O‘zbekiston Milliy terma jamoasi darvozaboni Abduvohid Ne’matov Urugvayga qarshi o‘tgan o‘rtoqlik bahsidan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Bugun juda kuchli raqibga qarshi maydonga tushdik. Yangi murabbiyning ko‘rsatmalariga amal qilishga harakat qildik. Mag‘lubiyat alamli bo‘ldi, ammo aytish mumkinki, birinchi gol vaziyatida o‘yindan tashqari holat bordek tuyuldi. Ikkinchi golda esa himoyada kichik xatoga yo‘l qo‘ydik. Shundan keyin ham ruhiy tushkunlikka berilmadik va o‘yinga qaytdik, gol urishga muvaffaq bo‘ldik,” — dedi Ne’matov bahs yakunlangach.
Darvozabonning so‘zlariga ko‘ra, u o‘tgan xatolarga emas, faqat kelajakdagi natijalarga e’tibor qaratadi.
“Men avvalgi xatolarimni eslab yurmayman. Ular ortda qoldi. Endi oldinga qarash va keyingi o‘yinlarda yaxshiroq natija ko‘rsatish haqida o‘ylashim kerak,” — dedi u.
Abduvohid shuningdek, terma jamoa darvozasini himoya qilish qanday mas’uliyat talab etishini ham ta’kidladi.
“Utkir aka Yusupovdan keyin bu joyda o‘ynash oson emas. U katta tajribali darvozabon. U tezroq safga qaytsin, deb tilayman. Lekin har bir futbolchi uchun vatan jamoasida o‘ynash katta sharaf. Qaysi pozitsiyada bo‘lishidan qat’i nazar, har bir inson terma jamoa sharafi uchun bor kuchini berishi lozim,” — deya qo‘shimcha qildi Ne’matov.
Darvozabonning samimiy bayonotidan terma jamoa ichidagi jipslik va mas’uliyat hissi yaqqol ko‘rindi. Ne’matovning fikricha, har bir mag‘lubiyat ortida tajriba va rivoj bor, va bugungi bahs ham kelajakdagi muvaffaqiyatlar sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!