date

Hantavirus nega vahima uyg‘otmoqda: U “ikkinchi COVID”mi?

Hantavirus nega vahima uyg‘otmoqda: U “ikkinchi COVID”mi?

2026 yil may oyi boshlarida MV Hondius kruiz laynerida hantavirus tarqalgani haqidagi xabarlar jahon jamoatchiligi e’tiborini tortdi. Argentinadan Kabo Verde tomon yo‘l olgan kemada virus sabab bir nechta inson halok bo‘lgani ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, laynerdagi 147 nafar yo‘lovchidan uch kishi — 69 yoshli gollandiyalik erkak, uning 70 yoshli turmush o‘rtog‘i hamda 69 yoshli britaniyalik fuqaro vafot etgan. Jami sakkiz kishida kasallik aniqlangan. Kema ekipaji va yo‘lovchilari karantinga olingan.

Ayni vaqtda kema Tenerife oroli porti tomon harakatlanmoqda. Ma’lum qilinishicha, sog‘lom yo‘lovchilar o‘z mamlakatlariga qaytariladi. Shu bilan birga, virus haqidagi xabarlar tarqalishidan avval 40 nafarga yaqin yo‘lovchi kemani tark etgani xavotirlarni yanada kuchaytirgan. Hozirda kamida o‘nta davlat sog‘liqni saqlash idoralari ularning ahvolini nazorat qilmoqda.

8 may kuni Isroilda ham hantavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. Oradan bir kun o‘tib, yana bir kruiz kemasida 110 nafardan ortiq inson kasallangani haqida xabarlar tarqaldi.

Xo‘sh, hantavirus o‘zi qanday virus?

Mutaxassislar ta’kidlashicha, hantaviruslarning 20 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ular asosan og‘ir respirator kasalliklarni keltirib chiqaradi. Virusning asosiy tashuvchilari — kemiruvchilar. Insonlarga esa kasallik asosan viruslangan hayvon ajralmalari orqali yuqadi.

Hantavirus o‘pka va buyrak faoliyatiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Kasallik odatda isitma, bosh og‘rig‘i, mushaklarda og‘riq, ko‘ngil aynishi va kuchli charchoq bilan kechadi. Mutaxassislar virusga gumon qilinganda dastlabki simptomlardan 72 soat o‘tgach qayta tahlil topshirishni tavsiya qilmoqda. Ayni paytda virusga qarshi maxsus dori mavjud emas, bemorlarga esa qo‘llab-quvvatlovchi muolajalar qo‘llanadi.

MV Hondius laynerida vafot etgan birinchi yo‘lovchi ham virusni kemiruvchilar orqali yuqtirgani aytilmoqda. Erkak Janubiy Amerikada hantavirus tashuvchi kemiruvchilar yashaydigan hududlarda sayohat qilgan.

Mutaxassislar Lotin Amerikasida uchraydigan Andes shtammi insondan insonga yuqishi mumkin bo‘lgan yagona hantavirus turi ekanini ta’kidlamoqda. Biroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu holat juda kam uchrashi va uzoq muloqot talab qilishini bildirgan.

JSST hantavirus bilan bog‘liq vaziyatni “ikkinchi COVID” sifatida baholash noto‘g‘ri ekanini ham ma’lum qildi.

“Hantaviruslar bizga anchadan buyon ma’lum. Biz uning xususiyatlarini yaxshi tushunamiz. U koronavirus kabi tez tarqalmaydi”, dedi JSSTning epidemiyalar va pandemiyalarning oldini olish bo‘yicha direktori vazifasini bajaruvchi Maria Van Kerkhove.

Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda vahima kuchaymoqda. Ayrim foydalanuvchilar 2012 va 2022 yillarda Twitter'da hantavirus haqida qilingan “bashoratlar”ni yana tarqatmoqda. Xususan, 2012 yilda mikrobiolog Jason Tetro pandemiya yaratish uchun hantavirusni odamdan odamga yuqadigan qilish haqidagi gapni eshitganini yozgan post yana ommalashdi.

Bundan tashqari, 2022 yilda @iamasoothsayer nomi bilan tanilgan akkaunt ham 2026 yilda hantavirus pandemiyasi boshlanishini “bashorat” qilgani uchun muhokamalar markaziga aylandi.

Ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa 2020 yil pandemiyasi davridagi mashhur trendlar — Dalgona qahvasi va TikTok raqslarini eslab, “yangi pandemiya” haqida hazilomuz videolar joylashtirishni boshladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Hantavirus nega vahima uyg‘otmoqda: U “ikkinchi COVID”mi?