21:09 / 20.07.2020
4 639

«Monopollar, uyalmaysizmi?!» — Rasul Kusherbayev og‘ir damda ham xalq bo‘yniga o‘ligini tashlayotganlar haqida

«Monopollar, uyalmaysizmi?!» — Rasul Kusherbayev og‘ir damda ham xalq bo‘yniga o‘ligini tashlayotganlar haqida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tomonidan monopolistlarga katta miqdorda mablag‘ ajratilayotganiga e’tibor qaratdi.

«Yaqinda Prezident Farmoni bilan Moliya vazirligi huzurida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etilgandi. Jamg‘armaning asosiy maqsadi qoronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha choralarga sarflanishi kerak bo‘lgan mablag‘lar tashkil etadi. Bu hammaga ma’lum.

Kuni kecha ushbu jamg‘armaning daromad va harajatlari e’lon qilindi. Raqamlarni ko‘rib, mana shunday og‘ir sharoitda ham bizni «boqimanda», xalq hisobiga kun ko‘rib yurgan monopolistlarimiz «bezbetlarcha» katta-katta mablag‘larga ega bo‘layotganligi asablarni tarang qilmoqda.

E’tibor qiling: koronavirusga qarshi kurash tadbirlari uchun mamlakat bo‘yicha 907 mlrd, shifoxona va karantin majmualarini qurish va jihozlash uchun jami 684 mlrd. so‘m ajratilgan bir vaqtda iqtisodiyotni qo‘llab quvvvatlash degan band bilan bizning «boqimanda», «erkatoy» monopolchilarimiz bo‘lgan «Uzbekistan airways» AJga ssuda tariqasida 406 mlrd, «Uzbekistan airports» AJga ssuda tariqasida 101 mlrd, «O‘zbekneftgaz» AJga subsidiya hisobida 401 mlrd, «Birinchi rezinotexnika zavodi» MCHJga ssuda tariqasida 40 mlrd, «Issiqlik eelektr stansiyalari» AJga subsidiya tariqasida 500 mlrd, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJga ssuda tariqasida 250 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan. Bir nechta monopolistga ajratilgan mablag‘ jami koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilayotgan mablag‘dan ham ko‘p. Bu insofsizlik emasmi?

Iste’molchi sifatida xalqimizga tanlov imkoniyatini bermaydigan hurmatli monopolchilarimizning faoliyatidan odamlarimiz shu kunga qadar rozi bo‘lib kelganda ham alam qilmasdi. Ayting, qaysi biridan biz rozimiz: dunyoda neft narxi minus darajaga tushgan vaqtda ham benzin narxini bir ikki haftaga nomiga tushirib, yana qaytarib qo‘ygan «o‘yinchi» «O‘zbekneftgaz»danmi, bilet narxlari osmon, sifati past «Uzbekistan airways» nomli havo yo‘llaridanmi yo joylarda normal chiroq yoqib o‘tirishdan ham mahrum qilayotgan elektr tarmoqlaridanmi?

Ayting, hurmatli monopollar: xalq boshiga tushgan kulfat vaziyatida siz qaysi xizmatingiz uchun bu pullarga sherik bo‘layapsiz? Shu kunlarda ham xalq bo‘yniga o‘ligingizni tashlashga uyalmaysizmi?

Mana monopoliyaning oqibati: ular davlat va xalqni tanasidagi zulukdek o‘lguncha so‘rishadi, xalq kulsa ham, o‘lsa ham ular doimo yuk, millionlab odamlar bir nechta «erkatoy»ni boqishga mahkum bo‘ladi. Shu sabab, davlat bu zuluklardan kechib maydonni mard, halol, mas’uliyatli raqobatchilarga tezroq bo‘shatib berishi kerak, — deb yozadi deputat.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Monopollar, uyalmaysizmi?!» — Rasul Kusherbayev og‘ir damda ham xalq bo‘yniga o‘ligini tashlayotganlar haqida