19:08 / 08.09.2020
2 731

Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasi: mulk huquqi bilan bog‘liq ayrim o‘zgartirishlar haqida

Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasi: mulk huquqi bilan bog‘liq ayrim o‘zgartirishlar haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi F–5464-son farmoyishi bilan fuqarolik qonunchiligini yanada takomillashtirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari, konsepsiyasi hamda fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha idoralararo komissiya tarkibi tasdiqlangan bo‘lib, komissiyaga yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi va fuqarolik qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Mazkur farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan Fransiya, Polsha, Germaniya, Rossiya mamlakatlaridan ekspertlar jalb qilinib, xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi loyihasi (bundan keyin matnda Loyiha) ishlab chiqilmoqda.

Ma’lumki, aniq qoidalarga asoslangan, turg‘un, qonun normalari bilan kafolatlangan hamda shaffof himoya mexanizmlariga ega bo‘lgan mulk huquqisiz bozor iqtisodiyotini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Amaldagi fuqarolik kodeksida (bundan keyin matnda kodeks) mulk huquqi atroflicha yoritilgan bo‘lishiga qaramasdan, kodeksdagi normalar bugungi kun talablariga yetarlicha javob bermaydi. Shunga ko‘ra, avvalambor mavjud normalarni tizimlashtirish va mulk huquqi kafolatlarini yanada kuchaytirish, qolaversa kodeksni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normaga aylantirish maqsadida unga bir qator qo‘shimcha va o‘zgartishlarni amalga oshirish taklif etilmoqda.

Jumladan, amaldagi kodeksda mulk huquqi hamda boshqa ashyoviy huquqlar birgalikda aks ettirilgan bo‘lsa, endilikda mulk huquqiga oid moddalar birlashtirilib, alohida 11-bobda aks ettirilmoqda. Bunda kodeksning 165 moddasi - mulkdor bo‘lmagan shaxslarning ashyoviy huquqlarining mazmuni ushbu bobdan chiqarib yuboriladi, chunki mazkur moddada ashyoviy huquqlarning to‘liq ro‘yxati berilmagan. Bundan tashqari, ashyoviy huquqlarning har bir turiga loyihada alohida moddalar bag‘ishlangan bo‘lib, ularda tegishli munosabatlar, xususan ashyoviy huquqlarning tugatilishi, boshqaga o‘tishi va himoyasi tartibga solingan.

Mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash maqsadida, kodeksning 166 – moddasini mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi faqat mazkur Kodeksda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha majburan tugatilishi mumkinligiga doir yangi tahrirdagi ikkinchi band bilan to‘ldirish taklif etilmoqda, bunda mulk huquqi daxlsizligiga doir har qanday asoslarni faqat mazkur kodeksda ko‘rsatib o‘tish tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishida hamda iqtisodiyot taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Kodeksdan shuningdek 167-moddani “Mulk shakllari” chiqarib tashlash taklif etilmoqda, chunki mulk tushunchasi yagona bo‘lib, loyihaning keyingi moddasida mulk huquqi sub’ektlari ko‘rsatiladi. Bunday sub’ektlar qatoriga jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan davlat ham kiradi. Fuqarolik qonunchiligida mulk, uning sub’ekti kim bo‘lishidan qatiy nazar bir hil huquqiy maqom va himoya mexanizmlariga ega, shunga ko‘ra amaliy jihatdan mulkni shakllarga ajratish hech qanday foyda bermaydi, aksincha, chet el investorlarida shubha tug‘dirishi mumkin. Shu munosabat bilan, ushbu moddani kodeksdan chiqarib yuborish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari kodeksdan 168-moddaning uchinchi qismini, ya’ni mol-mulk fuqaro, yuridik shaxs yoki davlatning mulki bo‘lishiga qarab mulk huquqini, mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqini vujudga keltirish va bekor qilish xususiyatlari qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yilishi haqidagi normani chiqarib tashlash nazarda tutilgan, chunki fuqarolik huquqiy munosabatlarda davlat nomidan uning organlari yuridik shaxs sifatida ishtirok etishini va fuqarolik munosabatlari taraflari teng huquqliligini inobatga olib, tegishli aniqlashtirish kiritilmoqda, ya’ni loyihada mulk huquqining vujudga kelishi va bekor bo‘lishining yakuniy asoslari belgilab berilmoqda.

Bunday holatlarni tartibga solishni boshqa qonun hujjatlariga havola qilish mulk huquqining cheklanishiga, investorlarda mol-mulkni himoya qilish huquqiy tizimiga ishonchsizlik paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Qolaversa mulk huquqining ob’ektlari mulk va ashyo tushunchasiga oid moddalarida (loyihaning 154-155-moddalar) qamrab olinganligi sababli ushbu normalarni kodeksning 169- moddasidan chiqarib tashlash taklif etilgan.

Loyihada, yer (yer uchastkasi) mulk huquqi ob’ekti sifatida aks ettirilgan bo‘lib, uning maqomi va boshqa bitimlar ob’ekti bo‘la olishligi alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, Loyihaga ko‘ra yer uchastkasi mulkdori, agar qonunda boshqa hol belgilangan bo‘lmasa va bu boshqa shaxslarning huquqlarini buzmasa, ushbu uchastka ustida va ostida joylashgan har qanday narsani o‘z ixtiyoriga ko‘ra ishlatishi mumkin. Yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi uni maqsadli ishlatish talabi, shuningdek ekologiya va tabiiy muhitni himoya qilish qoidalari bilan cheklanishi mumkin. Yer uchastkasining mulkdori va unda joylashgan ko‘chmas mulkning mulkdori bitta shaxs bo‘lgan taqdirda, yer uchastkasini undagi ko‘chmas mulk ob’ektisiz begonalashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlatning mulkidagi yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulkning egasi ushbu yer uchastkasidan foydalanish huquqiga ega sababi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallamagan yer uchastkalarini xususiylashtiri to‘g‘risida”gi qonundan kelib chiqib, xususiy mulkdagi yer uchastkasining yagona mulk modelini joriy etish taklif qilinmoqda. Bunday qoida yerga xususiy huquq mavjud bir qator MDH davlatlari va GFR, Fransiya, Belgiya kabi davlatlar fuqarolik kodekslarida mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 apreldagi F-5464-sonli farmoyishi bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasining I-bo‘limi 4-bandida Fuqarolik kodeksi va boshqa fuqarolik qonun hujjatlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi uchun ulardagi havolaki normalarni qisqartirish nazarda tutilgan, shunga ko‘ra Kodeksning 171-modda (uy-joyga bo‘lgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni amalga oshirish xususiyatlari) chiqarib tashlanmoqda, sababi mulk huquqiga oid mazkur bobda uy-joyga oid barcha masalalar to‘liq qamrab olingan.

Loyihada mulk huquqini amalga oshirish shartlari hamda mulkdan foydalanish huquqini suiste’mol qilish, mulkdan (ashyodan) foydalanmaslik ham mulkdorning huquqi ekanligi aks ettirilgan. Jumladan, ashyoni ishlatmaslik yoki uni lozim darajada saqlamaslik uchinchi shaxslarning yoki jamoat manfaatlariga ziyon yetkazadigan bo‘lsa, mulkdor zimmasiga qonun bilan bunday ashyodan foydalanish yoki tegishlicha saqlash majburiyati yuklanishi mumkin. Bunday holatda manfaatdor shaxsning arizasiga ko‘ra mulkdorga sud tomonidan ushbu majburiyatlarni bajarish yuklanishi yoki mazkur ashyo boshqa shaxslarga tegishli haq evaziga foydalanishga berilishi mumkin.

Mazkur qo‘shimcha va o‘zgartishlarni kiritishdan maqsad milliy qonunchiligimizni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, mulk huquqi va uni himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlarni yanada batafsil tartibga solish, shuningdek fuqarolik-huquqiy munosabatlari ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishdir.

R.Qurbonov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
mas’ul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasi: mulk huquqi bilan bog‘liq ayrim o‘zgartirishlar haqida