Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 oktyabr United World Wrestling (Birlashgan kurash dunyosi, UWW) rahbari Nenad Lalovichni qabul qildi.
Ushbu nufuzli global tuzilma bilan O‘zbekistonda sportning yakkakurash turlarini tashkiliy-ekspert jihatdan qo‘llab-quvvatlash va yanada ommalashtirish sohasida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar chog‘ida UWW rahbari O‘zbekistonda ommaviy sport sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, jumladan, hammabop va zamonaviy infratuzilmani kengaytirish, nufuzli turnir va musobaqalarni muntazam o‘tkazish orqali yoshlarni sport harakatiga keng jalb etish borasidagi ishlarni yuqori baholadi.
O‘zbekistonda yirik qit’a va jahon chempionatlarini tashkil etish, tashkilot shafeligida Mintaqaviy kurash akademiyasini ta’sis etish, sport tibbiyoti, diyetologiyasi, psixologiyasi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda sheriklik masalalari muhokama qilindi.
Prezident bolalar va yoshlar o‘rtasida sport yakkakurashlarini ommalashtirish, iqtidorlarni saralash va tayyorlashning zamonaviy usullarini joriy etish, mahallalardagi to‘garak va zallardan tortib sport mahorati maktablari va ixtisoslashgan majmualargacha bo‘lgan infratuzilmani takomillashtirish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev ommaviy sport va yakkakurash turlarini rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun Nenad Lalovichga «Do‘stlik» ordenini topshirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!