15:45 / 19.01.2021
1 064

Universal pasport: barcha ma’lumotlar bitta kartada (video)

Universal pasport: barcha ma’lumotlar bitta kartada (video)
Bugungi kunda ko‘p vazifali ID-kartalar dunyoning aksar mamlakatlarida qo‘llanib kelinmoqda. Xususan, 84 ta davlat elektron tashuvchi qurilma, ya’ni maxsus chipga ega. 105 ta davlat esa chipsiz identifikatsiya kartalaridan foydalanadi.

Xo‘sh, ID-karta o‘zi nima? Hozirgi axborotlashuv asrida u bizga qanday qulayliklarni taqdim etadi? Bu hujjatni qo‘lga kiritish uchun qanday jarayonlarni bosib o‘tishimiz kerak? «O‘zbekiston 24» telekanali shu haqda videosharh taqdim qildi.

ID (identifikatsiya) karta – shaxsning biografik ma’lumotlari, raqamli fotosurati, barmoq izlari (16 yoshga to‘lganida) va elektron raqamli imzo kaliti sertifikatini (16 yoshga to‘lganda) saqlovchi plastik karta ko‘rinishidagi hujjatdir. Jahon tajribasida bu kartadan nafaqat shaxsni va fuqarolikni tasdiqlovchi guvohnoma, balki bank plastik kartasi, haydovchilik guvohnomasi, ochiq kalit, elektron hamyon sifatida ham foydalaniladi.

Davlat rahbarining 2020 yil 22 sentabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida 2021 yil 1 yanvardan boshlab, shaxsni raqamli identifikatsiya qilishning yagona tizimini joriy etish, ya’ni 2011 yilgi namunadagi biometrik pasport o‘rniga O‘zbekiston fuqarosining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlaydigan elektron tashuvchi qurilmaga ega hujjat sifatida ID-kartalarni joriy etishga kirishildi.

Quyida mutaxassislar tavsiyasi asosida ID-kartani qanday olish mumkinligini bosqichma-bosqich tushuntirib o‘tamiz.

ID-karta olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishning ikki usuli mavjud:
  • biometrik pasportingiz bilan qaysi tumanda ro‘yxatda turishingizdan qat’i nazar o‘zingizga qulay, istalgan migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga tashrif buyurish;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron ariza berish.

«Jarayon uchun my.gov.uz saytini tanlagan bo‘lsangiz, avvalo, identifikatsiya tizimi (ID e.gov)dan ro‘yxatdan o‘tish kerak. Keyin bevosita my.gov.uz portaliga kiriladi. Yagona portal orqali ariza berish inson omilini hisobga olgan holda 10-15 daqiqa vaqt talab etadi», – deydi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi bo‘lim boshlig‘i Nig‘matilla Shamsuddinov.

Elektron tarzda murojaat etishning afzalligi shundaki, siz migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga kelib, almashtiriluvchi biometrik pasportingizni taqdim etgunga qadar bo‘lgan jarayonlar, ya’ni biometrik pasportdagi, ota-ona to‘g‘risidagi va ungacha to‘ldirilishi talab qilinuvchi ma’lumotlarni onlayn tarzda jo‘natasiz. Keyin Fuqarolik va migratsiya masalalari bo‘yicha bo‘limga kelish vaqtini o‘zingizga qulay kunga belgilashingiz mumkin.

Hujjatlar rasmiylashtirib bo‘lingach, bazaviy hisoblashning 89% miqdorida, ya’ni hozirgi kun holatiga ko‘ra, 198 ming 470 so‘m miqdorida to‘lov undiriladi.

Avvallari biometrik pasportlar 10 ish kunida rasmiylashtirilar edi. ID-kartalar esa hujjatlar qabul qilib olingach bir ish kuni mobaynida taqdim etiladi. O‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga 15 kun muddatda yashash manzili bo‘yicha rasmiylashtiriladi va ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.

ID-kartalar avvaliga davlat xizmatlari markazida qo‘llanilsa, keyinchalik bosqichma-bosqich avia va temir yo‘l biletlarini olish, barcha davlat xizmatlaridan foydalanish hamda fuqarolarni identifikatsiya qilishda qo‘l keladi.

Ushbu kartaning joriy etilishi aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish ishini sezilarli darajada osonlashtiradi va optimallashtiradi. Shuningdek, xavfsizlik tomoni ham yaxshi ishlangan: barcha ma’lumotlar shifrlangan bo‘ladi.

Respublikamiz aholisining biometrik pasportlari ID-kartaga:
- 2021 yilning 1 yanvaridan 2022 yilning 31 dekabrigacha ixtiyoriy ravishda;
- 2023 yilning 1 yanvaridan 2030 yil 31 dekabrgacha majburiy tartibda o‘tkaziladi.
- 2031 yilning 1 yanvaridan boshlab 2011 yildagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportlari haqiqiy emas deb hisoblanadi.

«Ushbu ID-kartalardan faqat O‘zbekiston hududidagina foydalanish mumkin bo‘lib, respublikamizdan tashqariga chiqayotgan fuqarolar xorijga chiqish biometrik pasportini olishlari kerak», – deydi Mirobod tumani migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i Bobur Beknazarov.

Shu o‘rinda yana bir muhim ma’lumot:
- ID-karta yangi tug‘ilgan bolaga 1 yoshgacha – 2 yil muddatga;
- 1 yoshdan 16 yoshgacha 5 yil muddatga;
- 16 yoshdan esa 10 yil muddatga beriladi.

ID-kartalar bolaning tug‘ilishi FHDYO organi tomonidan qayd etilib, tug‘ilganlik haqida guvohnoma taqdim etilgach ota-onasi, vasiylar ixtiyoriga ko‘ra rasmiylashtirilishi mumkin.

«Ro‘yxatga qo‘yish raqamlashtirish tizimiga o‘tayotganligi sababli 2020 yil 20 maydagi 320-sonli qarorga ko‘ra, 2020 yil 1 sentabrdan pasportga «ro‘yxatga qo‘yish» yoki «ro‘yxatdan chiqarish» shtampini qo‘yish amaliyoti bekor qilindi. ID-kartaga ham bu to‘g‘risidagi ma’lumotlar yozilmayapti, sababi uning chipida barcha ma’lumotlar bo‘ladi», – deydi Bobur Beknazarov.

Yana bir e’tiborli jihati, ID-kartani olish yoki almashtirish yuzasidan o‘z vaqtida murojaat qilmagan, yaroqsiz holga keltirilgan yoki yo‘qotib qo‘ygan taqdirda fuqarolar jarimaga tortilmaydi. Shuningdek, doimiy yashash manzilida ruyxatdan o‘tish o‘zgargan taqdirda kartani almashtirish ham talab etilmaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)