08:08 / 12.11.2020
3 645

Yangi qonun qabul qilindi

Yangi qonun qabul qilindi
O‘zbekiston Respublikasining “Jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qonun hujjatlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-645-sonli qonuni, 2020 yil 5 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirzyoyev tomonidan imzolandi, qonun 2020 yil 6 noyabrdan qonuniy kuchga kirdi.

Ushbu qonun bilan, qaysi qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilganligi hammaning e’tiborini tortadi albatta.
Mazkur qonun bilan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) va 105-moddasiga (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) o‘zgartishlar kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 104-moddasining ikkinchi qismiga “l” bandi kiritilib, “l” bandida qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib qasddan badanga og‘ir shikast yetkazilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik belgilandi.
Bu moddada ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxslarga, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Xuddi shunday, Jinoyat kodeksi 105-moddasi ikkinchi qismiga “m” bandi kiritilib, “m” bandida qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Bu moddada ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxslarga esa, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Mazkur qonun qabul qilingunga qadar, Jinoyat kodeksi 104-moddasining ikkinchi qismi va 105-moddasining ikkinchi qismida, qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik alohida band sifatida mavjud emas edi.

Bundan tashqari, ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritilib,
kodeks 1852 va 1853-moddalar bilan to‘ldirildi.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1852-moddasida, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurganlik uchun hamda 1853-moddasida, O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada bo‘lishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lganlik uchun ma’muriy javobgarliklar belgilandi.

Jamiyatimizda, badanga qasddan shikast yetkazish jinoyatlarini oshib borayotganini, ayniqsa yoshlar tomonidan sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib, qasddan badanga turli darajadagi shikast yetkazish jinoyatlari sodir etilayotganini, barchamiz ommaviy axborot vositalari orqali kuzatib bormoqdamiz.

Shunday ekan, O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 5 noyabrdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qonun hujjatlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-645-sonli qonuni qabul qilinishi, nafaqat davr talabi, balki ayni muddao bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Navbahor tuman sudining raisi
A.Ibodov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi qonun qabul qilindi