date
views 7 687

O‘zbekistonliklar Yangi yil bayramini qanday ob-havo bilan kutib oladi?

O‘zbekistonliklar Yangi yil bayramini qanday ob-havo bilan kutib oladi?
«Xalq so‘zi» nashri Yangi yil bayramida O‘zbekistonda qanday ob-havo kuzatilishi bilan qiziqdi va bu haqda ma’lumot olish uchun Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet)ga murojaat qildi.

«Yangi yil bayramida ob-havo qanday bo‘lishi haqida gapirishga hali erta. Hozircha faqat odatda dekabr oyi oxiri va yanvar boshlarida qanday ob-havo bo‘lishi haqida ma’lumot berishimiz mumkin», deydi markaz bosh sinoptigi Irina Zayseva.

Mutaxassisning ma’lumot berishicha, Yangi yilda har doim ham qor yog‘avermaydi. Statistika ma’lumotiga ko‘ra o‘rtacha 3-4 yilda bir marta yog‘ingarchilik kuzatiladi, bu ham qor emas.

Oxirgi 50 yilda toshkentliklar Yangi yilni qor bilan 1992, 1984, 1972 yillarda kutib olishgan. Shu yillarda yakunlanayotgan yilning dekabr oyining so‘nggi kuni ertalab qor bo‘lmagan. Yangi yilning 1 yanvarida esa yerni 10-20 sm qalinlikda qor qoplagan.

Oxirgi marta biz 2007 yilni qor bilan kutganmiz. Qor yog‘ishi Yangi yil kechasi boshlanib 1 yanvar kun bo‘yi davom etgan. Bu oxirgi 10 yil ichidagi eng chiroyli qorli Yangi yil bo‘lgan.

2006 va 2016 yilning birinchi kunida kuchsiz qor kuzatilgan, ya’ni yer yuzini ozgina qoplagan. Qolgan oxirgi o‘n yillikda Yangi yil arafasida qor yog‘magan. Havo harorati to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, eng sovuq harorat Toshkentda 1889 yil yangi yil kechasi bo‘lgan. O‘shanda tunda havo harorati — 28 daraja sovuq bo‘lgan.

Oxirgi yillarda bunday past havo harorati Toshkentda qayd etilmagan. Oxirgi 50 yilda eng past havo harorati (—13 daraja) 1991 yil 1 yanvarda kuzatilgan.

Mutaxassislarning bildirishicha, bu yilgi dekabr harorat ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.
Oy davomida haroratning kechasi 0-5 daraja sovuqdan 2-7 daraja iliqqacha, kunduzi 0-5 daraja iliqdan 10-15 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Respublikamizning shimolida tunda 8-10 daraja sovuq bo‘lishi mumkin. Oyning ikkinchi yarmida esa 12-15 daraja sovuq bo‘lishi mumkin.

Dekabrda yog‘ingarchilik yomg‘ir qor ko‘rinishida bo‘ladi. O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchilikli kunlar o‘rtacha 5 kundan 13 kungacha tashkil qilishi mumkin. Bir kecha kunduzda maksimal yog‘inlar miqdori sutkalik me’yordan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. Oxirgi 10 yil ichida namgarchilik ko‘p bo‘lgan dekabrlar 2013, 2016, 2019 yillarda qayd etilgan, Masalan, 2019 yil 22 dekabrda maksimal sutkalik yog‘inlar miqdori Toshkentda 34 mm ni tashkil qilgan.

Bu yilgi dekabrda oylik yog‘inlar miqdori me’yor atrofida, ayrim joylarda me’yordan yuqori, shimolda esa ayrim joylarda me’yordan past bo‘lishi kutilmoqda (Toshkentda dekabr oyi uchun yog‘inlar 59 mm ni tashkil qiladi). Yog‘ingarchilik oy davomida vaqti-vaqti bilan kuzatiladi.

Mazkur ma’lumotlar taxminiy bo‘lib, aniq ob-havo ma’lumoti bayramdan biroz avval ma’lum bo‘ladi.
Kunlik ob-havo ma’lumotlari saytimiz orqali muntazam e’lon qilib boriladi.

Inobat AHATOVA
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonliklar Yangi yil bayramini qanday ob-havo bilan kutib oladi?