
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.
Ijtimoiy tadbirkorlikning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
- ijtimoiy adolat;
- jamiyat manfaatlarining ustuvorligi;
- ijtimoiy tadbirkorlikning ixtiyoriyligi.
Ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatining maqsadlariga quyidagilar kiradi:
- aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini ish o‘rinlari, ijtimoiy tovarlar va ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash;
- aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga dori vositalari yoki ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlarini tannarxida yoxud tannarxidan past bo‘lgan narxlarda realizatsiya qilish;
- tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar va favqulodda xususiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni bartaraf etish;
- boshqa ijtimoiy maqsadlarni ko‘zlagan faoliyatni amalga oshirish.
Ijtimoiy tadbirkorlik sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- davlat tomonidan ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;
- ijtimoiy tadbirkorlikning huquqiy asoslarini yaratish va takomillashtirish;
- ijtimoiy tadbirkorlik sohasida davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- ijtimoiy loyihalar uchun investitsiyalar jalb qilishda qulay shart-sharoitlar yaratish.
Yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar ijtimoiy korxona sifatida quyidagi mezonlardan biriga yoki bir nechtasiga mos kelganda, ijtimoiy korxonalarning reyestriga kiritiladi:
xodimlarining umumiy sonida aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga mansub shaxslar kamida 70 foizni tashkil etadigan hamda aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga mansub shaxslarning mehnatiga haq to‘lash fondi mehnatga haq to‘lash umumiy fondining kamida 70 foizini tashkil etadigan yuridik shaxslar;
ishlab chiqaradigan tovarlarini yoki ko‘rsatadigan xizmatlarini realizatsiya qilishdan tushgan tushum umumiy hajmining kamida 50 foizini ijtimoiy tovarlar realizatsiya qilishdan yoki ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan tushum tashkil etadigan shaxslar;
ijtimoiy tovar va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlarining kamida 50 foizini mazkur tovarlarning tannarxida yoki tannarxidan past bo‘lgan narxlarda chakana savdo orqali aholiga realizatsiya qiladigan shaxslar;
faoliyatini tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar va boshqa favqulodda xususiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni bartaraf etishga qaratilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarishga o‘zgartirgan shaxslar.
Yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlarning ijtimoiy korxona mezonlariga mos kelishi ularning choraklik moliyaviy hisobotlarini o‘rganish orqali soliq organlari tomonidan aniqlanadi.
Ijtimoiy korxonalarning reyestriga kiritilgan shaxslar, o‘tgan moliya yilida olingan foydaning kamida uchdan ikki qismini keyingi moliya yili davomida ijtimoiy korxonaning faoliyatiga yoki ijtimoiy loyihalarga reinvestitsiyaga yo‘naltirishi shart, asosiy faoliyatini favqulodda holatlarni bartaraf etishga o‘zgartirgan shaxslar bundan mustasno. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing