O‘zbekiston Milliy terma jamoasi sardori Otabek Shukurov Urugvayga qarshi o‘rtoqlik bahsidan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda o‘yin haqidagi fikrlarini bildirdi.
“Urugvay jahon futbolida o‘z o‘rniga ega kuchli jamoa. Bunday bellashuvlar terma jamoa uchun katta ahamiyatga ega, chunki mundialda aynan shunday darajadagi raqiblarga qarshi to‘p suramiz. Har bir yig‘inda mana shunday o‘yinlar o‘tkazishni istardim. Chunki bu bahslar orqali Jahon chempionati muhitini his qilish mumkin. Bugungi o‘yin biz uchun biroz qiyin bo‘ldi, ammo qay holatdamiz — shuni aniq anglab oldik,” — dedi Otabek Shukurov.
Shukurovning aytishicha, bugungi uchrashuvda jamoa to‘liq tarkibda maydonga chiqa olmagan.
“Asosiy tarkibdagi yetti nafar futbolchimiz bugun ishtirok eta olmadi. Urugvayda ham shunday holat kuzatildi. O‘zim ham hozir tiklanish jarayonining yakuniy bosqichidaman. Ular maydonga ‘uchinchi tarkib’ bilan tushdi, lekin shunda ham juda kuchli jamoa ekanligini ko‘rdik,” — dedi sardor.
Otabek, shuningdek, terma jamoa uchun jismoniy rivojlanish muhimligini ta’kidladi.
“Lotin Amerikasi jamoalari jismoniy jihatdan juda kuchli. Biz esa Osiyo jamoasimiz va faqat o‘z mintaqamizdagilarga qarshi emas, balki Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasi jamoalariga qarshi ko‘proq o‘ynashimiz kerak. Shunda jismoniy holatimizni yaxshilaymiz,” — deya qo‘shimcha qildi Shukurov.
Otabekning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘yin nafaqat bahs sifatida, balki kelajakdagi Jahon chempionatiga tayyorgarlikning muhim bir bosqichi bo‘ldi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston terma jamoasi aynan mana shunday kuchli raqiblarga qarshi bahslarda tajriba orttirib, o‘z salohiyatini yanada yuksaltirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!