Sunʼiy intellekt qaysi kasblarni yoʻq qiladi? ChatGPT, Gemini va Claude fikrlari turlicha

Shimoli-gʻarbiy universitet iqtisodchilari Mishel In, Xoa Vu va Amerika universiteti vakili Klaudiya Persiko sunʼiy intellektning kelajakdagi mehnat bozoriga taʼsirini oʻrganib chiqishdi. Tadqiqotchilar OpenAI kompaniyasining ChatGPT, Google DeepMindʼning Gemini va Anthropicʼning Claude modellarini sinovdan oʻtkazib, qaysi kasblar avtomatlashtirish xavfi ostida ekanligini aniqlashga harakat qilishdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
The Wall Street Journal nashriga koʻra, sunʼiy intellekt modellari xavf darajasini baholashda bir-biridan keskin farq qiluvchi xulosalarga kelgan. Xususan, Claude buxgalterlar kasbi sunʼiy intellekt tufayli jiddiy xavf ostida deb hisoblasa, Gemini bunga mutlaqo qoʻshilmagan. Shuningdek, reklama menejerlari va bosh direktorlar lavozimlari boʻyicha ham sunʼiy intellekt modellari oʻrtasida kelishmovchiliklar kuzatilgan.
Tadqiqot shuni koʻrsatdiki, ChatGPT va Gemini aksariyat hollarda oʻxshash javoblarni bergan boʻlsa-da, taxminan 25 foiz holatlarda ularning fikrlari qarama-qarshi boʻlgan. Mutaxassislarning fikricha, bu tafovutlar modellarni oʻqitishda foydalanilgan maʼlumotlar bazasining turlicha ekanligi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Iqtisodchilar ish beruvchilar va xodimlarni sunʼiy intellekt tomonidan taqdim etilgan xavf reytinglariga koʻr-koʻrona ishonmaslikka chaqirmoqda. Mishel In taʼkidlaganidek, faqat bitta koʻrsatkichga tayanib ish joyini oʻzgartirish yoki kasb tanlash borasida shoshilinch qarorlar qabul qilish notoʻgʻri yondashuvdir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!