Amazon AQShda 30 daqiqalik yetkazib berish xizmatini ishga tushirdi

Amazon kompaniyasi o‘zining yetkazib berish tezligini yangi bosqichga olib chiqdi. Seshanba kuni onlayn-riteyler AQShning o‘nlab shaharlarida “Amazon Now” deb nomlangan 30 daqiqalik yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yganini e’lon qildi. Ushbu xizmat orqali mijozlar minglab turdagi mahsulotlarni, jumladan, yangi oziq-ovqatlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqa kundalik ehtiyoj vositalarini juda qisqa vaqt ichida qo‘lga kiritishlari mumkin. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Dastlabki bosqichda xizmat Atlanta, Dallas-Fort-Uert, Filadelfiya va Sietl shaharlarida ishga tushirildi. Yil oxiriga qadar Amazon ushbu qulaylikni Ostin, Denver, Xyuston, Minneapolis, Orlando, Oklahoma-Siti va Feniks kabi shaharlarga ham kengaytirishni rejalashtirmoqda. Amazon ilovasi va veb-saytida “30-minute delivery” belgisi bilan belgilangan mahsulotlar ushbu tezkor yetkazib berish uchun mos hisoblanadi.
Amazon ushbu xizmatni amalga oshirish uchun mijozlar yashaydigan va ishlaydigan hududlarga yaqin joylashgan kichikroq omborxonalar tarmog‘idan foydalanadi. Bu yondashuv DoorDash, Uber Eats va Instacart kabi raqobatchilarga nisbatan logistika samaradorligini oshiradi. Prime a’zolari uchun yetkazib berish to‘lovi 3,99 dollarni tashkil etsa, Prime a’zosi bo‘lmaganlar uchun bu narx 13,99 dollarni tashkil qiladi.
Amazon Worldwide Operations katta vitse-prezidenti Udit Madanning ta’kidlashicha, Amazon Now mijozlarga oziq-ovqatdan tortib AirPods kabi elektronika vositalarigacha bo‘lgan mahsulotlarni 30 daqiqadan kam vaqt ichida olish imkonini beradi. Kompaniya shuningdek, Prime Air loyihasi doirasida dronlar yordamida 60 daqiqadan kamroq vaqt ichida yetkazib berish bo‘yicha tajribalar o‘tkazishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!