00:04 / 09.07.2020
2 629

Koronavirus havodan ham yuqadimi? JSST bu faktni rasman tasdiqlashi kutilmoqda

Koronavirus havodan ham yuqadimi? JSST bu faktni rasman tasdiqlashi kutilmoqda
Foto: AP/TASS
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti seshanba kuni koronavirus ustida tadqiqot olib borgan bir guruh olimlar virus odamlar orasida qanday tarqalishi haqidagi ko‘rsatmalarni yangilashni talab qilganidan so‘ng virusning havo orqali yuqishi mumkinligini tasdiqladi.

«Biz koronavirusning havo orqali yuqishi haqida gaplashmoqdamiz», degan JSSTning Covid-19 pandemiyasi bo‘yicha texnik direktori Mariya van Kerxov shu masala bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda.

JSST avvalroq faqat nafas olish yo‘llari yallig‘lanishi kasalligini keltirib chiqaradigan Covid-19 asosan uni yuqtirgan odamning burni va og‘zidan chiqadigan mayda tomchilar orqali tarqalishini, tomchilar og‘iz va burundan chiqqanidan so‘ng tezda yerga tushishini aytgan edi.

Dushanba kuni «Klinik yuqumli kasalliklar» jurnalida dunyoning 32 mamlakatidan bo‘lgan 239 olim tomonidan imzolanib JSSTning Jeneva agentligiga yuborilgan ochiq xati chop etildi. Unda olimlar koronavirusning tomchilari u bilan zararlangan odamlarning og‘zi va burnidan chiqqanda hammasi ham yerga tushmasligini, bir qismi havoda suzuvchi bo‘lib qolishini hamda o‘sha havodan nafas olayotgan odamlarga yuqishi mumkin degan dalillar keltirilgan.

Ochiq xatda olimlar JSSTdan koronavirus yuqishi mumkin bo‘lgan holatlarga o‘zgartirish kiritishni va uni havodan ham yuqtirish mumkinligini qo‘shib qo‘yishni talab qilgan.

«Biz ular dalillarni tan olishlarini istadik. Bu aniq JSSTga qarshi borish emas, balki ilmiy munozara. Biz o‘z tadqiqotlarimizda aniqlagan narsamizni barchaga ma’lum qilishimiz kerak edi. Tashkilotdagilar bilan bu haqda ko‘p suhbatlashdik, fikr almashdik. Ammo ular dalillarni tinglagilari kelmadi. Shundan so‘ng ularni chop ettirdik», deydi ochiq xatga imzo qo‘yganlardan biri bo‘lgan AQSHdagi Kolorado universiteti kimyogari Xose Ximenes.

Seshanba kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda so‘zlagan JSST yuqumli kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha texnik direktori Benedetta Allegransi koronavirusning havo orqali yuqishi haqida dalillar borligini, ammo bu dalillarni yana bir bor jiddiy tekshirib ko‘rish lozimligini aytgan: «Odamlar gavjum bo‘ladigan jamoat joylarida, yopiq va shamollatilmagan xonalarda koronavirusning havo orqali yuqishini istisno qilib bo‘lmaydi. Biroq olimlar tomonidan taqdim etilgan dalillar to‘planishi va chuqurroq o‘rganilishi lozim. Biz olimlarning bu tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlaymiz», degan u.

Ximenesning fikricha, koronavirusning havo orqali yuqishi mumkinligi haqidagi ilmiy izlanishlarga tibbiyot xodimlari boshdanoq ishonchsizlik bilan qarab kelgan. Ular odamlar orasida vahima ko‘tarilishidan xavotirga tushgan bo‘lishi mumkin: «Agar odamlar koronavirusni havo orqali ham yuqishini eshitishsa, tibbiyot xodimlari kasalxonaga borishdan bosh tortishadi. Axir kim ham o‘z sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yishni xohlaydi? Yoki hamma rivojlangan davlatlarda N95 himoya niqoblarini sotib ola boshlaydi va rivojlanayotgan hamda qashshoq mamlakatlar aholisiga u yetmay qoladi».

Ximenesning so‘zlariga ko‘ra, JSSTning koronavirus havo orqali yuqishi masalasidagi dalillarni baholash guruhi ilmiy jihatdan mukammal emas va unda viruslarning havo orqali yuqishi bo‘yicha mutaxassisning o‘zi yo‘q.

JSSTning koronavirusni havodan yuqtirish xavfi masalasida qiladigan har qanday o‘zgarish uning odamlar orasidagi oraliq masofani 1 metr (3,3 fut) darajasida saqlash to‘g‘risidagi hozirgi tavsiyasiga ta’sir qilishi mumkin. Shuningdek, JSSTning dunyoning barcha davlatlariga yuborgan qo‘llanmalari, koronavirus tarqalishini oldini olish haqidagi ko‘pgina broshyuralari o‘zgartirilishi lozim bo‘ladi.

Mariya van Kerxovning so‘zlariga ko‘ra, JSST yaqin kunlarda virusning tarqalishi haqida ma’lumotlar beradigan yangi ilmiy xulosani nashr etadi. «Virusning havo orqali tarqalishini to‘xtatish uchun keng qamrovli aralashuvlar zarur. Bu nafaqat oraliq masofani, balki zarur bo‘lgan holatlarda, oraliq masofani saqlay olmaydigan joylarda niqoblardan foydalanishni ham o‘z ichiga oladi. Yangi qo‘llanma ayniqsa sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari uchun juda zarur», deydi JSST vakili.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus havodan ham yuqadimi? JSST bu faktni rasman tasdiqlashi kutilmoqda