18:08 / 15.01.2021
2 326

Ruhiy nogironlar – ular kimlar?

Ruhiy nogironlar – ular kimlar?
“Nogiron” so‘zi qulog‘imizga chalinsa, nogohon ikkala ko‘zi ko‘r, quloqlari kar yoki oyoq-qo‘li shol odamlar ko‘z oldimizga keladi. Ha, ular jismoniy nuqsonlari tufayli nogiron bo‘lib qolishgan. Ular – jismoniy nogironlar. Biroq ruhiy nogironlik ham bo‘ladi. Bundaylarning ikkala ko‘zi ko‘radi, ikkala qulog‘i juda yaxshi eshitadi, oyoq-qo‘llari esa tinim bilmaydi. Biroq shunday bo‘lsa-da, ular nogiron! Bundaylarni men “Ruhiy nogironlar” deb atagan bo‘lur edim. Ularning ko‘zi emas, qalbi ko‘r, qulog‘i faqat pand-nasihatlarga kar, oyoq-qo‘llari esa faqat o‘zi uchun yuguradi, miyasi esa faqat o‘zini o‘ylash uchun fikrlaydi. Keling, ruhiy nogironlar bilan tanishib chiqaylik.

1.Ruhiy nogiron ota – birinchi baxtini ochgan o‘z oilasi qolib boshqa oila qurishga bel bog‘laydi, zino botqog‘iga botadi, qo‘zlari mo‘ltillab turgan farzandlarini pulga, mehrga zor qilib, xushtorini mol-mulkka burkab tashlaydi. Farzandlarini ota mehriga zor qilib, boshqalarga mehr beradi, oila bag‘rida bo‘lishdan ko‘ra o‘zga ayollar qo‘ynida xush ko‘radi, bolasini teatr yoki hayvonot bog‘iga olib borishga mablag‘i va vaqtini ayaydi, lekin xushtori bilan o‘zga yurtlarda sayr qilish uchun hech narsadan toymaydi. Keksayib qolgan ota-onasidan xabar olish u yoqda tursin, uning o‘zidan xabar olib kelgan qiblagoxiga vaqt ajrata olmaydi, kezi kelsa unga aql o‘rgatadi va jerkib tashlaydi.

2.Ruhiy nogiron ona – erini bir pulga olmaydigan, farzandlari oldida uni tap tortmay hakorat qiladigan, zebu-ziynatga ruju qo‘ygan, ayshu-ishratga berilib zino yo‘liga kirib qolgan qalbi ko‘r ona. Bundaylarda o‘zi dunyoga keltirgan farzandlariga nisbatan na onalik tuyg‘usi va mehr-oqibat, na sharm-hayo, na andishayu-farosat bor. Ular volidai muhtarama degan ulug‘ nomga og‘ir dog‘ tushirgan, oilani jannat emas, do‘zaxga aylantirgan, farzandlarini bir-biriga gij-gijlagan va oilada g‘iybat o‘chog‘ini yaratganlardir.

3.Ruhiy nogiron o‘g‘il – qiblagoxi bo‘lgan otasi yoki volidai muhtarama onasiga faqat haqoratli so‘zlar bilan munosabatda bo‘ladigan, qo‘pol va o‘jar, ish buyursa ko‘chaga qochadigan, aql-farosatdan orqada qolib ketgan, faqat yaxshi kiyinishu, yaxshi yeb-ichish xayoli bilan yashaydigan, farzandlik burchi nimaligini bilishni ham istamaydigan o‘g‘il. Bundaylarga Ota o‘gitlari xuddi tergovdek, Ona pand-nasihatlari esa bir chaqaga qimmat safsatadek tuyuladi. Bunday o‘g‘il uchiga chiqqan egoist bo‘ladi, o‘zi uchun kerak bo‘lgan narsaga tog‘ni talqon qiladi, ota chaqirib ish buyursa ensasi qotadi va unga aql o‘rgatib boshlaydi.

Tagimdagi mashina, ustimdagi qimmat kiyim-kechaklar, xonamdagi chiroyli mebellar, qimmatbaho noutbuk va smartfonlar ota-onamning kunni tunga ulab qilgan mehnatlari evaziga emasmi axir, degan xayoldan aslo yiroq o‘g‘ildir u. O‘g‘limga dabdabali to‘ylar qilaman, orzu-umidlarini bitta qo‘ymay amalga oshiraman, deb umrining yarmini ham yashab ulgurmasdan ikki kunidan biri kasal bo‘lib qolgan ota-onadan “Xoling ne?” deb so‘ramaydigan va xotini pinjiga kirib olgan farzanddir u.

4.Ruhiy nogiron qiz – pardoz-andozdan boshi chiqmaydigan, kiyim-kechaklar shaydosiga aylangan, onasi bilan hech chiqishmaydigan va unga aql o‘rgatadigan, uy yumushlaridan qochadigan, telefon qo‘lidan tushmaydigan, sms lar quliga aylangan tannozoyim qiz. Sal narsaga hafa bo‘lib, hozir o‘zimni bir narsa qilib qo‘yaman, deb ota-onasining yuragini tilka-pora qiladigan va bundan o‘zi ham rohatlanadigan, akasini sensirab jerkib tashlaydigan, ko‘chada og‘zidan bodi chiqib shodi kiradigan, erkakcha so‘kishni udum qilib olgan, odobli qizlarga xos bo‘lgan fazilatlar, ya’ni ibo, hayo va diyonatdan asar ham qolmagan takasaltang qiz.

5.Ruhiy nogiron kelin – qaynona va qaynota hurmatini joyiga qo‘ya olmaydigan, kelinlik burchini aslo unutgan, cho‘rtkesar va sharttaki qiz. U na oshxonada go‘zal oshpaz, na so‘zi shirin, na gapida ma’no-mantiq bor va na salom-alikni joy-joyiga qo‘ya oladi. Qaynota va qaynonani ishga hurmat bilan kuzatib qo‘yish va peshvoz chiqib kutib olishni xayoliga ham keltirmaydigan, uyda doimo janjalli vaziyat yaratadigan, gap tashish botqog‘iga botib quda-andachilikka putur yetkazadigan va shu bilan yangi qurilgan turmushni o‘z qo‘llari bilan poyoniga yetkazadigan kelin.

6.Ruhiy nogiron talaba – ota-ona qistovi bilan o‘zi hoxlamagan o‘qishga kirgan, institutga yoqar-yoqmas kelib-ketadigan, orzu-umidlari poymol bo‘lgan, kelajakda kim bo‘lishini tasavvur ham qila olmaydigan, ustoz doskaga chiqarsa ranglari oqarib qo‘llari titrab butun badanini sovuq ter bosib ketadigan, hissiyotini jilovlay olmaydigan, hissiy portlashga tez beriladigan, tushkunlikka tez-tez tushib turadigan, ruhiyati o‘qishga kirgunga qadar timtalangan bola.

Odatda bunday talaba ermagi – qo‘l telefoni, ya’ni smartfon. Smartfon uning uchun ham ota, ham ona, ham ustoz, ham ajralmas do‘st, ham suyukli yor, ham akasi, ham ukasi, ham singlisi, ham dam olish maskani, ham o‘yingohi, ham ilm maskani (chunki har narsaga javob uning ichida bor), qolaversa butun-bir borlig‘i. Bunday talaba otasi yoki onasidan judo bo‘lsa, voy men qiblagoximdan yoki volidamdan ajralib qoldim deb ayuxannos solmaydi, biroq qo‘l telefonidan ayrilsa, o‘zini tomdan tashlab jon berishga tayyor. Nima uchun? Chunki yuqorida men tilga olgan hamma narsadan, ya’ni butun-bir borlig‘idan ajaraladi. Bunday yo‘qotishni ruhiy nogiron talaba ko‘tara olamidi?

7.Ruhiy nogiron rahbar – jamoani faqat do‘q-po‘pisa bilan boshqaradigan, hammaga kitob o‘qing deb o‘zi esa uni varaqlab ham ko‘rmaydigan, kattalarga tavoze qilib, kichiklarga azob berib yashashni xush ko‘radigan mushtumxo‘r shaxs. Uning tarixiga bir nazar solsang institutga otasining puliga kirgan, kursdan-kursga pora bilan o‘tgan va dekanning katta yugurdagi bo‘lgan shaxsdir u. Bunday toifa institutni tugatgach o‘z tarjimai xolini o‘nta xato bilan yozib katta davlat idoralariga tanish-bilish orqali ishga kirgan, institutda olmagan ta’limni bir amallab o‘sha yerda ishlaydigan eski xodimdan o‘rganib olgan, iqtidorli yoshlarga kun bermaydigan, katta bir yo‘nalishni xarob qilib boshi berk ko‘chaga kirgizib qo‘yadigan amaldordir u.

Bundaylar bemehr bo‘lishadi, chunki bolaligida mehr ko‘rishmagan, ular oilasini tanishmaydi, chunki oilasi uxlab yotganda kech tunda ishdan qaytishadi, o‘zi uxlab yotganda oilasi uydan chiqib ketgan bo‘ladi, ular mushtumxo‘r bo‘lishadi, chunki katta kabinetlarda o‘zlari musht yeb turishadi, o‘ta johil bo‘lishadi, chunki miyada ilm yo‘q, ularda aslo g‘oya bo‘lmaydi, chunki miyada tafakkur yo‘q va h.k. Ha! Bunday rahbar baxti qaro insondir va u albatta ruhiy nogirondir. Bunday shaxsni davolab ham bo‘lmaydi, chunki dardining davosi yo‘q, undan qochib qutulib ham bo‘lmas. Biroq kezi kelganda uning o‘zi qayoqqa qocharkan...

8.Ruhiy nogiron bolakay. Ha bolaginam! Sen 10 yoshdasan, naqadar chiroyli va xushbichimsan, jismingni ko‘rib ko‘z quvonadi! Ammo... Ammo ruhiy nogironsan. Yosh ota-onang seni shu kuyga soldi. Nega? Chunki ularning biri-biri bilan urishmagan kuni yo‘q, har ikki kunning birida seni jerkib tashlamagan kuni yo‘q, “otangga o‘xshamay o‘l, onangga o‘xshamay o‘l”, “naslingga o‘t tushsin”, “bolang bilan qo‘shmozor bo‘l” kabi sani yoshingga mos bo‘lmagan so‘zlar bilan ruhiyating zarba olmagan kun yo‘q. Daftardek oppoq pokiza miyang kundan-kunga haqoratli so‘zlarga to‘lib bormoqda, murg‘ak va beg‘ubor qalbing esa ruhiy zarbalarga bardosh bera olmay bulg‘anmoqda. Ha, sen aybsiz aybdorsan.

Sening chehrang so‘niq, maktabga o‘chib borasan, boshqa bolalardek sho‘x-shodon emassan, yayrab kulmaysan, xuddi jodugar sehrlab qo‘ygandek boshing egik, ustozing aytganlari qulog‘ingga kirmaydi, chunki uyingdagi kechagi janjal kun bo‘yi quloqlaring ostida dahshatli jaranglaydi. Besh baho olib hursand bo‘lib qaytsang na otangdan maqtov eshitasan, na onangdan. Seni so‘z bilan erkalatish u yoqda tursin, xatto “barakalla bolam” deb boshingni silashmaydi, peshonangni o‘pishmaydi yoki bag‘riga tortib quchib qo‘ymaydi. Bor-yo‘g‘i 12 soniya ketadigan ushbu harakatlarni qilishga ularning aql-farosati yetishmaydi.

Chunki ularning o‘zlari ruhiy nogiron. Diling yaralangani yetmagandek yarim tundagi janjaldan qo‘rqib uyg‘onib uzoq muddat tildan ham qolding. Baxtli bolaliging o‘g‘irlangan. Ha, uni ko‘chadagi o‘g‘rilar emas, balkim aqli g‘o‘r, qalbi ko‘r yosh ota-onang o‘g‘irlagan. Mehr olmay ulg‘aygan bu murg‘ak qalbing, katta bo‘lgach uni yo‘qqa chiqarganlarga qaydan mehr olib berarkin?! Agar ular qarib-qartaygach Sendan mehr hohlab qolishsa, balkim bu muammoni “mehribonlik uylari” orqali hal qilarsan?! Yo‘q, aslo unday qila ko‘rma! Boshqalar shunday qilsa ham, Sen unday qilma...

Zarifboy Ibodullayevning
“Asab va ruhiyat” kitobidan olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ruhiy nogironlar – ular kimlar?