date

Dahshatli holat: Surxondaryoda ayol va bolasi molxonada saqlanib kelinayotgani ma'lum bo‘ldi

Dahshatli holat: Surxondaryoda ayol va bolasi molxonada saqlanib kelinayotgani ma'lum bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga qaraganda, Surxondaryo viloyati Uzun tumanida ayol va uning yangi tug‘ilgan farzandiga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik amalga oshirilganligi bo‘yicha jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalar yuzaga keldi. Mazkur vaziyat Surxondaryo viloyati IIB tomonidan o‘rganib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 26-avgust kuni Uzun tumani mahallalarining birida no’malum ayol kishi antisanitariya sharoitida xonadon egalari tomonidan molxonada majburiy ravishda ushlab turilganligi haqida xabar kelib tushgan. Mahalla profilaktika inspektori bu xabar asosida zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, xonadon egalarining qarshiligiga qaramay molxona eshigini buzib kirgan. Shu tarzda xonadon egasi 1981-yilda tug‘ilgan Sh.A.ning norasmiy turmush o‘rtog‘i, 1997-yilda tug‘ilgan X.G. va uning 5 oylik o‘g‘il farzandi og‘ir sharoitda majburiy saqlab kelinayotganligi aniqlandi va jabrlanuvchilar tez tibbiyot muassasasiga yuborildi.

Holatning tahlili davomida ma’lum bo‘ldiki, xonadon egasi Sh.A., shu xonadonda yashovchi onasi va yaqin qarindoshlari bilan oldindan til biriktirib, norasmiy turmush o‘rtog‘i X.G.ni ruhiy holatidagi o‘zgarishlaridan foydalanib, bir necha oy davomida unga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik qo‘llagan. Ularning qiyin vaziyati molxonada yashirin ravishda saqlab turish bilan bog‘liq ekanligi ham aniqlangan. X.G.da tilida nuqson va fikrlarni to‘liq ifoda qilishda qiynalishi kuzatilgan.

Hozirda jabrlanuvchi X.G. Uzun tumani tibbiyot birlashmasi jarrohlik bo‘limiga, farzandi esa tug‘ruq bo‘limiga davolanish uchun joylashtirilgan. Ular bilan bog‘liq sog‘liq holati viloyat ijtimoiy himoya boshqarmasi mas’ullari tomonidan alohida nazoratga olingan.

Holat yuzasidan, Uzun tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 126 prim 1-moddasi 7-qismi “a” va “ye” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi Sh.A. protsessual tartibda qamoqqa olingan, shuningdek, ishga aloqador xonadon a’zolari ham tergovga jalb qilingan va ulardan biriga nisbatan “Qidiruv” e’lon qilingan.

Hozirda ish yuzasidan barcha tegishli sud va tibbiyot ekspertizalari tayinlanib, tergov-protsessual harakatlar doimiy ravishda olib borilmoqda. Jamoatchilik ushbu holat yuzasidan keskin munosabat bildirmoqda va tergov jarayonida haqiqat tez orada ochiqlanishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Dahshatli holat: Surxondaryoda ayol va bolasi molxonada saqlanib kelinayotgani ma'lum bo‘ldi