date

Eronda 710 ming yillik “uyqudagi” vulqon qayta faollashdi

Eronda 710 ming yillik “uyqudagi” vulqon qayta faollashdi

Eronda ilgari so‘ngan deb hisoblangan vulqon qaytadan faollik alomatlarini ko‘rsata boshladi. Bu haqdagi sensatsion tadqiqot joriy yilning 7-oktyabr kuni “Advancing Earth and Space Sciences” ilmiy jurnalida chop etildi.

Mutaxassislarning ma’lumot berishicha, mamlakatning janubi-sharqida joylashgan Taftan nomli vulqon 710 ming yil davomida harakatsiz deb hisoblangan edi. Biroq yangi tadqiqot natijalari unda yangi faollik bosqichi boshlanganini ko‘rsatmoqda.

Olimlar maxsus sputnik kuzatuvlari yordamida vulqon cho‘qqisining 2023-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrda atigi 10 oy ichida taxminan 3,5 dyuym (ya’ni qariyb 9 santimetr) ko‘tarilganini aniqlashgan. Bu ko‘tarilish yer ostidagi bosim va magmaning harakati kuchayganidan darak beradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Taftan vulqonining qayta faollashishi uning tubida issiq suyuq moddalar va gazlar to‘planishi yoki magmaning yer yuzasiga yaqinlashishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 2024-yil davomida mahalliy aholi vulqon atrofida tutun va kul chiqindilarini ham kuzatgan, bu esa ilgari harakatsiz deb hisoblangan vulqonda hayot qayta jonlanayotganidan dalolat bermoqda.

Tadqiqotning yetakchi muallifi, vulqonolog Pablo Gonsales ta’kidlaganidek, Taftanni so‘ngan emas, balki “harakatsiz” holatdagi vulqon deb baholash to‘g‘riroq bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yerosti bosimi hozir ham o‘sishda davom etmoqda va bu kelgusida kuchsizdan sezilarli darajadagi energiya chiqishiga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Gonsalesning guruhi hisob-kitoblariga ko‘ra, vulqonning teshiklari orqali kuniga taxminan 20 tonna gaz — oltingugurt dioksidi, suv bug‘i, vodorod sulfidi va ftorid vodorodi chiqmoqda. Bu ko‘rsatkich Taftan hanuz faol jarayonlar markazida ekanini ko‘rsatadi.

Taftan vulqoni dengiz sathidan taxminan 4000 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, u Pokiston bilan chegaradosh Siston va Balujiston viloyati hududida joylashgan. Eng yaqin yirik shahar — Zahedan, vulqondan 160 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Shu bilan birga, olimlar aholini ortiqcha xavotirga tushmaslikka chaqirmoqda. “Hozircha hech qanday portlash yoki katta energiya chiqishi alomatlari kuzatilmayapti. Biroq Eron rasmiy xabarlari Taftan faoliyatini doimiy ravishda kuzatib borishi lozim”, — degan Pablo Gonsales.

Eslatib o‘tamiz, shu yil boshlarida Indoneziyada faol vulqon otilib, oroldagi aviaqatnovlar to‘xtatilishiga sabab bo‘lgan edi. Mutaxassislar fikricha, Yerdagi geologik jarayonlar faollashib borayotgani global iqlimga ham ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eronda 710 ming yillik “uyqudagi” vulqon qayta faollashdi