12:45 / 03.05.2020
5 190

Sardobadagi hodisa bo‘yicha jinoiy ish ochildi

Sardobadagi hodisa bo‘yicha jinoiy ish ochildi
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi suv omborida ro‘y bergan avariya yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘adi.
«Joriy yil 1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori o‘pirilishi oqibatida suv toshqini yuzaga kelganligi holati yuzasidan JKning 207-moddasi 1-qismi va 258-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi», deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlarini olib borish DXX organlariga yuklatilgan.

Eslatib o‘tamiz, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida to‘g‘oni 1 may tongida buzilib, suv toshib chiqqan edi. 3 may holatiga ko‘ra qutqaruvchilar tomonidan 300dan oshiq kishi toshqin oqibatlaridan qutqarilgan.

Avariya oqibatida kelib chiqqan suv toshqinlaridan so‘ng 70 mingga yaqin aholi evakuatsiya qilingan, kamida 56 nafar fuqaro turli tan jarohatlari bilan kasalxonalarga yotqizilgan.

Jinoyat kodeksi

207-modda. Mansabga sovuqqonlik bilan qarash

Mansabga sovuqqonlik bilan qarash, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishi oqibatida ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.


258-modda. Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish
Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmish:
a) odam o‘lishiga;
b) boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, —
muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sardobadagi hodisa bo‘yicha jinoiy ish ochildi