ajratamiz, agar biron kerakli narsalar chiqib qolsa, olib qo‘yamiz, egasi kelmasagina sotib yuboramiz. Ammo ayol aytgan paketni men ham, xo‘jayinim ham ko‘rmagan edik. U ayolning bizni o‘g‘riga chiqargani va lo‘lilar deb haqorat qilgani juda og‘ir botdi. Axir, biz ham odammiz, lo‘lilar ham xudoning bandasi, Alloh rizqni hammaga har xil beradiku?! Nima uchun insonlar bunchalik nohaq bo‘lib ketayapti?!

Bu yerda biz qilayotgan ishlar oson emas, bunga hammaning ham sabru bardoshi yetavermaydi. Har kuni ikki mahal sovuq suv bilan atrofni tozalashimiz shart, agar bir kun tozalamasak, atrofga yomon hid yoyiladi. Bilamizki, chiqindilar orqali yomon kasalliklarning yuqish xavfi kuchli, shu bois salomatligimiz har doim tahlikada turadi. Chiqindilarni saralashimiz uchun bizga davlat tomonidan hech qanday himoya vositalari berilmaydi. Biz esa, doimo sabrli bo‘lishga harakat qilamiz».

Ayol bilan suhbatdan so‘ng, bir masalaga oydinlik kiritishga qaror qildim, ya’ni ular uchun davlat tomonidan oylik maosh ajratilganmi yoki yo‘q?

“Maxsustrans” DUK vakili Farhod Quronboyevning so‘zlariga ko‘ra, «2019 yil mart oyidan boshlab chiqindixona operatorlarining ishlash jadvali bo‘lgan. Ammo iqtisodiy qiyinchiliklar sababli shtat jadvali yo‘q qilingan. Chiqindixona ishchilarining barchasi o‘z xohishi bilan qabul qilinadi va shartnoma tuziladi. Hozirda ularga hech qanday oylik maosh berilmaydi».

Bu yerdagi yana bir muammo, chiqindixona ishchisining haq-huquqlarini bilmasligidir. Ya’ni chiqindixonaga odamlar o‘z ixtiyori bilan har qanday mahsulotni olib kelib tashlashlari mumkin, lekin keltirilgan narsalar uchun ishchilari javobgar emas. Agar har birimiz o‘z haq-huquqlarimizni bilib olsak, bu kabi noxush holatlarning, ozgina bo‘lsa-da, oldini olgan bo‘lamiz.

O‘zini boshqalardan ustun tutadigan ayrim kalandimog‘ kishilarga Allohning ojiz bandasi ekanini unutmasliklarini, birovlarga kibr bilan qarasa, Adolatli zot o‘zini ham boshqalar oldida xoru zalil qilishi mumkinligini ta’kidlamoqchimiz.

Hozirda jamiyatimizda shunday ayollar borki, ularning sabru bardoshiga lol qolmaslikning iloji yo‘q. Guvohi bo‘lganingizdek, bugungi qahramonimiz ham ana shunday ayollardan. U tinimsiz mehnat qilib farzandlarining halol yashashlari uchun qo‘lidan kelgancha harakat qilmoqda. Ayolga bir nazar tashlagan har qanday inson uning ko‘zlaridan hayoti qanchalar qiyinchiliklarga boy va mashaqqatlardan iborat ekanligini tushunib oladi. Alloh ulardan rozi bo‘lsin...

Nozima Umarali qizi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chiqindixonada oyliksiz ishlayotgan o‘zbek ayoli