16:06 / 26.10.2020
3 912

Hokimingga ayt, menga qzng‘iroq qilsin!

Hokimingga ayt, menga qzng‘iroq qilsin!
Kuz. Sarg‘aygan barglarning bir-bir yerga tushishi kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Xayolimni «Menga yordam beradigan biror jon bormi-yo‘qmi? Qachongicha senlarning yordamingni kutib, qiynalib yashashimiz kerak? Eshik qoqib kelmagunimizcha yordam berishni o‘ylamaysizlar ham? O‘zi hokim qayerda? O‘tgan safar kelganimda menga qo‘ng‘iroq qilsin degandim. Nega qo‘ng‘iroq qilmadi?» degan ovoz buzdi. Erkakning keyingi so‘zlari menga eshitilmadi.

Hayron bo‘ldim. Shu paytgacha davlat idorasiga kelib so‘zlashishning o‘zi xos etikasi bor deb o‘ylar ekanman.

– Siz matbuot kotibimisiz ? Men oltinsoylik blogerman. Hokimingiz ishlaydimi-yo‘qmi o‘zi? Ishlamasa, ketsin. Nima, u Sho‘rchining sho‘riga bino bo‘lganmi ?Tumaningizda hokimingiz yemagan hech qayer qolmadi-ku. Manglayidan ter oqib ishlamagani uchun ham qayerga qaramang muammo, qayerga qaramang murojaat. Uysiz ayollar qiynalib yuribdi. Ishlasa tuzuk ishlasin. Bo‘lmasa respublika gazetalarining biridan jurnalist chaqirtirib, tanqidiy maqola chiqartiraman.

– Yaxshimisiz o‘zi, bu nima deganingiz? Biroz tushunarliroq qilib gapiring. Muammoga keladigan bo‘lsak, sizni qiynayotgan muammo nimada? Ayting, o‘rganamiz. Masalaga oydinlik kiritamiz.

– Sizdan keladigan gap shu-da o‘zi. Muammo bo‘lsa yechamiz deyishdan nari o‘tmaysiz. Advokatlikdan boshqa ishni ham eplang-da endi. Yoningizga ikki farzandi bilan eri haydab yuborgan ayol boradi. Zo‘r bo‘lsangiz, shuning masalasini hal qilib bering-chi? Shundan keyin sizni ham, hokimingizni ham tinch qo‘yaman.

Yelkasida sho‘rchilik ayollarning muammolarini ko‘tarib yurgan oltinsoylik bloger D.Sh. yuborgan murojaatchi ayol eshik qoqib keldi-yu, kelganidan o‘zi uyaldi.

– Aslida bilib turib noqonuniy qurgan ikki xonali uyimiz uchun bolalarimning otasi bilan sudlashib yuribmiz. Bunda tuman hokimining aybi yo‘q. Baraka topsin, pandemiya bo‘lishiga qaramay bir necha marta yordam berdi. Faqat shu sud ishlari biroz cho‘zilib ketdi-da.

– Opa, oltinsoylik blogerga hokimimizdan norozi ekanligingizni aytgan ekansiz?

– Norozi emasman. Nega norozi bo‘lay? Farzandlarim uchun moddiy yordam va uy qurib olishim uchun to‘rt sotix yer bergan bo‘lsa. Uy qurishga imkoniyatim yo‘qligi sababli berilgan yerga mayda-chuyda ekib, dehqonchilik qilayapmiz. Sud borasida aytgan gaplarimni o‘sha bloger noto‘g‘ri talqin qilgangan o‘xshaydi. O‘zi «Hokimning matbuot kotibining yoniga boring, sizga yordam beradi» deganda sud ishlariga hokim bilan matbuot kotibining nima aloqasi bor ekan deb hayron bo‘lgandim. Singlim, xafa bo‘lmang. O‘zi oxirgi paytlarda ayollarning gap-so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilib, internetga joylashtiradiganlar ko‘payib ketdi. Hech qachon hokimdan noroziman demaganman.

To‘g‘ri, yechimi kimgadir bog‘liq bo‘lgan muammoning bartaraf etilishi biroz mushkul. Shuning uchun yechimini kutayotgan muammolar ko‘payib borayotgani ham chin. Garchi vazifamga kirmasa-da, insoniylik nuqtai nazaridan sud raisi bilan telefon orqali bog‘lanib, murojaat yuzasidan suhbatlashdik. Suhbatdoshim ham yaxshi inson ekan, masalaga doir fikrlarini bildirish asnosida ikki norasida farzandi bilan turmushidan ajrashgan ayolga imkon qadar yordam qilishini aytib o‘tdi.

«Hm-mm! Yoxshi birgina murajottni sakina ijabiyrok yechtingmiz. Bu bilan moqtaymtan debmaytman». Notanish raqamdan telefonimga kelgan bu xabarni zo‘rg‘a tushunib olgunimcha xabar egasi qo‘ng‘iroq qildi.

– Bitta fermerning yerini noqonuniy ravishda olib qo‘ygan hokimingiz zudlik bilan o‘ziga qaytarib bersin. Aks holda boplab turib ijtimoiy tarmoqqa chiqaraman. O‘tgan galgi, eri yo‘q ayolga yordam berganingiz uchun xabarimni ijtimoiy tarmoqdan o‘chirdim. Yeri tortib olingan fermer haqida yozmay turaman. Agar hal qilmasangiz, yozib chiqaraman. Aytgancha, mening raqamimni hokimingizga bering, menga qo‘ng‘iroq qilsin… Bunisi hammasidan oshib tushdi. O‘qigan-o‘qimagan, tushungan-tushunmagan men blogerman deb rahbarlarni tanqid qilaversa, kamiga «Mening raqamimni hokimingizga bering, menga qo‘ng‘iroq qilsin» deb tursa, bu haddini bilmaslik emasmi?

Keyingi vaqtlarda ayollarimizning qadrini toptaydigan, rahbarlarni xalq orasida obro‘sizlantiradigan, noto‘g‘ri talqin qilingan xabarlarni tarqatish urfga kirdi. Ularning nazdida go‘yo mutasaddi idora xodimlari pashsha qo‘rib o‘tiribdi. Aslida hech bir murojaat e’tiborsiz qolayotgani yo‘q. Imkon qadar fuqarolarning manfaati himoya qilinib, ularga qonun doirasida yordam berilmoqda. To‘g‘risi, hozirgi pandemiya hammani toliqtirib qo‘ydi.

Ortiqcha harakat, o‘rinsiz gap-so‘zlar hech kimga yoqmayotgani ham bor gap. Ammo ehtiyojmand oilalarni qo‘llash, oilalar doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Shunday vaqtda o‘zini blogerman deb atovchi hamyurtlarimiz soxta ismlar bilan yolg‘on xabar tarqatmasdan, karantinda qiynalayotgan fuqarolarga xolisona yordam qilsa yaxshi bo‘lardi.

Nigina SHOYEVA

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hokimingga ayt, menga qzng‘iroq qilsin!