22:38 / 14.01.2021
14 075

Egoist – u kim?

Egoist – u kim?
Egoist – ego, ya’ni “men” so‘zidan olingan atama bo‘lib, faqat va faqat o‘zini o‘ylaydigan shaxs. Bunday odam odatda o‘ziga bino qo‘ygan bo‘ladi, ozoda kiyinadi, tashqi ko‘rinishiga haddan ziyod e’tibor qiladi, o‘ziga yoqqan narsalardan rohatlanib yuradi, o‘z xonasini saranjom-sarishta tutadi, o‘z fikridan qolmaydi, birovning fikriga quloq tutmaydi, davraga hadeb qo‘shilavermaydi, o‘zidan boshqani hurmat qilmaydi.

U o‘ziga taalluqli ishlarga har doim vaqt topadi, birovning iltimosiga esa bahona topadi, o‘ziga yoqqan narsadan hursand bo‘lib sizga so‘zlab beradi, biroq sizga yoqqan narsani hursand bo‘lib unga so‘zlab bersangiz, mutlaq bee’tibor o‘tiradi. Chunki egoistni hech qachon birovning o‘zi ham, uning qilayotgan ishlari ham zarracha qiziqtirmaydi. Agar qiziqtirganida u egoist degan nomga noloyiq bo‘lur edi.

Egoizm ham xuddi psixopatiyaga o‘xshab bolalik davridan shakllanadi. Agar egoistning bolalik davriga nazar tashlasangiz, u o‘ta qizg‘anchiq, o‘ziga atalgan o‘yinchoqlarni yashirib yuradigan, xatto uni olib bergan ota-onasidan ham qizg‘anadigan, aka-ukalarini yomon ko‘radigan, ochko‘z (agar mazali ovqat qo‘yilsa, hech kimga qaramay paqqos tushiradi), ko‘zlari olazarak bolalar bo‘lishadi. U ko‘chadagi bolalar bilan ham chiqishmaydi, tez-tez ular bilan urishib uyga qaytib keladi, ota-onasi tanbeh bersa, ulardan ham arazlab yuradi, xonasiga kirib yotib oladi va ovqatdan bosh tortadi.

Egoist bola o‘zidan yosh bolalar bilan o‘ynashni xush ko‘radi, chunki ularga kuchi o‘tadi-da. Bunday bola, ya’ni egoist, odatda, onasining pinjida katta bo‘ladi, otasidan esa qochadi. Chunki u qattiqqo‘llikni ko‘tara olmaydi. Otasi dashnom bersa, o‘g‘il bola bo‘lsa-da yig‘lab onasi oldiga chopadi. Onaning mehribonligidan foydalanib, unda doimo o‘z himoyachisini ko‘radi. Bir so‘z bilan aytganda, egoist bola ona mehribonligini suist’emol qiluvchi shaxsdir. Agar ona unga dashnom bersa, uning mehribonliklari shu zaxotiyoq unut bo‘lib, undan ham arazlab yuradi.

Shu bois ham egoistlarni psixologlar ruhan zaif shaxslar deb hisoblashadi. Natijada unda xudbinlik shakllanib boradi va egoizm yanada avj oladi. Bundaylarning do‘sti barmoq bilan sanarli. Agar egoizm fanatizm bilan birgalikda namoyon bo‘lsa, bu og‘ir psixologik holat bo‘lib, undaylarni kognitiv-bixevorial terapiya yoki ratsional-emotiv terapiya orqali odamlar safiga qo‘shishi mumkin. Psixoterapiyaning bu usullarini tibbiy psixologlar juda yaxshi bilishadi va mohirona qo‘llay olishadi.

Neyropsixolog,
professor Zarifboy Ibodullayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Egoist – u kim?