20:46 / 14.06.2020
3 514

Koronavirus oqibatlari: o‘pka, yurak, buyraklar va miya shikastlanadi. Bu uzoq vaqtgami yoki bir umrga?

Koronavirus oqibatlari: o‘pka, yurak, buyraklar va miya shikastlanadi. Bu uzoq vaqtgami yoki bir umrga?
Foto: Getty Images
Mana yarim yildirki dunyo olim va shifokorlari Covid-19’ning inson tanasiga yetkazuvchi zararini baholashga harakat qilishmoqda, ammo 400 mingdan ortiq o‘lim, millionlab bemorlar va minglab tadqiqot hamda hisobotlarga qaramay, to‘liq xulosaga kelinmadi.

Britaniyalik tadqiqotchilar tomonidan olingan ma’lumotlar kasallikning dastlabki alomatlari 30 yoki undan ortiq kun ichida paydo bo‘lishi, yo‘q bo‘lib ketishi va qayta kuzatilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda, bu JSST mutaxassislari tomonidan belgilangan rasmiy ikki haftalik davrdan sezilarli darajada ko‘p.

Kimdir uchun kasallik virusga qarshi uzoq va ayanchli davom etadigan kurashning boshlanishi bo‘lishi mumkin va u yangi «postkoronavirus sindromi»ga aylanib ketishi ehtimoli bor.

Nufuzli Science jurnalida qayd etilishicha, koronavirusning bu turi «insoniyatga tanish biror kasallik qilmagan ishlarni qiladi».

Rasmiylar infeksiya tarqalishini to‘xtatish uchun chora ketidan chora ko‘rishi, shifokorlar kasallikni yengadigan dori yoki vaksinani qidirishi (behuda) davomida, biz koronavirus haqida yangidan yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldik va u haqidagi tasavvurlar o‘zgarib ketdi.

Avvaliga bu SARS yoki parranda grippi kabi odatiy respirator kasallik bo‘lib ko‘ringandi, ammo keyinchalik oydinlashicha, koronavirus (uning rasmiy nomi SARS-CoV-2) o‘pka, miya, burun-halqum, ko‘zlar, yurak, qon tomirlari, jigar, buyraklar va ichaklarga, ya’ni tom ma’noda barcha hayotiy organlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi.

Hozirgacha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, Covid-19 turli alomatlarga ega va kasallikning og‘ir turiga chalinganlar uchun uzoq muddatli oqibatlar jiddiy tus olishi mumkin: o‘pka to‘qimalari bitib qolishi va buyrak ishdan chiqishidan tortib yurak mushaklari yallig‘lanishi, aritmiya, jigar shikastlanishi, kognitiv buzilish, kayfiyat keskin o‘zgarishi bilan kechadigan psixoz va boshqalar.

Kasallikning odamlarga ta’sirini hali uzoq aniqlashtirish kerak, ammo hozirda ushbu kasallikning oqibatlarini hatto uning yengil turiga chalinganlar ham boshdan kechirishda davom etmoqda.

Yana bir muhim savol tug‘iladi: SARS-CoV-2 virusi inson tanasida harakatsiz holatda saqlanishi va bir necha yil davomida o‘zini u yoki bu ko‘rinishda namoyon qilmasligi mumkinmi?

Buning hayron qolarli joyi yo‘q, deydi shifokorlar, chunki shunday tabiatli viruslar fanga ma’lum. Masalan, odam suvchechak bilan kasallanganidan keyin, uni keltirib chiqargan gerpes virusi hech qayerga yo‘qolib ketmaydi, u o‘nlab yillar davomida jimgina yashirinishi mumkin va qulay vaqtda og‘riqli temiratkiga olib keladi.

Gepatit B’ni keltirib chiqaradigan virus esa ko‘p yillar o‘tgach jigar saratonini keltirib chiqarishi ehtimoli bor.

Hatto sog‘ayib ketganidan bir necha oy o‘tgan sobiq bemorlar ko‘zidagi suyuqlikda topilgan Ebola virusi keyinchalik yuqtirganlarning 40 foizida ko‘rlikka sabab bo‘ladi.

Shu sababli, SARS-CoV-2 ko‘proq o‘pkani zararlashini hisobga olib, shifokorlar virusning aynan nafas olish tizimida qaytarib bo‘lmas o‘zgarishlarga olib kelishini taxmin qilishdi.

O‘pka
Uhan Texnologiya universiteti mutaxassislari mart oyidayoq Covid-19 keltirib chiqargan pnevmoniyani boshdan kechirgan 70 bemorning 66 nafariga tegishli kompyuter tomografiyasi tahlillarida o‘pka shikastlanishi ko‘ringani haqida xabar qilishgan.

Ayrim bemorlarda o‘pka funksiyalari to‘la tiklanmasligi mumkin ​​​​​Foto: Getty Images
Ushbu shikastlanishlar alveoladagi qon tomirlari tiqilib qolishidan tortib o‘pka to‘qimalarida chandiqlar yuzaga kelishigacha bo‘lgan. Ushbu chandiqlar yoki to‘qima qalinlashishi o‘pka fibrozi deb ataladi va nafas qisilishiga olib keladi. Hozirda ushbu jarayonni to‘xtatish yoki orqaga qaytarishning imkoni yo‘q.

«Fibroz vaqt o‘tishi bilan barqarorlashishi va o‘zgarmasligi mumkin, bu haqiqat. Ba’zi bemorlarda o‘pka funksiyasi to‘liq tiklanmaydi, ammo oqibatlar unchalik katta bo‘lmaydi. Ammo rivojlanuvchi fibroz hollari ham mavjud va ular juda xavfli bo‘lib, ertami-kechmi o‘limga olib keladi», deb tushuntiradi Lester universiteti professori Luiza Ueyn.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniyada qat’iy karantin joriy qilinishidan oldinroq Britaniya shifokor-reanimatologlarini tayyorlashga ixtisoslashtirilgan professional tibbiy tashkilot – Intensiv terapiya tibbiyot fakulteti (FICM) Covid-19’ning og‘ir shaklini boshdan kechirayotgan bemorlar o‘pkasi qayta tiklanishi uchun 15 yilgacha vaqt kerak bo‘ladigan qattiq jarohat olishi mumkinligini ogohlantirishgandi.

FICM’ning ta’kidlashicha, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan bemorlarning aksariyatida o‘tkir respirator distress-sindromi (O‘RDS) yuzaga kelgan – o‘pkalarning eng og‘ir yallig‘lanishi, unda qondagi suyuqlik alveolalarga kiradi va natijada maxsus apparatsiz nafas olish imkonsiz bo‘lib qoladi.

SARS va MERS bilan og‘rigan bemorlarda o‘pka to‘qimalarining shikastlanishi tarixini hisobga olgan holda, Los-Anjelesning Kaliforniya universiteti radiologi Melina Husayniy boshchiligidagi tibbiy guruh Covid-19 bemorlarini kuzatishni va ularning o‘pkalarini «uzoq muddatli yoki doimiy zararni, shu jumladan fibrozni baholash uchun» tekshirishni qat’iy tavsiya qilmoqda.

Yurak va qon tomirlari
Shifokorlar Covid-19 bemorlarining turli organlariga yetadigan zararni baholashga harakat qilish paytida juda kutilgan muammoga duch kelishmoqda: o‘pka, yurak, buyrak yoki qon kasalliklaridan aziyat chekadigan odamlar, odatda, koronavirusning birinchi qurboni bo‘lishdi va kasallik ularda ko‘pincha jiddiy tarzda davom etdi. Shuning uchun virus nimaga olib kelganini va undan avvalgi holat qanday bo‘lganini aniqlashning har doim ham imkoni yo‘q.

Biroq, bitta narsa aniq: infeksiya alomatlari namoyon bo‘la boshlaganda, ko‘plab organlar faoliyati buziladi, biridagi nosozlik boshqalarining ishlamay qolishiga olib keladi.

Insult va infarktga olib keluvchi o‘tkir yallig‘lanish jarayoni ham o‘z rolini o‘ynaydi.

Koronavirus miokardit va aritmiyaga olib kelishi, qon aylanishini buzib, nafas qisilishini chaqirishi mumkin
JAMA Cardiology ixtisoslashtirilgan tibbiy jurnalida e’lon qilingan mart oyi hisobotiga ko‘ra, Uhan kasalxonalarida ko‘rikdan o‘tgan 416 bemorning deyarli 20 foizida yurak mushagi shikastlangan. Xuddi shu joydagi reanimatsiya bo‘limlarida 36 bemorning 44 foizida aritmiya qayd etilgan.

Shifokorlar buni gipersitokinemiya yoki sitokin bo‘roni bilan bog‘lashadi, u immunitet hujayralarining nazoratsiz faollashuvini qo‘zg‘atadigan organizmning halokatli reaksiyasi bo‘lib, bu yallig‘lanish markazi to‘qimalari yo‘q qilinishiga olib keladi. Reaksiya koronavirus bilan kasallangan ba’zi bemorlarda kuzatildi.

Xususan, yurak mushaklarining yallig‘lanishi (miokardit) yuzaga keladi, bu elektr impulslariga xalaqit beradi, aritmiyaga olib keladi va qon aylanishini buzib, nafas qisilishini chaqiradi.

Yurak-qon tomir tizimining asoratlari faqatgina Covid-19 uchun xos emas: ko‘plab virusli kasalliklar miokarditga olib kelishi mumkin. Vaholanki, aksariyat bemorlar tuzalib ketsa ham, ayrim hollardagi yurak mushagi shikastlanishi tiklanmaydi.

Bundan tashqari, Covid-19 qonning o‘ziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Niderlandiyada intensiv terapiyaga tushib qolgan 184 bemorning 38 foizida qon ivishi ortishi aniqlandi va ularning deyarli uchdan bir qismida tromblar yuzaga keldi.

Buyrak
Koronavirus birinchi navbatda o‘pkani shikastlasa ham, ammo ba’zi bemorlarda infeksiya buyraklarga ham tarqaldi.
Xitoyda o‘tkazilgan namunaviy tadqiqot natijalariga ko‘ra, Uhan shifoxonalariga koronavirus bilan murojaat qilgan 85 bemorning 27 foizida buyrak muammosi yuzaga kelgan.

Boshqa bir tadqiqotga ko‘ra, Xubey va Sichuan provinsiyalarida kasalxonaga yotqizilgan deyarli 200 bemorning siydigi tekshirilganda, 59 foiz holatda infeksiyani tasdiqlovchi oqsil va 44 foiz holatda buyrakning jiddiy shikastlanganidan darak beruvchi qon aniqlangan.

Bundan tashqari, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi (O‘BЕ) bo‘lgan bemorlarda o‘lim xavfi koronavirus bilan kasallangan oddiy bemorlarga nisbatan 5 baravar yuqori edi.

Miya
Covid-19 bilan tekshirilgan 214 bemorning uchdan bir qismida bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i va kognitiv buzilishlarni o‘z ichiga olgan nevrologik alomatlar kuzatildi.

Olimlar hozircha koronavirus miya faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniqlashmadi
Hozircha olimlar bu alomatlarga nima sabab bo‘lgani haqida faqat taxmin qilishmoqda. Biroq, mavjud nazariyalarda virusning neyronlarga – asab hujayralariga qanday ta’sir qilishiga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, ta’m va hid sezish yo‘qolishi, yallig‘lanish jarayonlari (inson immun tizimi virusga shu tarzda javob beradi) va ba’zi bemorlar kuzatilgan kislorod yetishmasligi haqida ham aytib o‘tilgan.

Kognitiv buzilishlar intensiv terapiya sharoitida bo‘lgan bemorlarga bog‘liq bo‘lishi mumkin, bu holat odamda gallyutsinatsiyalar mavjud bo‘lganda ong vaqtincha xiralashishi yoki deliriya deb ham ataladi, ammo bu ko‘pincha keksa odamlarda kuzatiladi.

Odatda alomatlar vaqt o‘tishi bilan yo‘qolsa ham, ularning ba’zilari saqlanib qolishi mumkin. Shifokorlarning fikriga ko‘ra, koronavirus bilan og‘rigan bemorlarda kognitiv funksiyalarning tiklanishi yoshga, komorbidlikka (ya’ni, bemorda ikki yoki undan ortiq kasallik yoki buzilishlar mavjud bo‘lishi) va kasallikning kechish sur’atiga chambarchas bog‘liq.

Londondagi Qirollik kollejining tibbiy reabilitatsiya professori Linn Terner-Stoks ta’kidlaganidek, virus hatto kasallikning yengil shakli bilan og‘rigan bemorlarning miyasiga ham ta’sir qilishi mumkin.

Kembrij universiteti professori Ed Bullmorning so‘zlariga ko‘ra esa, SARS-CoV-2 «bemorning ruhiy holatida turlicha o‘zgarishlarga» olib keluvchi «neyrotoksik xastalikni» keltirib chiqaradi, deb taxmin qilish uchun asosli sabablar bor.

«Biz bu neyrotoksiklikni aynan nima keltirib chiqarishini bilmaymiz. Ehtimol, virus miyani zararlaydi, balki immunitet tizimining virusga reaksiyasi neyronlarni shikastlashi yoki hamma gap miyaga boruvchi qon bilan bog‘liqdir. Hozirda ushbu talqinlarning barchasi ehtimol», deydi professor Bullmor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus oqibatlari: o‘pka, yurak, buyraklar va miya shikastlanadi. Bu uzoq vaqtgami yoki bir umrga?