
Foto: «news.pn»
2016 yildan beri Kanadaning Kalgari shahrida doimiy istiqomat qilib kelayotgan bloger Farhod Fayzullayev allaqachon pandemiyaga aylanib ulgurgan koronavirusning oqibatlari va unga qarshi ehtiyot choralari haqida post qoldirdi.
Angela Merkel aytdi, nemislarning 70 foizigacha bu virusni yuqtirishi mumkin. Germaniyada! Dunyodagi eng rivojlangan davlatlarning birida. Kanada Bosh vaziri o‘rinbosari ham Merkel bergan raqam haqiqatga yaqin ekani, Kanada hukumati va xalqi tayyor turishini ta’kidladi.
Nyu-York gubernatori virusga qarshi ikki yo‘l bilan kurashish mumkinligini aytdi: (a) ommaviy analiz olish va virus chiqqanlarni karantin qilish yoki (b) ommaviy ijtimoiy izolyatsiya. Virus aniqlanmasidan maktab, bog‘cha, ishxona, bozorlar yopiladi va hamma uyida o‘tiradi.
Barcha olimlar, siyosatchilar, rahbarlar, Xitoy, Janubiy Koreya, Italiya tajribasi shuni ko‘rsatyaptiki, virusdan qochib qutilish qiyin. Shunday ekan, unga tayyor turish kerak.
70 foiz aholiga koronavirus yuqqan taqdirda ham maksimum 5 foiz aholi qurbon bo‘lishi mumkin. O‘lish xavfi yuqori bo‘lganlar toifasiga asosan qariyalar va avvaldan kasali bor (diabet, rak, VICH, gepatit) insonlar kiradi.
Hozir rivojlangan davlatlar hukumatlari qo‘llayotgan taktika kasalxonaga murojaatlarni maksimal kamaytirishdan iborat. Maksimal ma’lumot berib, kasallikning yengil formalarini uyda davolash. Kasallarni uyda izolyatsiya qilish. Aks holda kasalxonalarda joy qolmay, koronavirus yuqtirmagan o‘nlab, hatto yuzlab boshqa kasallar vafot etmoqda (Italiya va Janubiy Koreyada).
Kanada sog‘liqni saqlash agentligi ming marta qaytardi: simptom bo‘lsa ko‘chaga chiqma, doktorga borma, kasalxonaga borma! 8-1-1 — shoshilinch bo‘lmagan tibbiy yordam raqamiga telefon qil, u yerda hamshiralar simptomlarni o‘rganadi va keyin nima qilish kerakligini o‘rgatadi. Chunki kasal odam avtobusga chiqib, kasalxonaga borsa, yo‘l-yo‘lakay o‘nlab odamlarga yuqtirishi mumkin.
Menimcha (adashayotgan bo‘lsam xursand bo‘laman) O‘zbekistondayam bu virus allaqachon bor. Yoki doktorlar bilmaydi (analiz qilish imkoniyati yo‘q, kasallar uyida qo‘y yog‘i surtib yotibdi va h.k.), yoki berkitishyapti.
Panika qilish kerak emas, tayyor turish kerak. Defitsitga, bog‘cha va maktablar yopilishiga, hayot tarzi keskin o‘zgarishiga. Uyga bir oyga yetadigan aynimaydigan ovqat va masalliqlar, salfetkalar, dezinfeksiya vositalarini jamg‘arib qo‘yish kerak.
Kasal va uning uyidagilar bozorga bormasligi kerak. Kanada hukumati maslahatiga ko‘ra, bozorni tanish-bilishlar qilib, eshikning tagiga qo‘yib ketishi kerak, zinhor kasal bor uyga kirmasligi kerak.
Ba’zilar koronavirus desa hingir-hingir qilib, hazilga olib, AQSH va Xitoy urushi deb, o‘zini ovutib o‘tiribdi. Bunaqalardan saqlaning. Jiddiy qarang, lekin vahimaga tushmang.
O‘zingiz va oilangizni virusdan asrang. Asosiy qilinishi kerak bo‘lgan ishlar:
- Qo‘lni yuving, sovunlab, 20 soniya davomida. Sovunlab yuvilgan qo‘lga antiseptik ishlatish shart emas;
- Yuzingizga tegmang. Iflos qo‘llar bilan yuz va ko‘zlarga teshish orqali virusni yuqtirish mumkin ekan;
- Mazangiz bo‘lmasa ko‘chaga chiqmang.
Mana shu uch qadamni bajarishni barcha rivojlangan davlatlar hukumatlari va olimlar ta’kidlashmoqda, deb yozadi bloger. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar