10:23 / 21.08.2020
1 055

Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patentni O‘zbekistonda olish imkoniyati yaratilishi mumkin

Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patentni O‘zbekistonda olish imkoniyati yaratilishi mumkin
O‘zbekistonlik migrantlarning Rossiyaga borganda ishlash huquqini beruvchi patent olish jarayoni Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining o‘zida tashkil etilishi mumkin. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida ma’lum qilgan.

«Ayni vaqtda Rossiya Ichki ishlar vazirligi bilan o‘tkazilayotgan muzokaralarda Rossiyadagi patent berish jarayonini O‘zbekiston hududida o‘tkazish bo‘yicha muhokamalar qilyapmiz. Ertaga yana bir videoanjuman qilamiz, yaqin kunlarda Rossiyaga borib yana bir bor muzokara o‘tkazamiz. Rossiya Ichki ishlar vazirligining pasport va viza xizmati Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligimizda vakolatxona ochmoqchi. Ochilsa, fuqarolar patentni shu yerning o‘zida olib ketishi mumkin», — deydi Muhitdinov.

Migrantlarning Rossiyaga borganda ishlash huquqini beruvchi patent olishiga ba’zan 25-30 kunlab muddat ketishi kabi holatlarini inobatga olgan holda hozirda O‘zbekistonning o‘zida «Rus tili qonunchiligi va tarixi» testini topshirish tizimi yaratilgani qayd etildi. Testdan o‘ta olmagan fuqaro pul to‘lamaydi. Testdan o‘tgan fuqarolar «Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti» sertifikatini olib, Rossiyada patentga murojaat qiladi. Patentga ariza berish, rasmga tushish, pasportni notarial tarjima qilish, sug‘urta polisi olish kabilarni O‘zbekistonda amalga oshirish imkoniyati bor.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 17 avgust kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xorijiy mehnat migratsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun yangi tizim yaratilishi aytilgan edi. Shuningdek, Oliy Majlis Senati 7 avgust kuni bo‘lib o‘tgan oltinchi yalpi majlisida Rossiyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlari himoyasini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)