O‘zbekiston Prezidenti bugungi yig‘ilishda kasaba uyushmalari faoliyatini rivojlantirish va mehnat munosabatlarini yanada takomillashtirish masalalarini muhokama etdi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, iqtisodiyot barqaror o‘sib borayotgan bir paytda, aholining turmush darajasi ham shunga mos ravishda yaxshilanishi kerak.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori har yili oshirilayotgani ijobiy hol, ammo bu jarayon ko‘pincha faqat davlat organlari hisob-kitobiga tayanayotgani sababli, barcha manfaatdor tomonlar ishtirokini talab qiladi. Shu munosabat bilan, kelgusi yildan boshlab Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasi — Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi va Ish beruvchilar konfederatsiyasi — ushbu jarayonga to‘liq jalb etiladi.
Davlat rahbarining fikricha, bu mehnat haqining eng kam miqdorini belgilashda xodimlar manfaatini himoya qilishda muhim va yangi bosqich bo‘ladi. “Inson qadri faqat ish haqi bilan emas, balki uning atrofidagi ijtimoiy muhit bilan ham belgilanadi”, — dedi Prezident.
Shu munosabat bilan u har bir fuqaroga uy-joy, sifatli ta’lim, tibbiy xizmat va qulay transport infratuzilmasi orqali munosib hayot sharoitini yaratish zarurligini ta’kidladi. Bu nafaqat daromad manbaini kengaytirish, balki jamiyatda barqaror va insoniy muhitni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam ekani aytildi.
Prezidentning ta’kidlashicha, mehnat munosabatlarini isloh qilish, kasaba uyushmalarini kuchaytirish va ish beruvchi bilan xodim manfaatlarini teng himoya qilish mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligining asosiy poydevoridir.
Yangi tashabbus orqali davlat, ish beruvchilar va mehnatkashlar o‘rtasidagi muvozanat yanada mustahkamlanishi, har bir insonning mehnati munosib baholanishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!