date

Urmat Abdukaimov: Hakam qarori o‘yin taqdiriga jiddiy ta’sir qildi

Urmat Abdukaimov: Hakam qarori o‘yin taqdiriga jiddiy ta’sir qildi

"CAFA Nations Cup-2025" 3-turi doirasida O‘zbekistonga qarshi kechgan bahsdan keyin Qirg‘iziston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Urmat Abdukaimov matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning ta’kidlashicha, jamoa maydonda bor kuchini ishga solgan, ammo ba’zi holatlarda ularning imkoniyatini o‘yinga aloqasi yo‘q omillar cheklagan.

— Men futbolchilarimdan faxrlanaman. Ular mundialda qatnashish huquqiga ega bo‘lgan raqibga qarshi munosib harakat qilishdi. Ammo, afsuski, bugun o‘zimizga bog‘liq bo‘lmagan omillar tufayli mag‘lubiyatga uchradik. Shu musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilgan barcha yigitlarga minnatdorlik bildiraman, — dedi Abdukaimov.

Murabbiyning aytishicha, o‘yindagi asosiy burilish nuqtasi qizil kartochka bo‘lgan. Uning fikricha, raqib kuchliroq ekanini inkor qilib bo‘lmaydi, bir kishi kam o‘ynash esa jamoaga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. — Ikki o‘yindan beri VAR qarorlari maydondagi natijaga keskin ta’sir qilmoqda. Hakamlar ham xatoga yo‘l qo‘yadi, lekin bunday holatlar imkoni boricha kamayishi kerak, — deb qo‘shimcha qildi murabbiy.

Jamoa hujumda yetarlicha vaziyat yarata olmagani haqidagi savolga javoban u quyidagilarni ta’kidladi: — Qizil kartochkaga qadar raqib faqat bir marta darvozamizga aniq zarba yo‘llagandi. Biz pressingdan chiqib ketayotgandik. Ayrim yetakchi futbolchilarimiz U23 saralash musobaqasida ishtirok etayotgani sabab to‘liq tarkib bilan maydonga tushmadik. Shu bilan birga, bu bahsda uch nafar futbolchimiz ilk bor debyut qildi.

Shuningdek, Abdukaimov ayrim asosiy futbolchilar — Erjan Tokotayev va Kojo kabi o‘yinchilarning O‘zbekiston chempionatida ishtirok etayotgani haqida ham fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Superliga darajasi Qirg‘iziston chempionatiga nisbatan ancha yuqori va bu milliy jamoa rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Murabbiy shu orqali jamoa hozirgi holatidan kelib chiqqan holda musobaqani muhim tajriba sifatida baholashini ta’kidladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Urmat Abdukaimov: Hakam qarori o‘yin taqdiriga jiddiy ta’sir qildi