10:53 / 27.06.2020
2 038

Komil Allamjonov: «O‘chakishib, matbuotni bo‘g‘ish bilan rahbarlar jurnalistlarni o‘zlariga dushman qilib qo‘yadi»

Komil Allamjonov: «O‘chakishib, matbuotni bo‘g‘ish bilan rahbarlar jurnalistlarni o‘zlariga dushman qilib qo‘yadi»
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov UzReport telekanaliga bergan intervyusi davomida nega tanqidga uchragan rahbarlar hadeganda ishdan olinmasligini tushuntirib berdi.

«So‘z erkinligi odamlarning dunyoqarashini o‘zgartiradi, hech bo‘lmaganda odamlarning ichidagi hovurini chiqarib yuborishi uchun ham muhim, deyishadi.

Lekin biz shunday sharoitdamizki, imkoniyatlarimiz yillar davomida to‘planib qolgan muammolarning barchasini yechishga izn bermaydi. Hozir imkoniyatlarimiz haminqadar bo‘la turib, hammaga «erkin gapiravering, muammolarni ko‘taravering», demoqdamiz. Matbuot esa baralla ishlayapti.

Bu holda biz juda xohlasak ham bu muammolarni yecha olmaymiz. Bunday holatda qanday yo‘l tutmoqlik to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylaysiz? Matbuot etikaga rioya qilmasdan, o‘z tartibi, madaniyati, qadriyatlariga ega bo‘lmasdan, tinmay yozaversa…

Hozir juda nozik davrga kirib kelyapmiz: agar biz qadriyatlarimizni to‘g‘ri belgilab olmas ekanmiz, madaniyat va etikamizni shakllantirmas ekanmiz, o‘rtadagi muvozanatni topmasdan, har bir bloger va jurnalist vatanparvar bo‘lib, vaziyatga to‘g‘ri baho bermasdan faoliyat yuritsa, bu hovurni chiqarish emas, qayiqni chayqatish bo‘ladi.

Davlatning imkoniyatlari qanaqa ekanligini, ayrim muammolarni hal qilish uchun ma’lum bir vaqt kerakligini to‘liq tushunib yetmagan omma talab va tanqid qilaversa, hukumat, davlat obro‘sizlanib qolmaydimi?

Bugungi O‘zbekiston uchun qaysi usul to‘g‘ri hisoblanadi, degan savol shunday nuqtaga keldiki, ikkilantirib qo‘ymoqda.
Hokimlarimiz, vazirlarimiz va juda katta-katta amaldorlar matbuotda o‘ylamay gapirib qo‘yganining oqibatida qanday rezonansli holatlar yuzaga keldi.

O‘sha paytda prezidentimiz bir fikr aytgan: «Erkin matbuot — O‘zbekiston uchun yangilik. Faoliyat yuritayotgan rahbarlar uchun ham yangilik. Davr ko‘rsatdiki, biz yaxshi ishlaydigan, zamonaviy kadrlarni ko‘nglimiz darajasida yetkaza olmadik. Demak, hozir aynan shunday kadrlarni yaratish va tarbiyalash davri. Men hammaga xato qilishga va o‘z xatosi ustida ishlashga imkoniyat beraman. Men ularni boshqacha tarbiyalay olmayman».

Demak, matbuot ochiq, biror bir amaldor xato qildimi, xatosini to‘g‘rilash uchun o‘zi harakat qilsin, ishlasin va uni to‘g‘irlashni o‘ylasin. Qilgan xatosi matbuotda yoritilgan har bir odam ishdan ketaversa, ertaga uning o‘rniga kelgan odam xuddi shunday xatoni qilmaydi, deb ayta olmaymiz. Chunki ishlashga qodir, kutib turgan pachkalab kadrlar zaxiramiz ham yo‘q.

Xatoning ham ko‘rinishlari bor. So‘z bilan, bilmay-o‘ylamay gapirib qo‘yish boshqa, haqorat qilish boshqa.
Endi hokimlar masalasiga keladigan bo‘lsak, masalan, viloyat hokimlarimizga to‘xtalsak, ularning faoliyati haqidagi fikr kim orqali shakllanmoqda?

Agar hokimiyatni bir oila deb hisoblaydigan bo‘lsak, oila a’zolaridan kimdir ichki jarayonidan gap-so‘zlarni yashirincha yozib olib, internetga sizdirmoqda. Buning oqibatida, ularning hissiyot bilan gapirgan haqoratlari, so‘zlari ommaga chiqmoqda. Odamlarda esa bunday odam hokim bo‘lib ishlashi kerakmas, degan fikr shakllanmoqda.

Rahbarning ko‘zi bilan qaraydigan bo‘lsak, majlislarda haqoratli so‘zlarni ishlatgani uchun hokimlarni ishdan olinishi masalasiga boshqacha yondashiladi: viloyat hokimi prognoz ko‘rsatkichlarni bajaryaptimi — ha, budjetga soliqlar tushumini o‘z vaqtida bajaryaptimi — ha, xalq bilan uchrashyaptimi — ha, fuqarolarning muammolarini hal qilib beryaptimi — ha, qurilish yo bo‘lmasam investitsion loyihalarni a’lo darajada bajaryaptimi — ha, lekin o‘z xodimlarini koyish paytida jahllanib, ehtirosga berilib kimnidir so‘kib qo‘ygani chiqib ketib, odamlar uni ishdan olishni talab qilsa-chi?

Mening dadam ham oilada o‘tirganimizda nimadandir jahllanib koyishlari mumkin. Bu — oiladagi ichki narsa. Lekin men o‘sha paytda so‘zlarni diktofonga yozib olib chiqarib yuborsam, butun jamiyatda u kishi haqidagi fikr o‘zgaradi-qo‘yadi, so‘ng o‘zimizni oqlay olmaymiz. Bu ham xuddi shunaqa narsa.

Bunday paytda viloyat hokimlari, ularning matbuot kotiblari, piar strategiyasini tashkil qiluvchi xodimlar nima qilishlari kerak, aslida? Ishni to‘g‘ri tashkil qilishlari kerak. Lekin bunday ish tajribasi bo‘lmagan xodimlarimiz qiyin ahvolda qolishmoqda. Ular bu jarayon bilan kurashish o‘rniga, jurnalistlar bilan kurashishmoqda. Bu — noto‘g‘ri. Bitta muammo ikkinchi bir muammoning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Prezident bunday masalalarga arqonni uzun tashlab, keng qaramoqda. Boshqacha tarbiyalashning yo‘li yo‘q, boshqacha o‘rgatishning yo‘li yo‘q. Formulasi, retsepti juda oson va oddiy: matbuotga o‘z vaqtida ma’lumotni berish kerak, matbuot tomonidan qo‘yilgan savolga vaqtida javob berilishi lozim, matbuot ko‘tarayotgan xalq dardini eshitib, o‘sha xatoni to‘g‘rilab, hisobotini berib qo‘yish kerak — bo‘ldi!

Lekin muammoni hal qilish o‘rniga, yozgan jurnalistni quvlab ketib qolishmoqda. Jurnalist ketaveradi, lekin muammo qolib ketadi. Xalq kuzatib turibdi, ertaga bu jurnalist bo‘lmasa, boshqasi telefoniga yozib olib chiqarib tarqatadi. O‘zbekistonda 19 milliondan oshiq Telegram foydalanuvchilari bor. 60 foiz aholimiz yoshlardan iborat, hammaning qo‘lida telefon bor. 19 million jurnalist va bloger degani bu. Unga hech kim to‘sqinlik qilolmaydi.

Shunaqa ekan, oddiy ishni og‘irlashtirmasdan, odamlarga yolg‘on va’dalar bermasdan, biror muammoni hal qilish uchun hozir imkoniyat yo‘qligi haqida to‘g‘ri ma’lumot berish kerak. Odamlar tushunmaydimi?

Yolg‘on va’da — eng yomoni. Samimiy bo‘l, cho‘ntagingdagi pulni ochiqchasiga ko‘rsat. Muammo keyinroq hal qilinadigan bo‘lsa ham, hozir nima qilishingni aytib qo‘y. O‘sha qilgan ishingni odamlar ko‘rsin. Bo‘ldi, juda oson.

Lekin shu osongina narsani qilishmaydi, qilishni xohlashmaydi, kibrga berilganlari juda ko‘p. Mana shunaqa qilib, o‘chakishib, matbuotni bo‘g‘amiz, materiallarni oldirib tashlashga harakat… Iloji yo‘q buning! Bu holda jurnalistlarni o‘zimizga dushman qilib qo‘yamiz», – ta’kidladi Allamjonov.


Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Komil Allamjonov: «O‘chakishib, matbuotni bo‘g‘ish bilan rahbarlar jurnalistlarni o‘zlariga dushman qilib qo‘yadi»